Hayz ko’rish (menstruatsiya) — u nima, kelishi va kelmasligi, buzilishi, kechikishi

Hayz, menstruatsiya (lot. mensis — oy, menstruus — har oylik) hayz kelishi yoki hayz ko’rish — ayol organizmi va ba’zi yo’ldoshli sutemizuvchilar urg’ochisining (primatlar, ko’rshapalaklar va yerqazar) menstrual sikli qismi. Hayzda endometriy (bachadon shilliq qobig’i) funktisonal qatlamining rad etilishi sodir bo’ladi, bu qon ketish bilan birga kechadi. Hayz ko’rishning birinchi kunidan boshlab hayz sikli hisobi boshlanadi.

Hayz kelishi yoxud menstruatsiya

Menstrual qon ivimaydi va qon tomirlarida aylanayotgan qonga qaraganda ancha to’qroq rangga ega. Bu menstrual qonda fermentlar majmui borligi bilan tushuntiriladi.

Hayz (va umuman hayz sikli), odatda, homiladorlik va emizish davrida yuz bermaydi; kutilgan vaqtda hayz kelmasligi homiladorlik boshlanganligini bashorat qilish uchun umumiy alomat sanaladi.
Homiladorlik alomatlari to’g’risida batafsil→

Hayz sikllari

Ayollarda hayz odatda har oyda sodir bo’ladi, ammo hayzning nostandart muddatlari ham kuzatiladi. Jinsiy yetilishgacha, homiladorlik davrida va tug’ruqdan keyinoq, menopauzada hayz bo’lmaydi. Tug’ruqdan keyin ajraladigan ajralmalar loxiya deb nomlanadi va uning kelishi bir necha hafta davom etadi. Ba’zan ko’krak suti bilan emizish davrida bir muddat hayz bo’lmasligi mumkin va hayz bu kelmasligi laktatsion amenoreya kabi homiladorlikdan himoyalanishga asoslangan.

Menarxe

Birinchi marta hayz kelishi (menarxe) ayollarda o’rtacha 12-14 yosh oralig’ida sodir bo’ladi; (tarqoqlik bilan esa 9-11 yoshdan 19-21 yoshgacha). Issiq xududlarda hayz ko’rish 11 va 15 yosh orasida kuzatiladi; mo’tadil iqlimda — 12 va 18 yosh oralig’ida, sovuq iqlimda — 13 va 21 yosh oralig’ida. Menarxe yoshi ayrim irqiy farqlarga ham bog’liq: masalan, bir necha tadqiqotlar natijasi bir xil ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda yashayotgan negroid irqiga mansub vakillarda menarxe yevropeoidlarga nisbatan oldinroq sodir bo’lishini ko’rsatdi.

Birinchi hayz ko’rishdan keyin keyingisi 2 yoki 3 oy o’tib sodir bo’lishi mumkin. Vaqt o’tishi bilan hayz sikli o’rnatiladi va u 28 kun davom etadi, lekin siklning 21 kundan 35 kungacha davom etishi ham normal sanaladi. Faqat 13% ayollardagina hayz sikli aniq 28 kun bo’ladi. Menstruatsiya taxminan 2-8 kun davom etadi. Barcha ajralmalar qindan keladi.

Hayz oldi sindromi

Ba’zi ayollar hayzlik bilan bog’liq hissiy o’zgarishlarga duch kelishadi. Ba’zan asabiylashish, charchoq, yig’loqilik, depressiya kuzatiladi. Bunday emotsional effektlar diapazoni va kayfiyatdagi o’zgarishlar homiladorlik bilan ham bog’liq bo’ladi va bu endorfin yetishmovchiligi bilan izohlanishi mumkin. Hayz oldi sindromi kuzatilishi ehtimoli 3% dan 30% gacha o’zgarib turadi. Muayyan kam hollarda, psixotik buzilishga moyil shaxslarda hayz menstrual psixozni chaqirishi mumkin.

