Qo’llar parvarishi — qoidalari, uy sharoitida tayyorlanadigan vositalar, qo’l uchun niqoblar

Qo’llar parvarishi — bu faqatgina muntazam bajariladigan kosmetologik muolajalar emas, balki har kuni rioya qilish kerak bo’lgan oddiy qoidalar hamdir. Ma’lum bo’lishicha qo’llar, tananing boshqa qismlariga qaraganda tezroq qarir ekan. Sababi esa oddiy: axir, ular kuniga necha marotabalab suv, sovun, kir yuvish kukuni, turli ishqorlar va kimyoviy vositalar ta’siriga duch keladi. Bu kabi tashqi omillar natijasida qo’l terisi yoriladi, quruqlashadi, ajin bilan qoplanadi.

Qo'llarni parvarishlash sirlari

Zararli kimyoviy moddalar bilan ishlaganda, kir yuvganda, umuman qo’lga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi biron yumush bilan shug’ullanishdan avval qo’l terisini ximoya qiluvchi maxsus krem-niqoblarni surtish lozim, yoki qo’l uchun mo’ljallangan rezina qo’lqop kiyib olish ham foydadan holi emas. Himoya qiluvchi kremlar o’ziga xos qobiq hosil qilib, qo’llarni turli zararli ta’sirlardan asraydi.

Uy sharoitida qo’llarni parvarishlash qoidalari

Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, ham ayollar, ham erkaklar quyidagi qoidalarga rioya qilishlari kerak:

  1. Qo’lingizni o’ta issiq suv bilan yuvmang va har doim yaxshilab arting. Namlikning ko’pligi terining suv-lipid muvozanatini buzadi va haroratning keskin o’zgarishida (masalan, uydan ko’chaga chiqishda), nam qo’llar bir zumda qizaradi va qipiqlanishni boshlaydi.
  2. Sovuqda doimo tabiiy materiallardan tayyorlagan qo’lqop kiyish kerak: nozik teri sovuqda yoriladi, sintetik qo’lqoplarda esa terlaydi va suvsizlanadi.
  3. Idishlarni yuvish va uyni tozalashda yaxshi rezina qo’lqoplar kiyish tavsiya etiladi. Kir yuvish vositalaridagi spirtlar va kislotalar epidermisni buzadi va quritadi. Natijada qo’l terisi dag’allashadi.
  4. Qo’llarga yaxshi namlantiruvchi krem surtib turishni odat qiling.
  5. Ko’proq suv iching va A, C, E vitaminlariga boy bo’lgan mahsulotlar iste’mol qiling. Ular antioksidant sifatida ta’sir qilib, kollagen tolalarining buzilishiga va qo’llarning asosiy muammolaridan biri — pigmentli dog’larning paydo bo’lishiga to’sqinlik qiladi.

Va eng muhimi, haftada ikki yoki uch marta qo’llar uchun muolajalar bajaring. Bu namlantirish, tozalash muolajalari bo’lishi mumkin. Shuningdek, qo’l terisini parvarishlashda uy sharoitida tayyorlangan qo’l uchun niqob va losyonlardan foydalanishingiz mumkin. Quyida qo’l parvarishi uchun ba’zi tavsiyalar keltiriladi.

Qo’lni parvarishlash uchun vositalar

Qo’l terisini yumshatish va namlantirish uchun niqob

Tarkibi: 1 choy qoshiq quruq sut, 2 osh qoshiq miqdorda qaynatilgan iliq suv va 1 choy qoshiq asal.

Masalliqlarni aralashtiring, qo’l terisi va barmoqlariga surting, 20 daqiqa saqlang, shundan keyin iliq suvda chayib tashlang. Kerakli natijaga erishish uchun bu usulni haftasiga 2 martadan kam bo’lmagan holda 1-2 oy davomida qo’llab turish kerak.

Terisi qariyotgan qo’l uchun niqob

Tarkibi: 1 choy qoshiq xamirturush, sut yoki smetana.

Sutli yoki smetana qo’shilgan xamirturushni suyuq bo’tqa hosil bo’lguncha aralashtiring, yupqa qatlamda surting va 10 daqiqa ushlab turing. Bu niqobni haftasiga 1-2 marta takrorlash mumkin. Aynan shu usulni muntazam ravishda qo’llab tursangiz, 1-2 oy ichida teri asl holiga qaytadi.

Qo’l terisini yumshatish uchun asalli aralashma

Tarkibi: 1 osh qoshiqdan o’simlik moyi va asal, 1 dona tuxum sarig’i.

Ushbu komponentlarni yumshoq pastasimon massa hosil bo’lgunga qadar isiting, uni qo’lga surting va to qurib qolgunicha kutib turing. Shundan keyin uni nam paxta bilan artib tashlang.

Bu aralashma terining yumshashiga xizmat kiladi, teri qurishining oldini oladi. Biroq yoddan chiqarmaslik lozimki, ayrim kishilarning terisi o’ta sezgir bo’lib, ularda asalga nisbatan allergik reaktsiya qo’zg’alishi mumkin.

Qo’llar parvarishi uchun asalli-tvorogli niqob

Tarkibi: 2 choy qoshiq tvorog, 1 osh qoshiq asal, 1 choy qoshiq o’simlik moyi.

Tvorog va asalni aralashtirib, o’simlik moyini qo’shing. Qo’l terisiga 10-15 daqiqaga surtib qo’ying, keyin iliq suvda yuvib tashlang. Hali nam bo’lgan teriga krem surting.

Haftasiga 2-3 marta qo’llanilganda bu niqob terini yumshoq va mayin qiladi, to’qimalarni faol elementlar bilan to’yintiradi va natijada teri po’stining tushishi, sho’rlashlar yo’qoladi.

Qo’llaringiz yumshoq va mayin bo’lishini xoxlasangiz har kuni ularni o’simlik moyi va tuxum oqi aralashmasi bilan uqalang.
Tirnoqlarga har kuni sutli vanna qilsangiz sinmaydi va mustahkam bo’ladi. Sutni 40 darajagacha ilitib, unga tirnoqlaringizni 15 daqiqa davomida botiring.

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.