Kandidoz (molochnitsa) — zamburug’li infektsiya turlaridan biri, Candida avlodiga mansub mikroskopik achitqisimon zamburug’lar (birinchi o’rinda — Candida albicans) tomonidan chaqiriladi. Ushbu avlodning barcha vakillari shartli-patogen hisoblanadi.
Kandida avlodi mikroorganizmlari ko’pchilik sog’lom kishilarning og’iz, qin va yo’g’on ichak normal mikroflorasi qismi hisoblanadi. Kandidoz kasalligi nafaqat Candida avlodi zamburug’lari mavjudligi bilan, balki ularning ko’p miqdorda ko’payishi va/yoki zamburug’ning ko’proq patogen shtammlarining tushishi bilan bog’liq. Ko’pincha kandidoz umumiy va mahalliy immunitetning pasayishi bilan boshlanadi.
Etologiyasi
Candida avlodi achitqisimon zamburug’lari takomillashmagan zamburug’lar — deyteromitsetalarga mansub. Bemorlar orasida eng ko’p tarqalgan turlari — Candida albicans va Candida tropicalis.
Candida albicans tur achitqisimon zamburug’i — oval yoki dumaloq shakldagi bir hujayrali mikroorganizmlardir. Ular psevdomitseliy (uzunlashgan hujayralardan tashkil topgan iplar), blastosporlar va ayrim xlamidosporalar — ikki qavatli membranali sporalar hosil qiladi. Candida avlodi zamburug’larini chin achitqilardan ajratib turadigan asosiy xususiyatlari quyidagilardir:
- Psevdomitseliyning mavjudligi;
- Askosporalarning yo’qligi;
- Xarakterli madaniy xususiyatlar.
Epidemiologiya
Ko’pchilik odamlar Candida zamburug’lariga hayotning birinchi yilida duch kelishadi, ba’zi manbalarga ko’ra esa bachadon ichidayoq. Homilaning infektsiyalanishi ehtimoli zamburug’ amniotik suyuqlik, yo’ldosh, kindik qobig’ida aniqlanishi orqali tasdiqlanadi. Keyinchalik chaqaloqlarning Candida zamburug’lari bilan aloqa qilishi tug’ruq yo’llaridan o’tishi davrida, emizish davrida ko’krak bilan aloqada, parvarishlash vaqtida qo’l terisi yoki uy-ro’zg’or buyumlari orqali o’tishida sodir bo’lishi mumkin. Bu zamburug’lar xom go’sht, sut mahsulotlari, sabzavot va mevalarda yetarlicha miqdorda mavjudligi aniqlangan. Zamburug’ manbai, tashuvchilardan tashqari, yosh hayvonlar (buzoqlar, kuchuklar, otlar), shuningdek, parrandalar bo’lishi mumkin.
Kandidoz yuzaga kelishi ko’pchilik grammusbat va grammanfiy mikroorganizmlarga qarshi faol bo’lgan keng spektrli kuchli antibiotiklardan foydalanishda yuzaga keladigan tez-tez uchraydigan nojo’ya ta’sir hisoblanadi.
Patogenez
Candida avlodi zamburug’larining patogenlik omillari proteolitik fermentlar va gemolizinlar sekretsiyasi, dermatonekrotik faolligi va yopishqoqligini (epiteliya hujayralariga birikib olish qobiliyati) o’z ichiga oladi. Candida avlodi shartli-patogen zamburug’larida virulentlikning barcha faollashuvini uch guruhga bo’lish mumkin:
- Zamburug’arni tanaga kirishiga yordam beradigan ekzogen omillar (harorat, namlik, kasbiy xavflar);
- Makroorganizmning qarshiligini pasaytiruvchi endogen omillar (endokrin buzilishlar, metabolik kasalliklar, gormonal kontratseptivlarni qo’llash, kortikosteroidli gormonlar, sitostatik vositalar bilan davolanish kurslari);
- Qo’zg’atuvchining patogenligini ta’minlovchi virulent xususiyatlar.
Kandidoz alomatlari va belgilari
Kandidozning namoyon bo’lishi jarayonning joylashuviga bog’liq. Yuzaki va tizimli (vistseral) kandidozlar ajratiladi.
Yuzaki kandidozlar
Yuzaki kandidozlar teri, shilliq qavatlar shikastlanishi, kandidozli onixiya va paronixiyani o’z ichiga oladi.
