Quloq og’rig’i — deyarli tish og’rig’i bilan tenglashadigan eng yoqimsiz hissiyotlardan biridir. U to’satdan paydo bo’lib, barcha narsani unutishga majbur qiluvchi jiddiy noqulayliklar keltirib chiqaradi. Quloq og’riganda kundalik narsalar va yumushlarga diqqatni jamlash qiyin, deyarli imkonsiz. Otuvchi, sanchuvchi, kesuvchi, boshga tarqaluvchi og’riq — bu quloq og’rishi kuzatilganda kishi sezadigan tuyg’ularning qisman ro’yxati.
Quloq og’rishi sabablari
Quloqlardagi og’riqning sabablari shartli ravishda uchta turga bo’linadi: sog’lom odamda og’riqli hislar; eshitish a’zosi kasalliklari tufayli quloqlardagi og’riq; quloq og’rig’i bilan namoyon bo’lgan boshqa a’zo kasalliklari.
Har bir turni va har bir alohida holatda quloq og’rig’ini qanday davolash mumkinligini ko’rib chiqamiz.
Sog’lom insonning quloqlaridagi og’riq
Eshitish a’zosida noxush hislar butunlay sog’lom odamda paydo bo’lishi mumkin va bunga bir qancha sabablar bor (ba’zilari batafsilroq keltiriladi):
- Kuchli shamol va sovuqqa nisbatan sezgirlik. Uzoq vaqt davomida shamolda qolish tufayli quloqda gematoma paydo bo’lishi mumkin, bu bir necha kun ichida o’tib ketadi. Mazkur holatda hech qanday qo’shimcha choralar ko’rish kerak emas;
- Quloqqa suv kirishi;
- Oltingugurtli tiqin mavjudligi;
- Mexanik jarohatlar (agar og’riqdan tashqari, quloq qonashi kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qiling);
- Akustik jarohatlar. Eshitish a’zosiga baland ovozli tovushlar uzoq vaqt ta’sir qilishida, masalan, rok-konsertda, shovqinli ishlab chiqarishda yoki quloqchinlarni uzoq vaqt davomida qo’llashda paydo bo’ladi. Odatda shovqin manbai bartaraf qilinganda, og’riq to’xtaydi. Agar shovqin ish joy bilan bog’liq bo’lsa va uni bartaraf etishning iloji bo’lmasa, maxsus quloq tiqinlaridan foydalanish kerak;
- Barotravmalar. Atmosfera bosimining o’zgarishida namoyon bo’ladi, ko’pincha samolyotda uchish yoki suvga sho’ng’ish paytida sodir bo’ladi. Samolyotda quloqlar bitib qolsa, ko’proq esnash, «yutinish» harakatlarini amalga oshirish va biron narsa chaynash kerak, shunda quloq «bitishi» tezda o’tib ketadi;
- Quloqqa yot jism kirishi.
Eshitish kanaliga suv kirishi
Odatda, quloqqa suv kirganida, eshitish a’zosi tuzilishining anatomik xususiyatlariga ko’ra suyuqlik mustaqil ravishda quloqdan to’siqqa uchramasdan chiqib ketadi. Agar u qandaydir sabablarga ko’ra chiqib ketmasa, unga «yordam» berish kerak. Buning oddiy usullari bor:
- Birinchi usul: boshingizni bir tomonga eging, qo’lingiz kaftini quloq suprasiga qo’ying, kuch bilan bosim bering va qo’yib yuboring. Qo’l bu yerda nasos sifatida harakat qiladi — ortiqcha suyuqlik tashqariga oqib chiqadi.
- Ikkinchisi, ehtimol, har kimga bolalikdan tanish. Boshingizni bir tomonga egib, bir oyoqda sakrashni boshlang: agar suyuqlik o’ng quloqqa kirgan bo’lsa — o’ng oyoqda, chapga bo’lsa — chap oyoqda.
- Uchinchi usul. Quloq suprasini sochiq bilan artib, chuqur nafas oling va ikkala burunni ham barmoqlar bilan qising. Barmoqlaringizni qo’yib yubormasdan, nafas chiqarishga harakat qiling, lekin og’zingizni ochmasdan! Ushbu manipulatsiyani to’g’ri bajarishda ortiqcha suyuqlik havo bilan tashqariga itariladi.
- To’rtinchi usuli: Qaysi quloqqa suv kirganiga qarab, o’sha tomonni pastga qilib, vaqti-vaqti bilan yutinish harakatlarini amalga oshirgan holda bir muddat yonboshlab yotish kerak: suv o’zi oqib chiqib ketadi.
Agar usullarning hech biri natija bermasa va quloq ichidagi suyuqlik bezovta qilishda davom etadigan bo’lsa, otorinolaringolog yordami kerak bo’ladi.
