Immunitetni oshirish usullari, ko’tarish uchun mahsulotlar, pasayishi sabablari

Immunitet (lot. immunitas) — bu organizmni o’z hujayralari va to’qimalariga zarar yetkazadigan turli xil moddalar va boshqa organizmlarning ta’siridan himoyalanish qobiliyati bo’lib, ichki muhitning gomeostazini saqlab qolish uchun asosan immunositlar funktsional faolligining o’zgarishi bilan tavsiflanadi. Ba’zi bir sabablarga ko’ra, bu qobiliyat zaiflashishi mumkin. Bunday hollarda immunitetni oshirish talab etiladi.

Immunitetni oshirish haqida

Immunitet pasayishining belgilari

  • Tez charchash;
  • Surunkali charchoq;
  • Uyquchanlik yoki aksincha, uyqusizlik;
  • Bosh og’rig’i;
  • Mushaklar va bo’g’imlardagi og’riq.

Keyingi bosqich — oxiri yo’q kasallanishlar, hech qanday infeksiya, hech bir virus kishini kasallamay o’tmaydi. Lablardagi gerpes organizmda buzilish mavjudligini anglatadi va shoshilinch chora-tadbirlarni ko’rishni talab qiladi. Oxirgi bosqich — surunkali kasalliklar va asoratlarning butun majmuasi. Bunda sog’likni yaxshilash va immunitetni oshirish uchun nima qilish kerak degan savol tug’iladi.

Xavf guruhlari

Ko’p holatlarda immunitetning keskin pasayishi stress va og’ir zo’riqishlarda sodir bo’ladi. Shu sababli, xavf guruhiga kasbi yuqoridagilar bilan bog’liq bo’lganlar shaxslar kiradi. Bular kosmonavtlar, uchuvchilar, tadbirkorlar, professional sportchilar, portlovchi moddalar bilan ishlovchilar va boshqalar. Jarrohlik operatsiyalarda immunitetning buzilishi haqida ham aytib o’tish kerak, ular jiddiy stress sanaladi.

Yangi tug’ilgan chaqaloqlarda va bir yoshgacha bo’lgan bolalarda immunitet nomukammal bo’ladi, shuning uchun 6 dan 12 oylikkacha bo’lgan bolani himoya qilishda emizish va disbakteriozning oldini olish muhim ahamiyat kasb etadi.

Xavf guruhida kasbi sababli uyqu, ovqatlanish va jismoniy mashq bajarish tartibiga rioya qilmaydigan kishilar ham kiradi. Qariyalar ham xavf guruhida.