Achitqili paronixiya va onixiyalar
Paronixiya shish, infiltratsiya, tirnoq bolishlarining giperemiyasi, tirnoq usti terisi (eponixium) yo’qligi bilan ajralib turadi. Tirnoq yon bolishi tirnoq yuzasiga biroz suriladi. Ko’pincha paronixiya va onixiya bir vaqtning o’zida mavjud bo’ladi.
Kandidamikidlar
Kandidamikidlar — ikkilamchi allergik toshma bo’lib, bu patogen va uning hayotiy mahsulotlariga sezilarli darajada sensibilizatsiyadan darak beradi. Polimorf bo’ladi, odatda, eritematoz-skvamoz shishgan dog’lar ko’rinishida, shuningdek, urtikar va bullyoz toshmalar ham bo’lishi mumkin. Kandidamikidlar hosil bo’lishiga subfebrilitet, asosiy o’choqlarda asosiy yallig’lanish jarayonlarining kuchayishi hamrohlik qiladi.
Og’iz bo’shlig’i shilliq qavatining kandidozi (molochnitsa)
Ushbu shakl yangi tug’ilgan chaqaloqlarda ko’proq uchraydi (lekin har qanday yoshda kuzatilishi mumkin). Yonoq shilliq qavati, shuningdek til va tomoqqa o’tish qismi oqimtir karash bilan qoplanadi (karash tvorogga o’xshatiladi, ya’ni shilliq qavat bola hozirginda tvorog yegan yoki kefir ichganidek ko’rinishda bo’ladi). Agar homiladorlik paytida yoki undan oldin onada qinda shunga o’xshash narsalar kuzatilgan bo’lsa yoki jinsiy a’zo sohasida yoqimsiz his-tuyg’ular (qichish) sezilgan bo’lsa (qin kandidozi), bu kandidoz ekanligiga ishonch komil bo’lishi mumkin. Ko’p hollarda og’iz bo’shlig’i kandidozi o’z vaqtida va to’g’ri davolansa, hech qanday xavf tug’dirmaydi. Agar mahalliy vositalardan foydalanish samarasiz bo’lsa, ushbu jarayonning tabiatini o’rganishga jiddiy yondashish kerak.
Ichak kandidozi
Ichak kandidozi og’ir disbakteriozning turlaridan biri hisoblanadi. Ichakda normal mikroblar yashashi uchun yaroqsiz sharoit yaratilgan hollarda, unda kandidalar ko’payadi. Bu ich ketishi bilan ifodalanadi, ichakda haddan tashqari gaz hosil bo’ladi, axlatda oq aralashmalar mavjud. Kichik bolalar uchun kandidozning bu shakli xavfli bo’lib, ular vazn olish va o’sishdan orqada qolib, ich ketishi vaqtida normal o’sib-rivojlanish uchun zarur bo’lgan vitaminlar va boshqa foydali moddalarni yo’qotadi.
Kandidozli vulvovaginit, balanit va balanopostit
Jinsiy a’zolarning kandidozida ko’p miqdorda oq rangli, tvorogsimon ajralmalar ajraladi, qichish kuzatiladi. Vaginal (qin) kandidoz uchun, boshqa shakllar uchun bo’lgani kabi, shilliq qavatda yashovchi normal mikforlora muvozanatining buzilishi xarakterlidir. Qin kandidozini davolashda, odatda, jinsiy aloqada bo’ladigan hamrohni ham davolash kerakligini inobatga olish kerak, chunki zamburug’ bilan infektsiyalanish qaytalanishi mumkin.
Ayollarda kandidoz belgilari
- Tashqi jinsiy a’zo sohasida achish va qichishish;
- Qindan oq, tvorogsimon ajralmalar kelishi;
- Jinsiy aloqada paytida og’riq;
- Siydik chiqarish paytida og’riq;
- O’tkir, yoqimsiz hid.
Erkaklarda kandidoz (molochnitsa) belgilari
- Olat boshi va kertmak sohasida qichish va achish;
- Olat boshi va kertmakning qizarishi;
- Olat boshida va kertmakda oq karash hosil bo’lishi;
- Jinsiy aloqa vaqtida og’riq;
- Siydik chiqarish paytida og’riq;
- Siydik chiqarish vaqtida spermaga o’xshash oq ajralma chiqishi.
Surunkali, umumiy (granulematoz) kandidoz
Vistseral (tizimli) kandidoz
Ichki organlarning shikastlanishi va kandidozli sepsis rivojlanishi bilan birgalikda kandidoz tarqalishi hollari barcha mamlakatlarda qayd etilgan.
