Alkogolizm — etilogiyasi, bosqichlari, zararlari, tashxislash, ichkilikbozlikni davolash

Alkogolizm (lot. alcoholismus), shuningdek ichkilikbozlik, surunkali alkogolizm, surunkali alkogolli intoksikatsiya, etilizm, alkogolli toksikomaniya va boshqalar — surunkali psixik progredient kasallik, toksikomaniyaning bir turi, alkogolga (etil spirtga) ruju qo’yish va unga aqliy va jismoniy jihatdan qaram bo’lish bilan tavsiflanadi. Alkogolizm qabul qilinadigan alkogol miqdorini nazorat qila olishni yo’qotish, alkogolga nisbatan tolerantlikning oshishi (shirakayflikni ta’minlash uchun zarur bo’lgan spirtli ichimlik dozasining ko’payishi), abstinent sindrom, a’zolarning toksik shikastlanishi va mastlik paytida sodir bo’lgan ayrim voqealarni eslay olmaslik bilan xarakterlanadi.

Alkogolizm kasalligi haqida

Alkogolik — alkogolizmga chalingan bemor.

XIX asrga kelib aholi farovonligining oshishi bilan alkogolizm ham oshadi deb hisoblangan. Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti dunyoda alkogolizm bilan kasallanish muntazam ko’payib borishini aytmoqda: 2000- yilda dunyoda 140 millionga yaqin odam alkogolizmga chalingan bo’lsa, 2010-yilda bu ko’rsatkich 208 millionga yaqin kishiga yetdi: bunday tendentsiya bilan, 2050-yilga kelib dunyodagi alkogolizmga chalinganlar soni bu raqamlardan ham oshib ketishi mumkin, bu 9,5 milliard aholidan 500 million kishi, ya’ni har 19 kishidan bittasi deganidir.

Tibbiy tushunchalar

Amerika tibbiyot assotsiatsiyasi jurnali (Journal of the American Medical Association) alkogolizmga: «spirtli ichimlik ichishni nazorat qilishning buzilishi, alkogolga ruju qo’yish, salbiy oqibatlariga qaramasdan spirtli ichimliklarni ichishni davom ettirish va fikrlashning buzilishi bilan tavsiflanadigan birlamchi surunkali kasallik» deb ta’rif bergan.

DSM-IV (psixiatriya va fiziologiyada diagnostika standarti) ichkilikbozlikni spirtli ichimliklarni takrorlanuvchi salbiy oqibatlarga qaramasdan takroriy ravishda ichish deya ta’riflaydi.

APA Dictionary of Psichologic ma’lumotlariga ko’ra, alkogolizm — spirtli ichimliklarga qaramlik terminining kundalik nomidir. Shuni ta’kidlash kerakki, bunda qaysi turdagi qaramlik nazarda tutilganligi haqida bahslar mavjud: jismoniy (abstinent sindromi bilan xarakterlanadi), psixologik (shartli refleksning mustahkamlanishi asosida) yoki har ikkalasi.

O’rganish tarixi

«Surunkali alkogolizm» atamasi birinchi marta 1849-yilda Shvetsiyalik shifokor va jamoat arbobi M.Guss tomonidan qo’llanilgan bo’lib, bu termin spirtli ichimliklarni uzoq muddat va me’yordan ortiqcha ichishda inson organizmida yuzaga keladigan patologik o’zgarishlarning umumiyligini ta’riflash uchun ishlatilgan. Biroq uzoq vaqt davomida mastlik (spirtli ichimliklarni haddan tashqari iste’mol qilish) va alkogolizm (kasallik) orasida farq yo’q edi. XIX asr va XX asrning boshlarida alkogolga qaramlik odatda dipsomaniya deb atalgan, ammo hozirda bu atama boshqa ma’noga ega. Alkogolizmning kasallik sifatida tasavvurlari E. Krepelin, K. Bongefera, E. Bleuler , S. S. Korsakov , S. G. Jislin, I. V. Strelchukning mehnatlari bilan mustahkamlangan. Alkogolizm 1952-yilda Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan kasallik sifatida tasdiqlangan.