Immunitet pasayishi sabablari

  • Yomon ekologiya. Suv, havo, insektitsidlar, gerbitsidlar, radionuklidlar. Oldingi avoldlar yaxshiroq ekologik sharoitda yashar edi, shuning uchun ular derazani ochiboq shamollab qolishmas, bir qultum sovuq suv ichib anginaga chalinishmasdi.
  • Ovqatlanish. 1000 dan ortiq konservantlar, stabilizatorlar, bo’yoqlar, pishiriq kukunlari va boshqalarni o’z ichiga olgan past sifatli, sun’iy, zaharlangan, marinadlangan oziq-ovqatlar. Tarkibida shakar yuqori bo’lgan mahsulotlar immun tizimini zaiflashtiradi. Shirin, nordon, shakar o’rnini bosuvchi saqlagan ichimliklar organizm gomeostazini (ichki muhitning barqarorligi) buzadi. Ular hujayra va hujayralararo bo’shliqlarning suvli muhitini zaharlaydi va immunitetni pasayishiga sabab bo’ladi.Ayollarda doimiy parhezlar va ochlik saqlashlar immunitetga jiddiy zarar yetkazadi. Immunitet tizimiga vaznning ortiqchaligi ham, kamligi ham salbiy ta’sir ko’rsatadi. Shu sababli, yetarsiz ham, ortiqcha ham ovqatlanmaslik kerak.
  • Vitamin va mikroelementlarning yetishmasligi. Misol uchun, rux va selen kabi fermentativ modda almashinuvida ishtirok etuvchi asosiy mikroelementlar. A vitamini yetishmovchiligi organizmning yot oqsil kirishiga immun reaktsiyasini zaiflashtiradi. B guruh vitaminlari jismoniy stress va kuch yo’qotish davrlarida immunitetni kuchaytirishga yordam beradi. B vitamini darajasining keskin pasayishida organizmning infektsiyani o’ldirish uchun antitanalar ishlab chiqarish qobiliyati sezilarli darajada kamayadi. Vitamin C yetishmasligi immunitetga turlicha salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin: patologik holat haqida signalga himoya xususiyatlari reaktsiyasining pasayishi, infektsiyaga qarshi kurashish uchun antitanalar ishlab chiqarish tezligining kamayishi.
  • Antibiotiklar. Nemis shifokorlari tomonidan olib borilgan so’nggi tadqiqotlar natijasi shuni ko’rsatdiki, har qanday antibiotik, hatto shifokor ko’rsatmasiga muvofiq qabul qilinayotgan bo’lsa ham, organzimning immunitetini 50-75 foizga kamaytirar ekan. Shuning uchun maslahat: hech qanday holatda mustaqil davolanmaslik va dorixonalardan «ta’bga mos keladigan» antibiotiklarni xarid qilmaslik kerak, garchi ular retseptsiz sotilsa ham! Buyurilgan antibiotiklardan foydalanishni cheklash kerak, biroq antibiotiklarni o’z ichiga olgan go’sht iste’molini kamaytirish ham muhimdir. Go’shtni ishonadigan do’konlardan sotib olish kerak. Ba’zi parranda go’shtini ishlab chiqaruvchilar tovuqlarni o’sishni rag’batlantiradigan antibiotiklar bilan boqadilar, garchi rasmiy ravishda antibiotiklar parrandalarni kasalliklardan himoya qilish uchun berilishini bildirishsada. Ammo shifokorlar, bunday antibiotiklarning me’yordan ortig’i inson organizmining immuniteti pasayishiga va antibiotiklarga chidamli bakteriyalar hosil bo’lishiga olib kelishi mumkin, deb hisoblashadi.
  • Stress. Doimiy stresslar… Stressdan qochib bo’lmaydi — unga qarshi tura olish kerak. Stress va saraton kasalligi o’rtasida bog’liqlik mavjud.
  • Jismoniy va aqliy zo’riqish.
  • Viruslar, bakteriyalar. Bakteriyalar, viruslar, zamburug’lar, shuningdek, boshqa parazitlar va protozoylar agressiyasi. Oxirgi vaqtarda parallel olamning agressivligi kuchayib bormoqda, hatto ilgari shartli patogen deb hisoblangan bakteriyalar ham agressiya namoyon qila boshlashdi. Mikrobiologlar odatiy oshxona shimgichida taxminan 320 mln. patogenlar borligini hisoblashdi, ulardagi 3000 ga yaqin bakteriya qo’llarga, keyin esa og’izga tushadi. Bunday miqdordagi mikroorganizmlar kasallik rivojlanishi uchun yetarli bo’lishi mumkin.
  • Surunkali uyqusizlik. Uyquning kam bo’lishi nafaqat immunitet pasayishiga, balki organizmdagi ko’plab murakkab jarayonlarning buzilishiga olib keladi.

Immunitetni oshirish uchun 7 talab

Sog’lom bo’lishni istasangiz, hayot tarzingizni o’zgartiring. Toza havo va jismoniy mashqlar hayotingizning ajralmas qismiga aylanishi kerak. Stress — immunitetning asosiy dushmani, o’zingizni tashvishlardan asrang va asabiylashmang. Imkon qadar ijobiy his-tuyg’ularga ega bo’lishga harakat qiling. Ammo immunitetni mustahkamlashni, albatta, oziq-ovqatdan boshlash kerak.

1. Vitaminlar va minerallar

Immun tizimi uchun eng muhim vitaminlar vitamin A, B5, C, D, F, PP vitaminlari hisoblanadi. Vitaminlar bolalar immunitetini oshirish uchun ayniqsa muhimdir. Deyarli barcha sabzavotlar, ayniqsa, sariq va qizil ranglilari (sabzi, qizil qalampir, qovun, pomidor, qovoq) tarkibida beta-karotin mavjud bo’lib, u organizmda A vitaminiga aylanadi. A vitamini va karotinlar antigen kirishiga qarshi immun reaktsiya kuchiga javob beradi. Bundan tashqari, ular ma’lum bir darajada saraton kasalligidan himoya qila olishadi.

C vitaminining asosiy manbai — qora smorodina, na’matak, sitrus, chakanda, petrushka, nordon karam, limon. Ushbu vitamin yetishmovchiligi antitanalar ishlab chiqarish tezligining pasayishiga sabab bo’ladi.

