Tizza bo’g’imi — inson tanasining eng murakkab bo’g’imlaridan biridir. Ushbu «murakkab» qurilmaga doimiy og’irlik tushishi sababli u juda zaif bo’ladi, shuning uchun har bir kishi o’z hayoti davomida kamida bir marta ushbu og’riqqa duch kelishi mumkin. Og’riq bo’g’iq, qattiq, hatto chidab bo’lmas darajada bo’ladi. Ba’zan bu og’riqlar kishini faqat yurganda yoki oyoqlarni harakatlantirganda yuzaga keladi, ba’zida esa doimiy ravishda sezilib turadi. Tizza bo’g’imidagi og’riqning tabiati va un keltirib chiqaruvchi omillar turlicha bo’lishi mumkin, ular haqida quyida batafsil.
Tizzadagi og’riqning kasalliklar bilan bog’liqligi
Tizza og’rig’i har doim ham kasallik alomati sanalmaydi. Misol uchun, bo’g’imlardagi noqulay his-tuyg’ular va og’riqlar ko’pincha o’smirlarni bezovta qiladi. Bu yoshda bolalar tez suratlarda o’sadi va qon tomirlarining rivojlanishi suyaklarning o’sishidan ortda qola boshlaydi. Natijada, qon tomirlari tufayli chaqirilgan og’riq yuzaga keladi.
Sog’lom odamlarda tizzadagi og’riqning yana bir sababi oddiy jismoniy zo’riqish bo’lishi mumkin. Bu ko’pincha sportchilarda kuzatiladi. Haddan tashqari yuk tufayli tizza to’qimalari ta’sirlanadi va og’riqlar yuzaga keladi. Bu — zo’riqishlarni kamaytirish vaqti kelganligini bildiruvchi belgidir.
Bunday belgilarni e’tiborsiz qoldirish va tizzaga tushadigan yukni kamaytirmaslik — jiddiy davolashni talab qiladigan surunkali kasalliklar rivojlanish xavfini tug’diradi.
Sabablari
Tizza jarohati
Hatto yengil jarohat ham tizzaning yumshoq to’qimalariga qon ketishi, shish va og’riqni keltirib chiqarishi mumkin. Bu omillar harakatga to’sqinlik qilishi va ko’plab noqulayliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Jarohat olinganidan bir necha kun o’tib og’riq pasaya borsa, oyoqlarni egib-yozganda kuchaymasa, tizzani paypaslab ko’rganda og’riq sezilmasa, ehtimol bir-ikki kundan keyin tizza jarohati butunlay tuzalib, og’riqlar yo’qolishi mumkin. Ammo jarohatlangan joydagi og’riq atrofga taraqala boshlasa, tana harorati ko’tarilsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak. Chunki bunday hollarda jiddiy jarohatlar, masalan, tizza qopqog’ining siljishi haqida gap ketishi mumkin.
Meniskopatiya
Meniskopatiya meniskning har qanday jarohatini anglatadi (ezilishi, uzilishi). Bu juda ko’p kuzatiladigan jarohat bo’lib, xavf guruhiga nafaqat sportchilar va ekstremallar, balki oddiy hayot tarzini olib boruvchi insonlar ham kiradi. Meniskopatiyaning eng birinchi belgisi bu o’ziga xos ovoz eshitilishi bo’lib, undan so’ng birdan kuchli og’riq yuzaga keladi va oyoqlarning harakatchanligi bir muddatga yo’qoladi.
Bo’g’imlarning uzilishi
Bo’g’imlarning shikastlanishi (to’liq yoki qisman) har doim o’tkir va chidab bo’lmas og’riqlarga olib keladi. Ko’pincha bo’g’imlarning yorilishi suyak sinishi bilan kechadi. Bunday shikastlanishning sababi — oyoqning oddiy qayirilib ketishi, muvaffaqiyatsiz sakrash yoki avariya bo’lishi mumkin. Har qanday holatda ham bu og’riq, shish va oyoqning noodatiy qiyshayib qolishi bilan kechadi.
