Psoriaz — tasnifi, bosqichlari, sabablari, alomatlari, davolash, oldini olish

Psoriaz, tangachali lishay (Psoriasis – lot. psora – qichishish) — surunkali noinfektsion kasallik, asosan terini shikastlaydigan dermatoz. Hozirgi paytda kasallikning autoimmun tabiatli ekanligi ilgari surilmoqda. Odatda psoriaz qizil, o’ta quruq, teridan biroz ko’tarilib turadigan dog’lar shakllanishi bilan namoyon bo’ladi, bunday dog’lar papula deb ataladi va ular o’zaro birlashib, blyashkalar hosil qiladi. Bu papulalar o’z tabiatiga ko’ra teri keratinotsitlari, limfotsitlar, makrofaglarning ortiqcha profileratsiyasi va surunkali yallig’lanish, shuningdek, ortiqcha angiogenez (yangi kichik kapillyarlar paydo bo’lishi) sohasi sanaladi.
Psoriaz kasalligi haqida to'liq ma'lumot

Psoriaz

Odatda bu kasallik teri sirting ustida ko’tarilgan quruq qizil dog’lar paydo bo’lishiga olib keladi, ammo psoriaz bilan kasallangan ayrim bemorlarda ko’rinarli teri shikastlanishlari bo’lmaydi. Psoriatik blyashkalar deb ataladigan bu dog’lar birinchi navbatda bosim va ishqalanishga uchraydigan joylarda — dumba, tizza va tirsakning yuzasi va tirsak burmalari yuzasida shakllanadi.

Biroq ular terining boshqa joylarida, shu jumladan qo’llarning kafti yuzasi, boshning sochli qismi, tashqi jinsiy a’zolar va oyoqlarning kaft yuzasi kabi joylarda paydo bo’lishi mumkin. Psoriaz surunkali kasallik bo’lib, qoida tariqasida to’lqinli kechishi bilan ifodalanadi. Bemorda ham yaxshilanish va remissiya davrlari (davo chorlari tufayli yoki kutilmaganda), ham xuruj va retsidivlar (ko’pincha noxush tashqi omillar — stresslar, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish tufayli yuzaga keladi) bo’lishi mumkin.

Kasallikning og’irligi turli bemorlarda, hatto bitta bemorda xuruj va remissiya davrida keng chegaralarda farq qilishi mumkin — mahalliy kichik shikastlanishlardan tortib butun tanani psoriatik blyashkalar bilan qoplanishigacha. Ko’pincha, vaqt o’tishi bilan kasallikning progressiyasi kuzatiladi (ayniqsa, davolanish yo’qligida), kasallik terining yangi sohalarini qamrab oladi, o’tkirlashishlar tez-tez bo’ladi va avvalgisiga nisbatan og’irroq kechadi. Alohida bemorlarda kutilmagan remissiyalarsiz kasallik uzluksiz davom etishi mumkin.

Bundan tashqari, ko’pincha qo’llar yoki oyoqlardagi tirnoqlar shikastlanishi mumkin. Tirnoqlarning shikastlanishi teri shikastlanishlari bo’lmaganda sodir bo’lishi va izolyatsiyalanishi mumkin.

Epidemiologiyasi

Kasallik jinsga bog’liq emas. Psoriazdan umumiy aholi sonining 2-4 foizi aziyat chekadi. Kasallik har qanday yoshda boshlanishi mumkin, lekin ko’pincha blyashkalar 15-25 yosh oralig’ida paydo bo’ladi. Har uchinchi kasal o’zida psoriaz alomatlarini 20 yoshga yetmay aniqlaydi.