Vaginal kandidozning laboratoriya diagnostikasi
Madaniy tekshirish nafaqat vaginal kandidoz qo’zg’atuvchisini, balki ajratilgan shtammlarning zamburug’larga qarshi preparatlarga sezgirligini ham aniqlashga qaratilgan bo’lishi kerak.
Kandidozni davolash
Ushbu kasallikni davolash uchun ko’plab dori vositalari mavjud. Ulardan ba’zilari mahalliy qo’llaniladi (krem, vaginal shamchalar yoki tabletkalar), ba’zilari esa ichga qabul qilinadi (ichish uchun kapsulalar yoki tabletka). Kandidozni davolash uchun preparatlar:
- Mikonazol;
- Natamitsin (preparat oshqozon-ichak traktida yomon so’rilishi sababli cheklangan ravishda qo’llaniladi);
- Flukonazol;
- Klotrimazol;
- Sertakonazol;
- Nistatin — tetraen guruhning eng dastlabki antimikotiklaridan biri bo’lib, u oshqozon-ichak tizimidan qonga zamonaviy dori-darmonlardan ko’ra yomonroq so’riladi;
- Polijinaks;
- Izokonazol;
- Amfoteritsin B;
- Itrakonazol;
- Siklopiroks;
- Kapril kislotasi;
- Fentikonazol;
- Mikosist;
- Butokonazol (Ginofort).
Tashqi vositalaridan mahalliy qo’llanishda glitserinda 5-10% natriy tetraborat eritmasi ham samaralidir. Kattalarda og’iz shilliq qavati shikastlanganda, glitserinda 20%li natriy tetraborat eritmasi mahalliy qo’llaniladi.
Ba’zi hollarda zamburug’larga qarshi dori vositalariga qo’shimcha ravishda to’ldiruvchi davolash (immunoterapiya, umumiy mustahkamlovchi dori-darmonlar, fizioterapiya va boshqalar), raqobatchi mikroorganizmlarning bakterial preparatlari (sut-achitqi bakteriyalari, laktobakterin, kolibakterin) buyuriladi.
Shuningdek laktuloza saqlovchi prebiotiklar qo’llash ham tavsiya etiladi: Laktusan, Bon-Sante (karamel saqlovchi laktuloza), Dyufalak, Normaze va prebiotik inulin: Kandinorm.
Erkaklarda kandidozini davolash
Kandidozli balanopostitda (olat boshi va kertmakning shikastlanishi) mahalliy davolash yetarli bo’ladi: fentikonazol (Lomeksin 2%) — shikastlangan sohaga kuniga 1-2 marta krem qo’llanishi, kurs 8-10 kun.
Kandidozni davolash keng qamrovli, bosqichma-bosqich bo’lishi, faqat zamburug’lardan qutulishgina emas, balki kasallik rivojlanishiga turtki bo’luvchi omillarini bartaraf etish va hamrohlik qiluvchi kasalliklarni davolashga ham qaratilgan bo’lishi kerak.
Ayollarda qin kandidozini davolash
Kasallikning yengil kechishida mahalliy ta’sir qiluvchi preparatlar, masalan, Lomeksin (fentikonazol) tavsiya etiladi. 1000 mg, bir marta, intravaginal. Masalan, yengil kechuvchi kandidozli vulvovaginitda (qin va tashqi jinsiy a’zolarning shikastlanishi) ba’zan mahalliy davolash yetarli bo’ladi. Og’irroq hollarda, vaginal kandidozning retsidivlarida tizimli va mahalliy antimikotiklardan iborat kombinativ terapiya kerak bo’ladi: flukonazol — og’iz orqali 150 mg va Lomeksin (fentikonazol) 1000 mg intravaginal, bir marta.
Qinda Kandida avlodi zamburug’lari faollashishi paytida anaerob bakteriyalarning o’sishi ham inobatga olinib, tarkibida zamburug’larga qarshi preparatlardan tashqari, nitroimidazol va boshqa antimikrob moddalar (Neotrizol) bo’lgan mahalliy keng spektrli ta’sirga ega dorilardan foydalanish tavsiya etiladi.
Agar ayolda zamburug’li infektsiya retsidivlari muntazam sodir bo’lsa, bu endokrin va boshqa surunkali kasalliklarni tekshirish uchun o’rinli sabab hisoblanadi. Surunkali genital kandidozda odatda yaqin joylashgan a’zolar va organizm tizimlari — siydik pufagi, ichaklar shikastlanishi ham inobatga olinishi kerak.