Tizza qopqog’ining surunkali chiqib ketishi
Ushbu patologiya keng tarqalmagan va kelajakda yuqori takorlanish xavfi bilan tavsiflanadi. Ushbu holat bolalarda kuzatilganda, ularda tizza bo’g’imi qiyshayishlari (tashqi ko’rikda kichik boldirning X-simon chekinishi) va oyoqlar vazifasining buzilishi yuzaga kelishi mumkin.
Tog’ay yallig’lanishi
Tendonit yoxud tog’ayning yallig’lanishi bo’g’imlardagi og’riq va uning harakatchanligi cheklanishi orqali namoyon bo’ladi. Ushbu alomatlar uzoq vaqt davomida saqlanib turadi va juda turg’un tabiatli hisoblanadi. Og’riqli soha tekshirilganda, yallig’langan to’gaylarda og’riq kuchayadi.
Kasallik sabablari juda xilma-xildir, xususan:
- To’gayning uzoq vaqt davomida haddan tashqari zo’riqishi;
- Bakterial infektsiyalar;
- Tizza jarohati;
- Tana tuzilishidagi patologiyalar — masalan, oyoqlarning turli uzunligi;
- Organizmning ayrim dori-darmonlarga allergik reaktsiyasi;
- Revmatik kasalliklar mavjudligi (podagra, artrit);
- Qad-qomat buzilishlari;
- Tog’ay rivojlanishidagi turli patologiyalar;
- Tog’aylarning zaiflashuvi.
Bursit
Bursit — oyoq bo’g’im xaltasida suyuqlik yig’ilishidir. Buning natijasida bo’g’imlarning sezilari darajada kattalashishi va butun oyoq bo’ylab (tovongacha tarqaladiga) og’riq yuzaga keladi. Bursit o’tkir va surunkali shaklda kechadi.
Kasallikning o’tkir shakllari kuchli va o’tkir, tugamaydigan og’riq, teri qizarishi va oyoq harakatlanishining cheklanishi bilan tavsiflanadi. Bunday holda shish aniq chegarali bo’ladi va paypaslab ko’rilganda to’plangan suyuqlik yaxshi seziladi. Surunkali bursitda esa bo’g’im xaltasining qalinlashuvi yuz beradi, bu esa tizza bo’g’imining deformatsiyalanishiga olib keladi.
Bursitning eng ko’p uchraydigan sabablari quyidagilardan iborat:
- Yuqumli kasalliklar;
- Tizzaning muntazam jarohatlari;
- Bo’g’imlarni doimiy ravishda haddan tashqari zo’riqishi;
- Yuklarni ko’tarishda og’irlikning noto’g’ri taqsimlanishi.
Artrit
Bu tizza bo’g’imining yallig’lanishli kasalligi bo’lib, yallig’lanish sohasidagi haroratning ortishi, kuchli o’griq, harakatlanganda ham, tinch holatda ham doimiy og’riq mavjudligi bilan namoyon bo’ladi. Artrit rivojlanishining umumiy sabablari orasida tizzaga infektsiyalar tushishi, irsiyat, jismoniy faoliyatning kamligi, beqaror ovqatlanishlar ajratiladi.
Reaktiv artrit
Ushbu kasallikda yallig’lanish jarayoni nafaqat tizza bo’g’imlariga, balki atrofdagi tog’aylarga, boshqa bo’g’imlarga va hatto ko’zlarga ham ta’sir qiladi. Reaktiv artritni ko’pincha siydik-tanosil yuqumli kasalliklari (gonoreya, ureoplazma, xlamidioz) yoki ichak kasalliklari (salmonellyoz, dizenteriya) keltirib chiqaradi.