Epidemiologiya

XX asr mobaynida alkogolizmga chalingan bemorlar sonining ko’payishida barqaror tendentsiya kuzatilgan edi. Misol uchun, iqtisodiy rivojlangan 15 ta mamlakatda o’rtacha yillik alkogolizm tarqalganligi ko’rsatkichi 1900-1929 yillarda 1000 aholi uchun 0,3, 1956-1975 yillarda 12,3 kishini tashkil etgan. 1930-yildan 1965-yilgacha alkogolizmga chalingan bemorlar soni 50 barobarga oshdi.

1980-yillardan beri alkogolizmning yirik epidemiologik tadqiqotlari o’tkazilmoqda; ular alkogolizm va ichkilikbozlikning tarqalganligi turli mamlakatlar o’rtasida juda farq qilishini ko’rsatmoqda. Shunday qilib, rivojlangan mamlakatlarda alkogolizm epidemiologiyasining dastlabki tadqiqotlari ushbu kasallik eng ko’p Frantsiyada tarqalganini, keyingi o’rinlarda Amerika Qo’shma Shtatlari, Shveytsariya va Shvetsiya turganligini ko’rsatdi. Biroq, vaqt o’tishi bilan bu ko’rsatkichlari o’zgardi. Shunday qilib, AQShda spirtli ichimliklar iste’moli kamaydi, sobiq SSSR va Yaponiya mamlakatlarida esa ko’paydi.

XXI asrning boshlarida dunyoda yiliga 200 milliard litrdan ortiq spirtli ichimliklar ishlab chiqarilgan. Barcha rivojlangan mamlakatlarda 15 yoshdan katta bo’lgan shaxslarning ko’pchiligi spirtli ichimliklar iste’mol qiladi, bunda erkaklarning oltidan bir qismi va ayollarning o’n uchdan bir qismi har kuni. Rivojlangan mamlakatlarda aholi jon boshiga alkogol iste’mol qilish yiliga 7-14 litrni tashkil etadi; rivojlanayotgan mamlakatlarda bu ko’rsatkich pastdir, lekin unining ko’payishi tendentsiyasi mavjud.

Farmakodinamika va metabolizm

Alkogolli ichimliklarning ta’sir qiluvchi komponenti — etanol — oshqozon-ichak trakti orqali tezda so’riladi, inson miyasiga kirib, asab hujayralari bilan aloqa qiladi. Qonda etanolning konsentratsiyasi spirtli ichimliklar ichilgach 45-90 daqiqa o’tib maksimal darajaga yetadi. Etanol organizmdan o’pka, buyraklar, sut va ter bezlari, najas bilan o’zgarmagan holda va asosan jigarda sodir bo’ladigan biotransformatsiya orqali chiqib ketadi. Birinchi sutka davomida organizmdan spirtni chiqarib tashlash va parchalash davom etadi:

  1. Sitozolda oksidlanishi: C2H5O + 2HAD → C2H4O + 2HAD°H — 70-80% etanolni metabolizatsiya qiluvchi va sog’lom odamlarda asosiy chiqib ketish yo’li.
  2. Jigarning mikrosomal etanoloksidlovchi tizimi yordamida oksidlanish.
  3. Nihoyat, to’qimalarning katalaza, oksidaza va peroksidazalari yordamida oksidlanish. Sog’lom odamlarda u etanol metabolizmning 15 foizini tashkil etadi, alkogolizm bilan kasallangan bemorlarda uning miqdori oshadi.

Asetaldegidning yakuniy yo’li: aldegiddegidrogenaza yordamida asetatga aylanishi, so’ng asetil-KoA ishtirokida uning ko’mir kislotasi va suvgacha oksidlanishi: C2H4O → asetat → CO2 + H2O + energiya. Sog’lom odamda oksidlanish darajasi muttasil va soatiga har bir inson vazni kilogrammi uchun taxminan 0.1 g sof etanolni tashkil etadi. Qabul qilingan alkogolning 10 foizigacha miqdori buyraklar va nafas orqali o’zgarmagan holda chiqib ketadi.