Oltingugurtli tiqin
Oltingugurtli tiqin — bu quloq kirining quloqda to’planishi bo’lib, u vaqt o’tishi bilan qattiqlashadi va noqulaylik tug’diradi, quloq shang’illashi seziladi, eshitish qobiliyati pasayadi. Sog’lom kishida ortiqcha oltingugurt o’z-o’zidan bartaraf bo’ladi, masalan, chaynash paytida. Ammo ba’zi odamlarda oltingugurt mustaqil ravishda chiqib keta olmaydi, quloq kanali yaqinida yig’iladi, qattiqlashadi va tiqin hosil qiladi.
Bunday holda tiqinni o’z kuchingiz yordamida va ayniqsa o’tkir narsalar (gugurt cho’plari, tish tozalagich va boshqalar) yordamida olib tashlashga urinmang — bu holda nog’ora parda yoki chig’anoq to’qimalariga zarar yetishi muqarrar bo’ladi. Tiqinni olib tashlashni lor-shifokor amalga oshiradi. Ushbu muolaja juda ko’p vaqt talab qilmaydi: shifokor oldin yog’ yoki eritma bilan tiqinni yumshatadi, keyin maxsus shprits bilan quloqni yuvadi yoki Voyachek maxsus ilgaki yordamida tiqinni chiqarib oladi.
Yot jism kirishi
Quloqqa yot jism kirishi tez-tez uchrab turadigan holat. Bundan nafaqat quloqlariga turli kichik jismlar, o’yinchoq qismlarini tiqadigan bolalar, balki quloqlarni o’tkir narsalar (gugurt cho’pi, tish tozalagich va hokazo) bilan ehtiyotkorsiz tozalash, quloq og’rig’ini uy sharoitida davolash uchun doka, paxta va oziq-ovqat mahsulotlarini kirituvchi kattalar ham aziyat chekadi. Eshitish kanaligan jarohatlar yoki favqulodda hodisalar tufayli hasharotlar yoki kichik narsalar kirib qolishi mumkin.
Agar eshitish a’zosiga yot narsalar kirganidan shubha qilinsa, muammoni mustaqil hal qilishga urinmaslik kerak: bu eshitish yo’lining jarohatlanishiga olib kelishi mumkin. Noto’g’ri harakatlari amalga oshirib, jismni yanada ichkariga itarib yuborish va shu bilan vaziyatni keskinlashtirish mumkin. Quloqqa yot jism kirganida shifokor yordami — yagona ishonchli yo’l!
Quloq kasalliklari
Og’riq hissi to’g’ridan-to’g’ri quloq kasalliklar tomonidan chaqirilgan bo’lishi mumkin. Ular orasida otit, evstaxiit, o’smalar mavjud.
Otit — quloqdagi infektsion tabiatli yallig’lanish, otorinolaringologga murojaat qilish soni bo’yicha lor-organlari kasalliklari orasida yetakchi hisoblanadi. Kasallik sabablari yuqori nafas yo’llarining oxirigacha davolanmagan infektsion kasalliklari (tonzillit, faringit, laringit, gaymorit), rinit, burun to’sig’ining deformatsiyalari, quloq chig’anog’ining shikastlanishi, quloqni begona narsalar bilan tozalashdan keyin unga suv yoki infektsiya kirishi hisoblanadi.
Inson eshitish a’zosi tashqi, o’rta va ichki quloqdan iborat. Shunga mos ravishda, tashqi, o’rta va ichki otit ajratiladi.
Otit haqida batafsil→
Agar yallig’lanishga shubha mavjud bo’lsa, mustaqil davolanish tavsiya etilmaydi: noto’g’ri belgilangan davolash yoki oxirigacha davolanmagan holat jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Evstaxiit — eshitish organini burun-halqum bilan bog’laydigan evstaxiy (eshitish) nayining yallig’lanishi. Evstaxiy nayi tovushlarni yaxshiroq ushlash va o’rta quloqni burun-halqum orqali ventilyatsiya qilish uchun kerak. Malakali otorinolaringolog shifokorning yordami bilan, evstaxiit tufayli yuzaga kelgan quloq og’rig’ini davolash tezkor bo’lib, bir necha kun ichida bemorning ahvoli yaxshilanadi.
Quloqning o’smalari juda kam uchraydi. Patologiyani aniqlash uchun KT va MRT ishlatiladi.
Boshqa a’zolarning patologiyasida quloq og’rig’i
Quloq og’rig’i eshitish a’zosi kasalliklari bilan bevosita bog’liq bo’lsa, og’riq sababini tashxislash va davolash odatda qiyin bo’lmaydi. Ko’rik vaqtida ko’rinarli patologiyalar bo’lmasa, quloq og’rig’idan aziyat chekayotganlarga yordam berish qiyinroq bo’ladi. Bunday hollarda otalgiya haqida gapiriladi — quloq og’rig’i mavjud, yallig’lanish esa yo’q.