Shu sababli, to’liq davolanish va qayta kasallanishni oldini olish uchun zamburug’larga qarshi preparatlarni nafaqat mahalliy qo’llash, balki ichga qabul qilish ham kerak. Surunkali shaklli bemorlarni davolash katta qiyinchiliklar tug’diradi. Davolashning samarasizligi doza yoki muddatning yetarli bo’lmasligi, shuningdek, u yoki bu guruhdagi zamburug’larga qarshi dorilarga nisbatan individual past sezgirlik bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Shuning uchun, bunday preparatlarga nisbatan sezgirlikni aniqlash maqsadida bakteriologik tadqiqotlar o’tkazilishi kerak. Shuni esda tutish kerakki, zamburug’lar tezda moslashish va qo’llaniladigan dori-darmonlarga qarshilik shakllantirish qobiliyatiga ega.
Takroriy kandidozda (yil davomida 4 dan ortiq kuchayishlar bo’lsa), hamrohlik qiluvchi infektsiya mavjudligini tekshirib ko’rish kerak va keyinchalik quyidagi davolash usullari qo’llanilishi mumkin:
- Neotrizol yoki Polijinaks vaginal tabletkalari. Kuniga 1 marta 1 tabletkadan, 8-16 kun davomida (ayniqsa qinda nafaqat Kandida avlodi zamburug’lari mavjudligi tasdiqlangan bo’lsa);
- Fentikonazolli vaginal kapsulalar 600 mg: 1- va 4-kunda (ikki kapsula);
- Flukonazol (Diflyukan, Mikosist, Flyukostat) — 150 mg dan ichish uchun, 1-, 4-, 7-kun, keyin 6 oy davomida haftada 1 ta kapsuladan.
- Kandidozning rivojlanishiga sabab bo’lgan holatlarni (qandli diabet, immunitet tanqisligi, gormonal preparatlar bilan davolashni talab qiluvchi kasalliklar) tuzatish.
Qin kandidozi shifokor nazorati ostida davolanadi. Retsidivlarga moyillik, ayniqsa, turtki bo’luvchi omillar mavjud bo’lganda shifokor tomonidan qo’shimcha nazorat va kuzatish zarur.
Kandidozni oldini olish
Zamburug’lar o’sishini oldini olish uchun yaxshi usul tirik sut-achitqi madaniyatini saqlovchi yogurtlar, shuningdek zamburug’larga qarshi yaxshi ta’sirga ega tabiiy mahsulotlar — sarimsoq, propolis, brusnika, greyprfrut, choy daraxti moyi iste’mol qilish kerak.
Kandidozni (ayniqsa qin kandidozini) oldini olish bo’yicha bir qator tavsiyalar mavjud:
- Tasodifiy jinsiy aloqada bo’lishdan saqlanish.
- Tana vaznini me’yorlashtirish — ko’proq meva, sabzavot, achitqi sut mahsulotlari iste’mol qilish. Shakar va boshqa tozalangan uglevodlarni qabul qilishni maskimal darajada cheklash, chunki ular zamburug’lar uchun ozuqa muhiti yaratadi. Achitqisimon yoki mog’or zamburug’lariga sezgirlik bo’lganida, ularni saqlagan mahsulotlardan qochish yaxshi: non, xamirturushli shirin pishiriqlar va mog’orli pishloq.
- Paxtali ichki kiyimidan foydalanish. Sintetik matolar teriga yetarlicha havo o’tkazmaydi. Haroratning ortishi va ter bug’lanishi qiyinlashuvida infektsiya yuzaga kelishi uchun qulay sharoit yaratiladi, shu jumladan, qin kandidozi uchun ham.
- Antibiotiklarni faqat shifokor ko’rsatmasiga ko’ra qabul qilish, bunda shifokorni kandidozga moyillik mavjudligi haqida ogohlantirish kerak, chunki antibiotiklar tabiiy mikroflorani bostiradi va achitqisimon zamburug’lar rivojlanishini rag’batlantiradi.
- Agar jinsiy aloqa paytida lubrikantlardan foydalanilsa, unda faqat suvda eriydiganlarini tanlash kerak.
- Prezervativ va lateksga allergik reaktsiyalar mavjudligida poliuretandan tayyorlangan vositalarni tanlash. Bunday holatda shifokorga borib, bu aniq allergiya, balki boshqa kasallik emasligiga amin bo’lish uchun tekshiruvdan o’tish kerak.
- Kerak bo’lmaganda qinni chaymaslik kerak, bu sog’lom florani yuvilib ketishini oldini oladi.