Klinik tasnifi

Psoriaz surunkali retsidivlanadigan kasallik hisoblanadi. Psoriazning barcha shakllari keng tasniflanganda pustulyoz va nopustulyoz turlarga ajratiladi:

  • Nopustulyoz psoriaz:
    • Oddiy yoki vulgar, oddiy psoriaz (surunkali barqaror psoriaz, blyashkali psoriaz);
    • Psoriatik eritrodermiya (Eritrodermik psoriaz);
  • Pustulyoz psoriaz:
    • Yalpi pustulyoz psoriaz;
    • Palmoplantar psoriaz (surunkali persistlovchi palmoplantar pustulyoz, oyoq-qo’llar pustulyoz psoriazi);
    • Annulyar pustulyoz psoriaz yoki annulyar pustulyoz;
    • Surunkali persistlovchi akrodermatit (qo’l-oyoq kafti psoriazi);
    • Gerpessimon psoriatik impetigo.

Bir qator mualliflar tomonidan ajaratiladigan psoriazning qo’shimcha shakllari yoki turlari quyidagilar:

  • Dorilar chaqirgan psoriaz;
  • Yoziluvchi sirtlar va teri qatlamlari psoriazi yoki «teskari psoriaz»;
  • Napkin psoriazi;
  • Seboreyasimon psoriaz.

Psoriaz bosqichlari

Psoriazning klinik tasviri va kechishining muhim elementlaridan biri uning bosqichlarga bo’linishi hisoblanadi. Bu o’tkir kasalliklar uchun kamroq ahamiyatga ega bo’lsada, surunkali patologiya holida hozirgi bosqichini aniq ajratish o’ta zarur sanaladi. Chunki bu tarzda kasallikning holatini baholash, muayyan davolash uslubiga nisbatan sezgirligini aniqlash va psoriaz bilan kasallangan bemorlarni davolash taktikasini tanlash juda osondir.

Terining psoriatik shikastlanishi quyidagicha bosqichlarga bo’linadi:

  1. Boshlang’ich bosqich;
  2. Progressiv bosqich;
  3. Statsionar bosqich;
  4. Regressiv bosqich.

Psoriazning boshlang’ich bosqichi

Psoriaz kasalligi statsionar bosqich

Ushbu bosqichda kasallik endi o’zini namoyon qila boshlayotgan bo’ladi, terida ignaning uchidek keladigan kichik toshmalar shakllanishni boshlaydi, kasallik rivojlanishi bilan ular kattalashadi. Ko’pincha dastlabki papulalar qo’l va oyoqlarning bukiluvchi sohalarida, shuningdek, avval hosil bo’lgan chandiqlar o’rnida paydo bo’ladi.

Bunday joylarda birinchi marta paydo o’lgan papulalar uchun kattalashish tomonga progressiyaning yo’qligi xarakterlidir. Papulalar pushti rangga ega bo’lib, paydo bo’lganidan bir necha kun o’tgach, ular kulrang qipiqli qobiq bilan qoplanadi, bu jarayon epiteliy nobud bo’layotganligi va yangisi bilan qoplanishini ko’rsatadi. Agar teri shikastlanmagan bo’lsa, bu jarayon taxminan uch hafta davom etadi, lekin psoriyazli odamlarda bu 5-6 kundan ortiq davom etmaydi, buning natijasida epiteliy yangilanishga ulgurmaydi va qipiqli blyashklar shaklida o’zini namoyon qiladi.

Psoriazning progressiv bosqichi

Psoriaz kasalligining progressiv bosqichi
Bu kasallikning navbatdagi xuruji boshlanishidan dalolat beradi. Chunki psoriaz to’lqinsimon rivojlanishi bilan tavsiflanadi. Jarayonning progressiyasini klinik jihatdan quyidagi belgilarga asoslanib aniqlash mumkin:

  • Oyoq-qo’llar yoki tananing yoziluvchi sirti terisi kabi tipik joylarda psoriaz uchun xarakterli bo’lgan yangi papulalarning paydo bo’lishi;
  • Papulyoz elementlarning o’zaro birlashib, qizargan teri fonida oqimtir rangli o’ziga xos konglomeratlar (blyashkalar) shakllanishi;
  • Yangi paydo bo’lgan psoriatik elementlarning yuzasida kichik tangachalar shaklidagi xilma-xil qipiqlarning shakllanishi;
  • Qipiqlanayotgan blyashkalarning chekkalari kichik giperemiyalangan chambar shaklidagi tangachalardan holiligi. Ushbu alomatlar psoriaz progressiyasining asosiy dalillaridan biridir. Chunki qizarish davom etayotgan yallig’lanish belgilaridan biridir. Bunda tangachalar yangi yallig’langan sohalarni qoplashga ulgurmaydi;
  • Kyobner fenomeni. Bu psoriaz kasalligi bilan og’rigan bemorlarda terining blyashkalardan holi sohasining o’ziga xosligi bo’lib, bunda uning har qanday jarohatlari bitishdan qolgan oddiy chandiqlanish bilan emas, odatiy psoriatik blyashkalarga aylanishi bilan namoyon bo’ladi.

Psoriazning statsionar bosqichi

Psoriazning statsionar bosqichi
Bu terining yallig’lanishli o’zgarishlari kamayganligi ko’rsatkichidir. Ushbu ma’lumotlar olib borligan davolash samaradorligini va uni kamroq agressiv usullarga o’zgartirish zarurligini ko’rsatadi. Psoriazning statsionar bosqichi klinik xususiyatlari:

  • Yangi qizil papulalar paydo bo’lishining to’xtashi;
  • Hozirda mavjud bo’lgan blyashkalar hajmi o’sishining to’xtashi;
  • Tangachalar butun psoriatik teri blyashkalarini qoplashni boshlashi;
  • Qipiqlanuvchi elementlar atrofida qizarishli chambar bo’lmasligi;
  • Kyobner fenomeni kuzatilmasligi.

Psoriazning regressiv bosqichi

Psoriazning regressiv bosqichi
Bu bosqich psoriaz kasalligini davolovchi shifokor uchun ham, bemorlar uchun ham eng ma’qulidir. Bu bosqich kasallikning xuruji deyarli bartaraf qilinganini anglatadi va yaqin kelajak uchun asosiy vazifa keyingi o’tkirlashishlarni oldini olish bo’ladi. Psoriazning regressiv bosqichi belgilari:

  • Voronov psevdoatrofik chambari. Bu psoriatik blyashkalar atrofida yengil kichkina burmalar va terining radial chiziqlari bilan namoyon bo’ladi;
  • Qipiqlanishning tobora qisqarishi, to’liq yo’qolgunga qadar;
  • Blyashkalar o’rnida oqimtir gipopigmentiv yoki to’qroq giperpigmentiv dog’larning shakllanishi.

Psoriazni bosqichlanishi asosida yallig’lanish jarayonining faolligi yotadi. Klinik ko’rinishlarning qonuniyati shundaki, terining qizarishi qanchalik sezilarli bo’lsa, u shunchalik faolroq bo’ladi.

Psoriaz alomatlari

Psoriazaning klassik alomatlariga qizil rangga ega bo’lgan va kumush rangli qipiqlanadigan po’st bilan qoplangan terining bo’rtgan sohalari mavjudligi kiradi. Odatda ular tirsaklar va tizzalarda hosil bo’ladi. Psoriazning bir nechta turi mavjud. Ularning alomatlari turli kombinatsiyalarda bo’lishi mumkin va ular intensivlik bo’yicha farqlarga ega. Psoriazning eng ko’p uchraydigan belgilari:

  1. Yorqin-qizil psoriatik blyashkalar, ko’pincha kumush rangli qipiqlanadigan qobiq bilan qoplangan. Ular hamma joyda paydo bo’lishi mumkin, lekin, qoida tariqasida, ular joylashadigan joylar tirsak, oyoq panjasi, belning pastki qismi, tizza, qo’l bilaklaridir. Psoriazli odamlarning taxminan 90 foizi shu kabi alomatga ega.
  2. Qipiqlangan teri to’liq tushgan yoki uzilgan sohalarda kichkina o’lchamdagi qon ketish joylari.
  3. Tirnoq holatining buzilishi, ayniqsa, kasallikning og’ir shakllari bo’lganida juda ko’p uchraydigan alomatdir. Tirnoqlarda kichik chuqurchalar paydo bo’ladi, tirnoqning uchi tirnoq o’rnidan ajraladi, oyoqlardagi yoki ba’zi hollarda qo’llardagi tirnoqlar sarg’ish rangsizlanadi.
  4. Qichish, ayniqsa kasallikning o’z-o’zidan chaqnashida yoki blyashka dumba yoki ko’krak osti kabi joylarda joylashganida.

Shuningdek psoriaz alomatlari quyidagilarni o’z ichiga oladi:

  • Tananing har ikki tomonidan joylashgan bir-biriga o’xshash blyashkalar mavjudligi.
  • Tomchini eslatadigan ko’plab blyashkalar paydo bo’lishi bilan namoyon bo’ladigan kasallikning chaqnashlari.
  • Bo’g’imlardagi og’riq, yuqori sezuvchanlik, shish.
    Psoriaz kasalligi alomatlari

Ushbu kasallikning kechishi bir necha bosqichlarga bo’linadi. Birinchi bosqich xuruj bilan boshlanadi, bunda yangi toshmalar sonining doimiy o’sib borishi qayd qilinadi. Ikkinchi bosqichda (statsionar boshiqch) toshmalarning tasviri saqlanib turadi, ular kamaymaydi ham, ko’paymadi ham.

Regressiya uchinchi bosqich bo’lib, toshmalarning yo’qligi bilan tavsiflanadi. Psoriaz bilan og’rigan odam, nafaqat tashqi ko’rinishlardan — qizil papula va to’kiladigan teri qipiqlanishidan aziyat chekadi, balki muntazam ravishda paydo bo’ladigan qichishish tufayli noqulaylikka duch kelishadi.

Psoriazda organizmning umumiy holati o’zgarishsiz qoladi, kasallik odatiy turmush tarziga ta’sir o’tkazmaydi, bemorning muayyan sharoitlarda bo’lishini talab qilmaydi. Ammo kasallik estetik jihatdan jozibali bo’lmagan teri kasalligidir va uning rivojlanishi jarayoni nazorat qilinmasa, u bir qator cheklovlar va noqulayliklar tug’diradi, masalan yengi kalta ko’ylak kiyib yoki quyoshda toblanib bo’lmaydi.

Bundan tashqari, qichishning kuchayishi xavfi ham mavjud, qashilash natijasida qiyin bitadigan yaralar paydo bo’ladi. To’g’ri e’tibor qilinmasa, psoriaz bo’g’imlarga tarqalishi mumkin, bu esa psoriatik artritga olib keladi, unda suyaklarning bo’g’imli qismi og’riydi va shishadi.

Psoriaz sabablari

Psoriaz qo’l berib ko’rishish yoki uy-ro’zg’or va shaxsiy gigiena buyumlari bilan yuqmaydi. Kasallik 18 — 25 yosh oralig’ida paydo bo’ladi. Teridagi katta dog’lar bilan namoyon bo’lib, ular inson tanasining har qayerida joylashishi mumkin.

Stress — bu kasallikning o’tkirlashishi, rivojlanishi yoki paydo bo’lishining juda keng tarqalgan sababchisidir. Psoriazani turli darajadagi emotsional shoklar keltirib chiqarishi mumkin. Bugungi kunda psoriazning ishonchli sabablari fanga noma’lum.

Psoriaz paydo bo’lishiga olib kelishi mumkin bo’lgan sabablar orasida endokrin tizim buzilishlari, immunitetning o’zgarishi, kuchli shoklar va irsiy moyillik mavjud.