Menopauza

Menopauza boshlanishi yoshi (hayzning to’xtashi): normada — 40-57 yoshda, eng ehtimolli — 50-52 yoshda. Mo’tadil iqlimda hayz o’rtacha 50 yil davom etadi, keyin esa menopauza boshlanadi; dastavval menstruatsiyalar bir necha oy davomida yo’qoladi, keyin paydo bo’ladi va yana yo’qoladi va yana shu tarzda. Shu bilan birga, hayzni 70 yoshgacha saqlab qolgan ayollar ham mavjud. Tibbiyot nuqtai nazaridan menopauza bir yil davomida hayz ko’rilmagan bo’lsa boshlangan hisoblanadi.

Menstrual sinxronizatsiya

1971 yildan boshlab bir necha tadqiqotlarda birga yashayotgan ayollarda hayz vaqt o’tishi bilan asta-sekin sinxronlashishi qaydlari aniqlandi. Ba’zi antropologlar bunda muayyan evolyutsion ma’no bor deb faraz qilishadi: qadimiy jamolarda ovchilar va to’plovchi erkaklar qabiladagi ayollarda bir xil vaqtda hayz boshlanganida ovga ketishgan (chunki hayz davrida ayol jinsiy munosabatlar uchun maqbul ob’yekt sifatida qaralmagan). Ayni paytda, umuman hayz sinxronizatsiya effekti mavjudligi shubha ostiga qo’yilmoqda.

Hayz (menstrual) qoni

Menstrual qon deb hayz paytida qindan oqadigan suyuq ajralma tushuniladi. Qat’iyroq qilib aytganda, muvofiq termin menstrual suyuqlik bo’ladi, chunki uning tarkibida qondan tashqari, bachadon bo’yni bezlari shilliq sekreti, qin bezlari sekreti va endometriy to’qimalari mavjud. Bitta hayz sikli davomida ajraladigan hayz suyuqligining o’rtacha hajmi katta tibbiy ensiklopediyaga ko’ra, taxminan 50-100 ml hisoblanadi. Biroq, individual o’zgarish 10 dan 150 gacha va hatto 250 ml gacha oraliqda bo’ladi. Bu diapazon normal hisoblanadi, bundan ko’prog’i (yoki aksincha, kamrog’i) kasallik belgisi bo’lishi mumkin. Menstrual suyuqlik qizg’ish-jigarrang rangga ega, venoz qondan biroz to’qroq bo’ladi.

Hayzda qon ketish vaqtida yo’qotiladigan temir miqdori ko’pchilik ayollar uchun nisbatan ahamiyatsizdir va o’z-o’zidan kamqonlik rivojlanishiga sabab bo’lmaydi. Bir tajribada, kamqonlik alomatlari namoyon bo’layotgan bir guruh ayollar endoskop bilan ko’rib chiqildi. Bu ularning 86% aslida turli xil oshqozon-ichak trakti kasalliklardan aziyat chekayotganini ko’rsatdi (masalan, oshqozon-ichak traktiga qon quyilishi sodir bo’ladigan gastrit yoki o’n ikki barmoqli ichak yarasi); bunda temir tanqisligini tashxisi menstrual qon yo’qotishga yo’yilib, qo’yilmasligi ham mumkin edi. Biroq, ba’zi hollarda muntazam kuchli hayzlik qon yoq’otishlar kamqonlikka olib kelishi mumkin.

Hayzda xulq-atvor va shaxsiy gigiena qoidalari

Hayz ko’rish vaqtida gigienaning umumiy qoidalari

Shaxsiy gigienaga amal qilish uchun o’smir qizlar va ayollar ichki kiyimga biriktiriladigan prokladkalar yoki qinga kiritiladigan tamponlardan foydalanishadi. Ikkala holatda prokladka yoki tampon matosi menstrual ajralmani o’ziga shimib oladi. Yevropa mamlakatlarida, AQSh va Kanadada menstrual chashalar shaxsiy gigiena vositalari sifatida tobora mashhur bo’lib bormoqda.