Organizm o’zini haddan ortiq miqdordagi spirtli ichimliklar tushishidan himoya qilishining tabiiy usuli qayt qilish refleksi hisoblanib, alkogolizm rivojlanishi bilan u refleks zaiflashadi.

Etiologiya

Albatta, spirtli ichimliklarni qabul qilishning sababi uning odamga ta’siri, masalan, eyforiya, uyquchanlik, soxta isinish hissi va boshqalarni chaqirishidir. Alkogolizmning etiologiyasiga ko’plab qarashlar mavjud. Masalan, W Sudduth (1977), kasallikning rivojlanishi asosi etanolning oshqozon-ichak traktiga ta’sir qilishi bilan bog’liq deb hisoblagan. Uning nazariyasiga ko’ra, etanol oziqa moddalarini so’rilishini ingibitsiya qiladi, ammo toksinlarning so’rilishini kuchaytiradi. Asta-sekin toksinlar miqdori tobora ko’payib boradi va bunda antibakterial va neyroblokator agent faqatgina etanol bo’lib qoladi. U inson holatini vaqtincha yaxshilaydi va «kompulsiv intilishni» belgilaydi. Shunda oxiri berk aylana hosil bo’ladi. Pyatnitskaya yozganidek: «Aynan toksik yopiq aylana alkogolizmning neyrologik va genetik simptomatikasini tushuntiradi».

Bugungi kunda alkogolli ichimliklarni o’tkir va surunkali iste’mol qilishning miya tizimlarining neyrokimyoviy funktsiyasiga ta’siri o’rganilmoqda, masalan, etanolning markaziy asab tizimiga ta’sirining mexanizmlarida gamma-aminomoy kislotaga katta e’tibor qaratilmoqda.

Ammo, kasallikning mexanizmi aniq emasligiga qaramasdan, uning asosiy manbai bo’lib spirtli ichimliklar va ularning ta’siri xizmat qiladi. Bundan tashqari, ko’p narsa biologik, psixologik va ijtimoiy omillarga bog’liq.

  • Ijtimoiy omillar. Aholi farovonligi oshishi bilan alkogolizm darajasi oshib borishi XIX asrdayoq isbotlangan edi. 10% erkak-alkogolik va 50% ayol-alkogliklar alkogolizm bilan kasallangan shaxslar bilan turmush qurishgan. Mastlikka va o’z navbatida alkogolizm rivojlanishiga ko’plab an’analar ham hissa qo’shadi. Spirtli ichimliklarga qaramlik rivojlanishi ehtimoli turli xil kamsitilgan yoki boshqalardan ajralib turuvchi ijtimoiy guruhlarda ko’proq bo’ladi. Misol uchun, Qo’shma Shtatlarda gomoseksuallar orasida alkogolizm darajasi ancha yuqori, bu ularning moslashuvchanligi qiyinchiliklari bilan bog’liq.
  • Mastlikka biolgik moyillik (yoki jismoniy omil). Bunday fikrlar mavjud bo’lgan va hozirda ham mavjud. O’zgarishi va mutatsiyalari spirtli ichimliklarni iste’mol qilish darajasi va alkogolizm xavfi bilan assotsiatsiyalanadigan genlar: ADH1B.
  • Psixologik omil. Markaziy asab tizimining depressanti bo’lib, alkogol qadimgi davrlardan buyon odam tomonidan ishlatilgan. Zaif, yaxshi tashkillashmagan shaxs bu dunyoda o’zini tobora ko’proq yo’qotib qo’ymoqda va natijada ichkilikka berilib ketmoqda. Ma’lum bir psixiatrik kasallikning fonida alkogolizasiya og’ir shakl hisoblanadi.