Aniq aytish mumkin bo’lgan yagona narsa — psoriatik toshmalarning paydo bo’lishi mexanizmi. U immunitet disbalansiga asoslangan. Bu immunitet tizimining normal faoliyatidagi buzilishni ifodalab, bunda organizmning antitanalari o’z to’qimalariga nisbatan agressiya namoyon qilishni boshlaydi. Va teri sog’likning umumiy ahvolini aks ettirgan ko’zgulardan biri bo’lganligi sababli, ko’pincha aynan teri har qanday autoimmun kasalliklarda shikastlanadi.

Organizmda bunday kuchli immunitet disbalansining paydo bo’lishi quyidagi omillar tufayli bo’lishi mumkin:

  • Irsiy moyillik;
  • Jiddiy stress yoki doimiy asabiy-ruhiy zo’riqish;
  • Endokrin tizim kasalliklari;
  • Vitaminlar, mikroelementlar va modda almashinuvining buzilishi. Ayniqsa bu borada tanada kremniy yetishmovchiligida to’xtalib o’tish kerak;
  • Ichak parazitlari;
  • Virusli infektsiyalar.

Parazitar kasalliklar

Ko’pgina tadqiqotlar ichakda yashaydigan va ko’payadigan parazitlar bilan zararlanganlik va psoriaz rivojlanishi tez-tezligi o’rtasida to’g’ridan-to’g’ri bog’liqlik mavjudligini ko’rsatdi. Psoriaz bilan og’rigan bemorlar orasida parazitar infektsiyalar tashuvchilari miqdori sog’lom odamlarga nisbatan ancha yuqori ekanligi aniqlandi.

Ushbu qo’zg’atuvchilar orasida askaridalar, lyambliya, vlagoslav, qoramol va cho’chqa tasmasi alohida o’rin tutadi. Kasallik rivojlanishida ularning roli —  ichaklarda uzoq muddat mavjudligida ularning hayotiy faoliyati natijasida ajralib chiqqan toksik mahsulotlar doimiy ravishda qonga chiqarilishi bilan izohlanadi. Toksik moddalar yuqori allergen xususiyatga egaligi immunitet disbalansiga olib keladi. Natijada esa psoriaz yuzaga keladi.

Organizmda kremniy yetishmasligi

Ushbu kasallikning sabablari orasida yana bir muhim nuqta — organizmdagi kremniy yetishmasligi hisoblanadi. Ushbu qonuniyat psoriazi bo’lgan bemorlar qonining spektral tahlillari asosida tuzilgan.

Bu mikroelement organizmda, ayniqsa teri, tomirlar va biriktiruvchi to’qimalar tuzilishida juda muhim rol o’ynashi aniqlandi. Uning yetishmasligi tuproqning qashshoqligi va ichakda so’rilishi buzilishi tufayli yuzaga kelishi mumkin. Shunda ham, asosiy rol ichak parazatilariga tegishli, chunki ovqat bilan tushadigan kremniyning deyarli barchasi parazitlarning o’sishiga ketadi.

Psoriazni tashxislash

Gemoskanerlash

Psoriaz tashxisini qo’yishda yangi yo’nalishi, deyarli hamma joyda keng reklama qilinadigan qonni gemoskanerlashdir. Turli manbalar turlicha ziddiyatli ma’lumotlarni keltirmoqda.

Gemoskanerlash usulining mohiyati qonni vizual baholashdir. Ushbu muolajani o’tkazish uchun kattalashtirish darajasi yuqori bo’lgan maxsus elektron mikroskop va tekshirilayotgan bemorning bir tomchi yangi qoni talab qilinadi. Shu bilan birga, baholash shu zahotiyoq amalga oshiriladi, chunki qon mikroskop ostiga joylashtirilgach, olingan tasvir monitor ekranida ko’rsatiladi. Shu tariqa shaklli elementlar va plazmaning tuzilishi va o’zaro munosabatlarini ko’rish, psoriaz kasalligi uchun xos bo’lgan o’zgarish belgilari aniqlanish mumkin. Bemor ushbu tahlilda qatnashib, shifokorining fikrlarini tinglashi mumkin. Ushbu tashxislash usuli noan’anaviy tibbiyot diagnostik usullariga oid.