B guruh vitaminlari urug’lar, yirik maydalangan bug’doydan tayyorlangan non, yong’oqlar, grechixa, dukkaklilar, donlar, qo’ziqorinlar, pishloqlarda ko’p bo’ladi. Yong’oqlar, urug’ va donlarda E vitamini — hujayralarni shikastlanishdan himoyalovchi antioksidant ham mo’l. E vitaminining yana bir manbai — qayta ishlanmagan o’simlik moyi.

Minerallar. Selen, rux, magniy, kaltsiy, temir, yod, marganes. O’simlik mahsulotlari orasida tarkibida eng ko’p mineral moddalar saqlovchilari — yong’oq, dukkaklilar, urug’lar, butun donlilar, shuningdek kakao va achchiq shokolad.

2. Ovqatlanish

  • To’laqonli oqsillar: go’sht, baliq, dukkaklilar. Go’sht yoki baliqni har kuni iste’mol qilish kerak, lekin loviya, no’xat yoki yasmiqni haftasiga 1-2 marta iste’mol qilish mumkin;
  • Sabzavotlar, mevalar va rezavorlar. Sabzi, lavlagi, karam, loviya, turp, qizil qalampir, anor, mayiz, o’rik, turshak, olma, qizil uzum, klyukva, yong’oqlar, sarimsoq, piyoz, shuningdek yangi siqilgan sharbatlar (uzum, pomidor, lavlagi yoki anor);
  • Dengiz mahsulotlari. Baliq va dengiz mahsulotlarida mavjud bo’lgan to’yinmagan yog’ kislotalari organizming mudofaa qobiliyatini sezilarli darajada oshiradi. Ammo uzoq muddatli issiqlik bilan ishlov berish foydali moddalarni yo’q qiladi. Eng afzali dengiz karamidir;
  • Kaliy saqlovchi mahsulotlar. Kaliy ko’p miqdorda kartoshka, o’rik, yong’oq, grechixa va suli yormalarida, bananda mavjud;
  • Sut-achitqi mahsulotlari: ayniqsa, jonli bakteriyalar saqlaganlari. Turli bioqatiq va bioyogurtlar interferon ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. Ularda mavjud bo’lgan metionin organizmdan radionuklidlarning chiqarilishiga yordam beradi;
  • Ko’k choy — organizmdan radionuklidlarni chiqarib tashlashning eng yaxshi usuli hisoblanadi.

Ovqatni ko’katlar bilan birga iste’mol qilish nafaqat uning ta’mini yaxshilaydi, balki foydali moddalar bilan boyitadi ham.

3. Immunitetni kuchaytirish uchun probiotiklar muhim

Organizmdagi foydali bakteriyalarni ko’paytiradigan ko’plab oziq-ovqatlarni iste’mol qilish foydalidir. Ular «probiotik» mahsulotlar deb nomlanadi va ular qatoriga piyoz va porey-piyoz, sarimsoq, artishok va banan kiradi.

4. Tabiat ne’matlari

Immunitetni oshiradigan tabiiy vositalar — exinatseya, jenshen, qizilmiya, eleuterokokklar, limonnik hisoblanadi. O’simlik damlamalari va tindirmalarini ham terapevtik, ham profilaktik maqsadlarda qabul qilish mumkin.

5. Immunitetni ko’tarish uchun chiniqish kerak

Suzish va kontrast dush kishini kuchliroq qilishga yordam beradi. Yuqori va past haroratlarning navbatma-navbat kelishi immun tizimi uchun yaxshi mashg’ulotdir. Hammom va sauna ajoyib chiniqtiruvchi ta’sirga ega. Hammom yoki saunaga borish imkoni bo’lmasa, oddiy kontrastli dush ham mos keladi. Dushdan so’ng, tanani nam mochalka yoki dag’al sochiq bilan energetik ravishda artib tashlashni unutmang.

6. Faol hayot tarzi

Jismoniy mashqlar immunitetni mustahkamlash uchun foydali: gimnastika, aerobika, fitness, yugurish, suzish, uzoq piyoda yurish. Bulardan, albatta, kayfiyat va cho’ntakka mos keladigan turini tanlash mumkin. Ammo berilib ketish ham kerak emas. Haddan tashqari zo’riqish immunitetga zararli ekanligi isbotlangan.