Sinovit
Sinovit — bo’g’im ichki qavatini qoplab turuvchi sinovial pardaning yallig’lanishi. Sinovit rivojlanishi sabablariga shikastlanishlar, autoimmun jarayonlar, modda almashinuvi buzilishlari kiradi. Kasallik aseptik xarakterga ega (ya’ni sinovitda infektsiya yo’q), lekin sinovial suyuqlikka infektsiya tushgan hollarda yiring paydo bo’ladi va u yiringli sinovit deb ataladi. Bu kasallik o’tmas og’riq va ichkaridan yorib yuborilgudek noxush tuyg’ular bilan birga keladi.
Osteoporoz
Suyaklar tuzilishidagi o’zgarishlar bilan kechadigan jiddiy kasallik. Natijada suyak to’qimasi juda nozik va zaif bo’lib qoladi, bemor tez-tez suyak sinishlaridan aziyat chekadi. Tizzadagi og’riq (kechki umurtqa og’riqlari bilan birga) osteoporozning birinchi belgisi hisoblanadi.
Osteomielit
Suyak to’qimasida bu yiringli-nekrotik jarayonning sababchisi bakteriyalardir. Kasallikning boshidanoq bemor o’ta kuchli, chidab bo’lmas og’ir sezadi. Bu xarakterli alomatlar bilan bir qatorda zaiflik, isitma ham kuzatiladi. Shikastlangan tizzalar shishadi, uning ustidagi teri qizarib qoladi.
Suyaklar sil kasalligi
Bu jiddiy kasallik suyakning erishi (so’rilib ketishi) bilan boshlanadi. Jarayon asta-sekin kuchayib boradi va boshqa yangi sohalarni qamrab oladi. Suyak tuberkulyozi yiringli oqma yoki tashqi ochiqlik bilan namoyon bo’ladi.
Tizza og’riganda nima qilish kerak
Tizza og’rig’iga e’tibor bermaslik juda xavflidir. U nima sababdan kelib chiqqani ma’lum bo’lmasa, kasallikning dastlabki bosqichida qo’yilgan tegishli tashxis uni o’z vaqtida, asosiysi samarali davolash imkonini beradi. Shu sababli dastlabki bezovtalik belgilarda shifokorga murojaat qilish maqsadga muvofiqdir.
Tizza og’riganda qaysi shifokorga murojaat qilish vaziyatga bog’liq. Xususan tizza jarohatlangan bo’lsa, jarroh yoki travmatolog maslahati kerak. Aks holda terapevtga tashrif buyurish zarur, u tegishli tekshurivlardan so’ng keyingi tor mutaxassisga yo’llanma beradi yoki davolash kursini tayinlaydi.
Ko’pincha bemorlar ortoped, nevrolog, osteopat yoki revmatolog mutaxassis huzuriga yuboriladi.
To’g’ri tashxis qo’yish uchun quyidagi tadqiqot usullari talab qilinishi mumkin:
- So’rov (bemor shikoyatlari o’rganiladi, uning sezgilari, harakat vaqtidagi og’riq, kasbi va hayot tarzi aniqlanadi);
- Ko’rik — ba’zida tashqi belgilar orqali tajribali shifokor og’riq sababini tashxislashi yoki hech bo’lmasa ma’lum bir kasallikdan shubha qilishi mumkin;
- Umumiy qon tahlili (leykotsitoz, kamqonlik, ECHTning oshishi, yallig’lanish borligi to’g’risidagi xulosalar va boshqalar);
- Biokimyoviy tahlil (masalan, siydik kislotasining yuqori darajalari podagraga ishora qilishi mumkin);
- Mikrobiologik tadqiqotlar (masalan, reaktiv artrit shubha qilinganda xlamidiyalarni aniqlash uchun);
- Serologik tadqiqotlar;
- Rentgenografiya — tizza sohasidagi og’riqlar mavjudligida juda informatsion tadqiqot usuli. Tasvir odatda biron kasallikning xarakterli patologiyasi va o’zgarishini ko’rsatadi;
- Magnit-rezonansli tomografiya (MRT);
- Ultratovushli tekshiruv (UTT) — tizza shikastlanishi ehtimoli mavjud bo’lganda juda kerakli hisoblanadi, meniskopatiya, osteoartrit mavjudligini ko’rsatadi;
- Artroskopiya — diagnostika va terapevtik maqsadlar uchun maxsus uskunalar yordamida amalga oshiriladi;
- Suyak biopsiyasi — (osteomielit yoki suyak tuberkulyozining tashxisini tasdiqlash uchun);
- Bo’g’im punktsiyasi — maxsus igna bilan bo’g’imdan suyuqlik olinadi va o’rganiladi (shaffofligi, qon hujayralari va oqsillar miqdori, mikroorganizmlar mavjudligi);
- Densitometriya — bu usul yordamida osteoporozda (yoki ushbu kasallik shubha qilinganda) suyak zichligi o’rganiladi.