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarga ko’ra, bu usul deyarli barcha kasalliklarni tashxislashning ideal usulidir. Axir, qisqa vaqt ichida ko’plab keraksiz tahlil topshirishlar va tekshiruvlarsiz sog’lig’ingiz haqida batafsil ma’lumotga ega bo’lish mumkin. Aynan shu narsa uning ishonchliligiga shubha solishga undaydi. Bu usul ko’plab firibgarlar tomonidan foydalaniladi, u orqali ular o’zlarining dorilar va bilogik faol qo’shimchalarini sotishga urinishadi. Ammo shuni unutmasligimiz kerakki, bu usul haqiqatda ancha yaxshi ilmiy asosga ega va ko’plab kasalliklarga xos bo’lgan qonning sifat o’zgarishini oldindan aniqlashga yordam beradi. Psoriaz ham shular qatorida.

Biroq, gemoskanerlash yagona usul sifatida ishlatilishiga yo’l qo’yilmaydi. U albatta an’anaviy tibbiyot diagnostik usullari bilan to’ldirilishi kerak.

Psoriazning klassik tashxislash usullari

Psorial dermatolog yoki terapevt tomonidan tashqi belgilarga asoslanib tashxislanadi. Kasallik tanadagi o’choqlarning xarakterli joylashuviga ko’ra oson aniqlanadi. Odatda klinik ko’rikning o’zi yetarli, tashxis qo’yishda xatolik bo’lmaydi, chunki bemorda faqat psoriaz uchun xos bo’lgan teri o’zgarishlari mavjud bo’ladi. Agar kasallik tasviri aniq bo’lmasa, ayniqsa yosh bolalarda ko’proq kuzatiladi, unda qo’shimcha tadqiqotlar kerak bo’ladi, aniqroq aytganda — teri biopsiyasi.

Bunday holda, kichik teri bo’lagi olinadi va patomorfolog teri namunasini o’rganib, xulosa chiqaradi. Psoriazda qon tahlili topshirilmaydi, chunki qon o’zining fizik xususiyatlarini saqlab qoladi. Istisno — tananing butun yuzasiga tarqaladigan, organizm suvsizlanishiga va qondagi suv-tuz balansining buzilishiga olib keladigan og’ir psoriaz kasalligi.

Agar bemorning bo’g’imlari og’riyotgan yoki shishgan bo’lsa, unga psoriatik artrit uchun ko’rikdan o’tish belgilanadi. Suyak tizimining kasalliklari bo’yicha har qanday mutaxassis, rentgenografiya va qon tahlili topshirishdan so’ng, to’g’ri davolanish tartibini belgilab beradi, buni iloji boricha o’z vaqtida amalga oshirish kerak.

Psoriaz yuqimlimi?

Psoriazani kasal odamlardan sog’lom odamlarga yuqishi masalasi o’z ahamiyatini yo’qotmagan. Buning sababi, pasoriazning tarqalgan shakllari bo’lgan bemorlar omma orasida juda ajralib ko’rinadi. Hamma bu kasallikning mutlaqo individual ekanligini va boshqalarga zarar keltirmasligini tushunmaydi. Bu turli xil savollarni tug’diradi:

  • Psoriaz aloqa orqali yuqadimi? Ko’pgina tadqiqotlar natijasida psoriaz har qanday holatda bevosita aloqa orqali boshqa kishiga yuqmasligi aniqladi.
  • Psoriaz jinsiy yo’l bilan yuqishi mumkin? Psoriazali bemorlar bilan jinsiy aloqa qilish mutlaqo xavfsizdir, chunki bu kasallik xasta organizmining o’ziga xos xususiyatidir.
  • Homiladorlik davrida psoriaz bolaga o’tadimi? Homiladorlik va tug’ruq kasallikning onadan bolaga yuqishi bilan bevosita bog’liq emas.
  • Psoriaz nasldan-naslga o’tadimi? Irsiy moyillik psoriaz rivojlanishining sabablaridan biridir. Biron kasallangan bemor boshqa kishiga qanchalik yaqin qarindosh bo’lsa, sog’lom kishida psoriaz rivojlanishi xavfi shunchalik yuqori bo’ladi.