7. Dam olish

Ishdan uyga kelgach, divanda yotib, ko’zingizni yuming va chuqur nafas olib, yoqimli narsalarni o’ylashga harakat qiling. Sokin musiqa qo’yishingiz mumkin. Bu kun davomida to’plangan charchoqni yaxshi bartaraf qiladi va stressga immunitetga salbiy ta’sir ko’rsatishga yo’l qo’ymaydi.

Uy sharoitida immunitetni ko’tarish uchun vitaminli choylar

  • O’rtacha kattalikdagi uchta olma kesilib, ustidan 1 litr qaynagan suv solinadi, so’ng past olovda 10 daqiqa qaynatib, 30 daqiqa tindiriladi, ta’bga ko’ra asal qo’shiladi va choy kabi ichiladi.
  • Apelsinli choy: 1 qism apelsin po’stlog’i, 1 qism qora choy, 1/2 qism limon po’stlog’i. Barcha masalliqlarga qaynoq suv quyiladi: quruq aralashmaning 60 grammi uchun 1 litr. Ta’bga ko’ra apelsinli sirop qo’shilib, 5 daqiqa tindiriladi.
  • 6 choy qoshiq qora choy 500 ml qaynoq suvda damlanib, 5 daqiqa tindiriladi, suzib olinadi, sovutiladi, teng miqdorda qora smorodina sharbati bilan birlashtiriladi va 1/3 yoki 1/2 qismga mineral suv bilan aralashtiriladi. Ta’bga ko’ra shakar qo’shish mumkin.
  • Teng qismlardan na’matak mevalari qaynatmasi va issiq choy, ta’bga ko’ra shakar va asal qo’shish mumkin.
  • Stakanga klyukva solinib, sanchqi bilan eziladi, shakar qo’shiladi va issiq choy quyiladi.
  • 50 ml olma sharbatiga 150 ml issiq achchiq choy qo’shiladi.
  • Immunitetni kuchaytirish uchun 2 qismdan do’lana va na’matak mevalari, 1 qism malina mevalari, 1 qism ko’k choydan iborat aralashma tayyorlanadi. 1 choy qoshiq quruq aralashmaga 1 stakan qaynoq suv nisbatida 30 daqiqaga damlanadi. Asal yoki murabbo qo’shib ichiladi.
  • 1 osh qoshiq dala qirqbo’g’imi bir stakan qaynoq suv bilan damlanadi, 1 soat tindiriladi va kun davomida ichiladi.
  • 2 osh qoshiq quritilgan ittikanak o’tiga 2 stakan qaynoq suv solib, 1 soat tindirish, so’ng suzib olish kerak. Bu kunlik qabul qilish dozasi.
  • Qonni tozalash uchun choy — qulupnay barglari, ittikanak o’ti, moychechak gullari teng qismlarda olinadi. 1 osh qoshiq quruq arlashmaga bir stakan qaynoq suv nisbatida damlanadi. Choy o’rniga ichiladi.

Shamollashlar davrida immunitetni mustahkamlash

  • Immunitetni yaxshilash uchun malina shoxlaridan foydalanish mumkin, ularni qishda ham, yozda ham kesib olish mumkin. Mayda qilib to’g’ralgan malina shoxlari (1-2 osh qoshiq) idishga solinadi, ustidan bir stakan qaynoq suv quyiladi va 7-10 daqiqa davomida qaynatiladi, keyin 2 soat davomida tindiriladi. Kuniga har soatda 1-2 qultumdan ichiladi.
  • 1 osh qoshiqdan mayiz, turshak va yongo’q yaxshilab maydalanadi, so’ng 1 osh qoshiq asal va yarimta limon sharbati qo’shiladi. Yaxshilab aralashtiriladi. Holsizlik kuzatilsa boshlansa yoki shamollashning birinchi belgilari kuzatilsa, 1 osh qoshiq aralashmadan kuniga 3 marta qabul qilinadi.
  • 1 osh qoshiq kepakka (bug’doy yoki javdar) ikki stakan suv quyilib, 30 daqiqa davomida qaynatiladi, so’ngra 1 osh qoshiq asal qo’shiladi. Issiq qaynatma kuniga 3 marta 50 grammdan qabul qilinadi.
  • C vitaminining yuqori miqdori tufayli na’matak immunitetni oshirish uchun eng yaxshi vositalardan biri hisoblanadi. Ikki osh qoshiq quruq na’matak mevalari maydalanib, yarim litr suv quyilib, past olovda 15 daqiqa davomida qaynatiladi. Bir kechaga tindirishga qoldiriladi. Choy kabi ichiladi, ta’bga ko’ra asal qo’shish mumkin.

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.