Tizza og’rig’ini davolash
Tizza og’irganda terapevtik chora-tadbirlar og’riqni keltirib chiqargan sabablarga bog’liq. Yuqorida aytib o’tilganidek, tizzada og’riq yuzaga kelishiga bir qator kasalliklar va omillar ta’sir ko’rsatadi, shuning uchun muammoni uy sharoitida mustaqil davolash samarasiz va hatto xavfli bo’lishi mumkin. Aniq tashxis qo’yish va davolash faqat vakolatli mutaxassis tomonidan amalga oshiriladi.
Quyidagi holatlar kuzatilganda shifokorga tashirfni kechga qoldirmaslik zarur:
- Tizza og’rig’i uzoq vaqt davom etsa;
- Vaqt o’tishi bilan og’riq pasaymasa va aksincha, kuchayib borsa;
- Og’riq to’satdan va sababsiz yuzaga kelsa;
- Tizzada qizarish bo’lsa;
- Tizza va uning atrofida sezish darajasi o’zgarsa;
- Tizzaning qiyshayishi kuzatilsa.
Har bir holda tashxislash va davolash ro’yxati alohida-alohida tanlanadi.
Shunday qilib, tizzadagi og’riqni keltirib chiqargan omilga qarab, shifokor bemorni davolashda quyidagi chora-tadbirlarga murojaat qilishi va tavsiyalar berishi mumkin:
- Harakatni kamaytirish yoki jismoniy faoliyatni to’liq cheklash (ba’zan uni maxsus bint bilan mahkam bog’lab, tizzani harakatlantirmaslik talab etiladi);
- Elastik bint yoki bandajdan foydalanish — bo’g’imlarni barqarorlashtirishga yordam beradi;
- Mashqlarni boshlashdan oldin qizinib olish uchun mashqlarni bajarish, og’irlikni asta-sekin oshirish;
- Kompresslar qo’yish — ayrim hollarda, shifokor issiq kompres yoki qizdiruvchi malhamlar tavsiya qilishi mumkin (to’qimalarning mikrosirkulyatsiyasini yaxshilash uchun); ba’zan sovuq kompresslar qo’uish maqsadga muvofiq bo’ladi (o’tkirni og’riq davolash uchun, muolaja 15 daqiqadan oshmasligi lozim);
- Dori-darmonli davolash — masalan, tizzada yallig’lanish bo’lsa, yallig’lanishni oluvchi kompleks preparatlar buyuriladi, agar jarohat mavjud bo’lsa, tiklovchi preparatlar;
- Jarrohlik;
- Fizioterapiya.
O’ta og’ir hollarda bemorlar ko’rikdan o’tish va davolanish uchun kasalxonaga joylashtiriladi.
Meni tizzam va chigonoqimda polo artirit kasallik bor deyabdi xozirda ancha chishgan yurkga xam tasir qilmoqda qayerda dovolatsam bu xaqida tajribali shifokorlar bormi
Agar tashxis poliartrit bo’lsa, bunday kasalliklarni davolash bilan tor mutaxxassis — revmatolog shug’ullanadi. Umumiy tavsiyalar yoxud tegishli shifokorga yo’llanma olish uchun mahalliy poliklinka terapevtiga murojaat qilish mumkin.