Psoriazni qanday davolash mumkin?

Kasallikni davolashni malakali shifokor olib borishi va har bir bemor uchun individual ravishda amalga oshirish kerak. Davolash bemorning yoshiga, umumiy sog’lig’iga, kasbiga (professional omillarning ta’siri), bemorning jinsi va shaxsiy xususiyatlariga bog’liq. Kasallikning kechishi tabiati, uning bosqichi aniqlanadi, provokatsion omillar (spirtli ichimlik iste’moli, dorini ko’tara olmaslik, allergik kasalliklar) bartaraf qilinadi.

Bemorning umumiy holatiga (ruhiy va jismoniy) e’tibor qaratiladi. Atrof muhitni normallashtirish, dam olish, qisqa muddat kasalxonaga yotqizish yoki ish sharoitidagi o’zgarish kasallik kechishini o’zgartirishi mumkin. Psoriaz belgilari aniqlansa, tezda tibbiy yordamga murojaat qiling. Aynan shifokor har xil dorilar va boshqa terapevtik ta’sir usullarini belgilaydi.

Tizimli davolash

Tizimli davolash kasallikning og’ir kechishida yoki mahalliy davo choralari naf bermaganida ko’rsatiladi.

  • Monoklonal antitanalar: infleksimab;
  • Sitostatiklar: metotreksat, ftoruratsil;
  • Glyukokorikoidlar: metilprednizolon, deksametazon;
  • Antigistamin vositalar: loratadin, erius;
  • Gepatoprotektorlar: karsil, fosfogliv, gepadif;
  • Enterosorbentlar: enterosgel, atoksil.

Mahalliy davolash

Psoriazning barcha holatlarida ko’rsatiladi (mustaqil yoki qo’shimcha ravishda).

  • Namlantiruvchi mazlar, kremlar va keratolitiklar (salitsilli malham, ixtiolka);
  • Mahalliy glyukokortikoidlar: (triderm, sinaflan, prednizolon, ftorokort malhamalari;
  • O’simlik vositalari: psoriaten, kolxaminli malham;
  • Malham shaklidagi sitostatiklar: ftoruratsil, metotreksat;

Instrumental davolash usullari

Individual tarzda buyuriladi.

  • Yallig’langan sirtni ultrabinafshali nurlantirish (UBN);
  • Lazeroterapiya;
  • Fotoximioterapiya;
  • Selektiv fototerapiya;
  • Qonni ekstrakorporal tozalash ususllari (plazmaferez, gemodializ).

Psoriazda zarur bo’lgan mineral va vitaminlar

Psoriazda kremniy. So’nggi yillarda psoriaz rivojlanishi mexnaizmini boshlaydigan sabablardan biri sifatida kremniy tanqisligi tobora ko’proq muhokama qilinmoqda. Shuning uchun bu kasallik rivojlanishining har qanday bosqichida davo kompleksiga kremniyga asoslangan preparatlarni kiritish tavsiya etiladi. Bir tomondan, kremniy ichakda so’rilgach, shikastlangan teri tomon harakatlanadi va uning tuzilishini yaxshilaydi, boshqa tomondan u sorbent sifatida xizmat qiladi va tizimli qon aylanishidan barcha antigen komplekslarni o’ziga shimib olib, ularni axlat massalari bilan birga chiqarib yuboradi.