Otaligiyaga olib keladigan kasalliklar quyidagilardan iborat:
- Mastoidit. Odatda, kasallik otitning asorati sifatida rivojlanadi;
- Eshitish yo’li ortida joylashgan chakka-pastki jag’ bo’g’imi kasalliklari. Ushbu bo’gimlar artrit, artroz, chiqishlar kabi patologiyaga duch kelishi mumkin, bu esa eshitish a’zosida og’riq hislariga olib keladi;
- Stomatologik kasalliklar;
- Umurtqa pog’onasi bilan bog’liq muammolar;
- Halqumning yallig’lanishi (o’tkir tonzillit, faringit, paratonzillyar abstsess);
- Halqumning onkologik kasalliklari;
- Sinusit;
- Nevralgik patologiyalar;
- Bosh ichi o’smalari.
Quloq og’rig’i kuzatilganda nima qilish kerak?
Ko’rib turganimizdek, og’riq sindromi turli sbablarga ko’ra yuzaga keladi. Uning asl sababni tushunish, to’g’ri tashxis qo’yish va quloq og’rig’ini samarali davolash faqat shifokor tomonidan amalga oshiriladi. Quloq og’rishini davolash bilan otorinolaringolog shifokor shug’ullanadi. Bunday muammoga duch kelganda, darhol mutaxassis bilan bog’laning.
Afsuski, har doim ham darhol shifokor huzuriga tashrif buyurish imkoni bo’lmaydi. Odatda og’riq to’satdan va kechasi paydo bo’ladi. Birinchi navbatda og’riqni qoldirish — ibuprofen asosidagi og’riq qoldiruvchi dori qabul qilish kerak. U yallig’lanishga qarshi xususiyatlarga ega va boshqa vositalar bilan solishtirganda samaraliroq hisoblanadi.
Agar og’riq tumov bilan birga kechsa, burunga tomir toraytiruvchi tomchilarni qo’llash ortiqchalik qilmaydi.
Ko’pgina bemorlar birinchi navbatda og’riqqa qarshi quloq uchun tomchi sotib olishga yugurishadi. Lekin har bir tomchi o’z ko’rsatmalariga ega: bir holatda ular yordam beradi, boshqasida — yo’q. Tomchilar universal vosita emas. Statistika shuni ko’rsatadiki, bemorlarning deyarli yarmi quloq og’rig’ini davolashda o’zlariga-o’zlari dori vositalarini noto’g’ri belgilashadi. Tomchilardan faqat tashxis to’g’riligiga ishonch komil bo’lganida foydalanish lozim.
Tomchilar jarohatlarda yordam bermaydi — bunday holatda og’riq qoldiruvchi qabul qilish va lor-shifokorga murojaat qilish yaxshiroqdir. Shifokor konsultatsiyaga qadar quloqqa issiq kompresslar qo’yilmasligi kerak. Masalan, yiringli otitda bilan bunday chora bemorning ahvolini yomonlashtiradi.
Shifokorga tashrif buyurishdan oldin bosh kiyimsiz sovuqqa chiqmang, quloqni chuqur qismidagi yiring ajralishidan tozalashga harakat qilmang, spirt asosli tomchilar tomizmang.
Odatda, o’rta quloqning yallig’lanishida antibakterial vositalar buyuriladi. Tashqi quloq yallig’lanishida — tomchilar shaklida antibiotiklar. Har qanday holda, lormutaxassis bilan maslahatlashish shart! Xalqona vositalar va uy sharoitida davolash uchun mo’ljallangan boshqa dori-darmonlardan faqat aniq tashxis qo’yilganidan so’ng foydalanish mumkin.
Assalomu alaykum!!!
Menda savol quydagicha. Qulog‘imda hech qanday og‘riq yo‘q, lekn tez bitib qolyapti undan tashqari ikkala qulog‘imda ham kuchli shovqin bor? Shunga maslahat bering nima qilishim kerak…?
Vaaleykum assalom. Tashqi muhit omillari o’zgarmaganda quloqlarning «bitib qolishi» ko’pincha eshitish kanali yoki yo’lidagi patologik o’zgarishlar sababli yuzaga keladi, masalan eshitish naychasi shishi, ba’zi dori vositalarini uzoq va noto’g’ri qo’llash, quloqqa yot jism kirib qolganligi, tumov, evstaxiy nayida yallig’lanish va hokazo. Bunda shovqin ham qayd etiladigan bo’lsa, patologik jarayon asab tolalarini ham qamrab olganligi ehtimoli mavjud, shovqin sabablari haqida ushbu sahifada batafsilroq ma’lumot berilgan.
Har qanday holatda ham otorinolaringolog (LOR) shifokorga uchrashishingiz kerak, tegishli ko’riksiz to’g’ri tashxis qo’yish va davolash choralarini belgilab bo’lmaydi.