Hayz kelishida gigiena qoidalariga rioya qilish ayniqsa zarurdir (kuniga 2-3 marta yuvinish, kundalik dush qabul qilish), chunki qonli hayz ajralmalari bakteriyalar ko’payishi uchun qulay muhit hisoblanadi, shu jumladan, patogen bakteriyalar uchun ham. Bundan tashqari jismoniy kuch ishlatish ham mumkin emas, rujiy sokinlik tavsiya eyiladi. Tibbiyotda to’liq suvga tushish va vannalar qabul qilish tavsiya etilmaydi (ham chuchuk, ham tuzli suvda), yuvinish uchun dushdan foydalanish kerak. Spirtli ichimliklar va achchiq oziq-ovqatlar qarshi ko’rsatiladi, chunki ular qorin bo’shlig’i a’zolariga keladigan qon oqimining kuchayishi sababli bachadondan qon ketishini kuchaytiradi.

Hayz davrida jinsiy aloqa qilish

Hayz ko’rish vaqtida ayollar jismoniy noqulayliklarga duch kelishlari mumkin. Ba’zi hollarda yuqori gormonal fon emotsional taranglik va ta’sirchanlik xususiyatini keltirib chiqaradi. Ushbu davrda bachadon turli xil infektsiyalarga qarshi juda zaif bo’ladi. Ayrim mutaxassislar hayz paytida jinsiy faoliyatni to’xtatishni maslahat beradi.

Menstrual buzilishlar

Asosiy maqola: hayz siklining buzilishi→

Hayz buzilishi juda tez-tez uchraydi va quyidagilarga yo’naltiriladi:

  • Tugashi yoki to’xtashi (amenoreya);
  • Chetlashgan yoki aralash qon ketish (menstruatio vicaria);
  • Kuchayishi (menorragiya),
  • Og’riqli hayz (dismenoreya, eski. algomenoreya).

Hayz ko’rishni to’xtashi turli sharoitlarga bog’liq. Homiladorlik oddiy qon oqishini to’xtatadi va bu fiziologik sablardan biridir. Menstruatsiya ayol tanasining boshqa bir qismida ahamiyatli qon yo’qotilishida ham to’xtashi mumkin, bu holda hayz kelishi kechikadi. Hayz ko’rish to’xtaganda, ushbu chetlanishni keltirib chiqargan sababni inobatga olish kerak. Agar shamollash, ruhiy bezovtalikdan so’ng, hayz ko’rish uzoq vaqt sodir bo’lmasa, shifokorga murojaat qilish kerak. Mexanik yo’llar bilan hayz kelish kechikishi xususida alohida to’xtalib o’tish kerak; bu qinga kirishining qisqarishi, qin va bachadon bo’yni torayishi bilan sodir bo’ladi.

Ba’zan bachadondan boshqa har qanday qismda qon ketish paydo bo’ladi, bunda qon chiqishi kamayishi yoki to’xtashi mumkin, bu hodisa qo’shimcha yoki chetlashgan hayz (vikar hayz) deb nomlanadi.

Menorragiyada qon ketishi kuchayadi. Bu bachadon yoki qo’shni a’zolar kasalliklarida kuzatiladi: bachadon yallig’lanishi, bachadon bo’yni eroziyasi, keng boylamarga qon quyilishi va boshqalar. Ba’zida bachadonning u yoki bu kasalligi mavjud bo’lmasligi mumkin, bunda hayzda ko’p qon ketishi sog’liqning umumiy yomonlashuvi tufayli yuzaga keladi.

Dismenoreya deb hayz og’riq bilan birga kechishi tushuniladi. Ko’pincha qon quyqalari ajraladi. Davolashda, hayz noto’g’riligini qo’llab-quvvatlovchi sabablarga e’tibor beriladi va uni yo’q qilishga harakat qilinadi.

Reklama

Ushbu mazvuda 1 ta fikr qoldirilgan

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.