Psoriazda vitamin D. Psoriazga qarshi muvaffaqiyatli kurash uchun muhim element kaltsiy bo’ladi. Lekin u vitamni D siz deyarli so’rilmaydi. Shuning uchun bu vitamin asosidagi dorilar, albatta, davolash jarayoniga kiritiladi. Ularni kasallikning faol bosqichi statsionar yoki remissiya bosqichiga o’tganda qabul qilish eng maqbul hisoblanadi. Kaltsiy va D vitaminining roli shundaki, ular hujayra membranasini barqarorlashtiradi va qonga yallig’lanish mediatorlari chiqarilishini kamaytiradi. Bunday dorilarni qapul qilishdan oldin ular bilan yaqinroq tanishib chiqish kerak, chunki ko’pincha preparatlar har ikki komponenti o’z ichiga olgan bo’ladi.

Psoriazda baliq yog’i. Har qanday yallig’lanish muhitning nordnonlashishi va epitelial hujayralarning nobud bo’lishi bilan kechadi. Ularni yaxshiroq tiklanishi va immun tizimini muvozanatga keltirish uchun antioksidantlar kerak. Baliq yog’i tarkbidagi omega-3 kislotalari eng kuchli antioksidantlardan biri hisoblanadi. Shuning uchun psoriazni davolashga qaratilgan kompleks muolajalarga baliq yog’ini ham kiritish maqsadga muvofiqdir.

Psoriazda letsitin. Psoriatik yallig’lanish natijasida ko’p miqdorda epitelial hujayralarning o’limi sodir bo’ladi. Ularni tezda tiklanishi uchun organizmdagi barcha to’qimalarining fundamental qurilish materiali bo’lib xizmat qiladigan fosfolipidlar kerak. Bunday birikmalarning eng kuchli manbalaridan biri letsitindir. Letsitin asosidagi preparatlarni kiritib, yallig’lanishni to’xtatish va teri qoplamini tiklanishiga tezroq erishish mumkin.

Psoriazni oldini olish

Avvalo bir narsani bilish kerak — agar sizda psoriaz alomatlari mavjud bo’lsa, mustaqil davolanish ancha xavfli sanaladi, bu bilan kasallikni yanada og’irlashtirib yuborish mumkin. Ikkinchidan, teri holatini doimo kuzatib borish zarur, qichiydigan joylarni qashish, spirtli ichimliklar iste’mol qilishdan tiyilishga harakat qiling.

Bemorning taomnomasi muvozanatli bo’lishi kerak, ratsiondan rafinirlangan mahsulotlar, achchiq ovqatlar va shirinliklarni chiqarish kerak. Shamollashlardan saqlanish kerak, chunki zaiflashgan immunitet kasallik kechishiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Taassufki, psoriazni davolash uchun hech qanday universal vosita yo’q, tavsiya etiladigan malham, krem, tabletkalarni faqatgina shifokor ko’rsatmasiga binoan olish kerak, lekin, qoida tariqasida, ularning tanlovi cheklangan.

Tez yordam sifatida qichishish va qizarishni bartaraf qilish uchun kortikosteroidlar saqlagan malhamlarni qo’llash mumkin, ular yuzaki ta’sirga ega. Lekin tarkibiga smola va salitsil kislota kiruvchi malhamlar yallig’lanishga qarshi, so’riltiruvchi, qipiqlantiruvchi xususiyatga ega. D vitamini asosidagi vositalar ajoyib xislatlari bilan ajralib turadi, ularning ta’siri hujayra bo’linishi jarayonini sekinlashtirishga qaratilgan, hatto uni to’xtatishga ham.

Psoriaz kasalligini davolash har bir bemorda individual tarzda amalga oshiriladi. Shifokor oldida ma’lum bir bemorga to’g’ri keladigan samarali davolash usullarini tanlash kabi qiyin vazifa turadi. Psoriaz bilan kasallangan bemorlarga bitta shifokor nazoratida bo’lish tavsiya etiladi, shunda shifokor davolashning turli mavjud usullarini tanlashi mumkin bo’ladi. Bir narsani tushunish va yodda tutish kerak, psoriazni davolab bo’lmaydi, lekin kasallikning kechishini nazorat qilish mumkin.

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.