Patogenez

Monoetiologik tamoyil asosida alkogolizmni o’rganishga urinishlar qilingan bo’lsa-da, kasallik patologiyasi bo’yicha savol ochiq bo’lib qolmoqda. Ba’zilarda psixotik buzilishlar juda tez yuzaga keladi, boshqalarda esa jarayon sekin, destruktiv-organik hisoblanadi. Alkogolning muayyan a’zolarga ta’sirini o’rganish boshlandi. Ko’p qirrali izlanishlar natijasida turlicha patologiyaning yagona radikali — alkogoliklarning gipoadrenergiyasi ma’lum bo’ldi. Muayyan neyronal tizimidan kelib chiqib qaramlikning ta’siri ham hali o’rganilmagan. Bunda faqat qay bir a’zolar eng ko’p surunkali intoksikatsiyaga duchor bo’lganiga qarab hukm chiqarish mumkin.

Alkogolizm psixik buzilishlar va ichki a’zolarning o’ziga xos alkogolli shikastlanishlarining kuchayib boradigan simptomatologiyasi bilan ajralib turadi. Alkogolni organizmga ta’sir qilishining patogenetik mexanizmlari tirik to’qimalarga, xususan, inson tanasiga etanolning bir necha turdagi ta’siri bilan vositalanadi.

I. P. Anoxinaning fikriga ko’ra, alkogol psixoaktiv ta’sirining asosiy patogenetik tarkibiy qismi turli neyromediator tizimlarining, xususan katexolamin tizimining faollashuvidir. Markaziy asab tizimining turli darajalarida ushbu moddalar (katexolaminlar va endogen opiatlar) og’riqni sezish porogining ko’payishi, hissiyotlar va xatti-harakatlar reaktsiyalarining paydo bo’lishi kabi turli xil ta’sirlarni belgilaydi. Alkogolli ichimliklarni surunkali ravishda iste’mol qilish oqibatida ushbu tizimlar faoliyatining buzilishi spirtli ichimliklarga qaramlikning rivojlanishi, abstinent sindrom, alkogolga qarshi tanqidiy nuqtai nazarning o’zgarishi va boshqalarga olib keladi.

Alkogolning oksidlanishida organizmda surunkali intoksikatsiyaning rivojlanishiga olib keladigan zaxarli modda — asetaldegid hosil bo’ladi. Asetaldegid ayniqsa qon tomirlari devorlariga (ateroskleroz rivojlanishini rag’batlantiradi), jigar to’qimasiga (alkogolli gepatit), miya to’qimasiga (alkogolli ensefalopatiya) kuchli toksik ta’sir ko’rsatadi.

Alkogolizm bosqichlari

Ushbu kasallik patologiya sifatida bir necha bosqichdan o’tadi, bunda ular alkogolli qaramlikning bosqichma-bosqich ko’payishi, spirtli ichimliklar ichishda o’zini nazorat qilishni yo’qotish, shuningdek, alkogol bilan surunkali intoksikatsiya natijasida chaqirilgan turli somatik buzilishlarning progressiv rivojlanishi bilan tavsiflanadi.

Alkogolizmning eng oddiy differentsiatsiyasi ichkilikbozlikning klinik va ruhiy alomatlari, shuningdek iste’mol qilinadigan spirtli ichimliklar miqdori va kunlik soniga asoslanadi. Bunda shaxs spirtli ichimliklarni qay tartibda ichishi bo’yicha quyidagi guruhlar ajratiladi:

  1. Umuman iste’mol qilmaydigan shaxslar;
  2. Me’yorda iste’mol qiladigan shaxslar;
  3. Suiste’mol qiluvchi shaxslar (spirtli ichimliklarga qaramlikning rivojlanishi):
    1. Alkogolizm belgilari bo’lmagan holda
    2. Alkogolizmning dastlabki belgilari bilan (vaziyat va dozani nazorat qilish, mayzadalik)
    3. Alkogolizmning sezilarli belgilari bilan (muntazam mayzadaliklar, ichki a’zolarning shikastlanishi, alkogolizmga xos ruhiy kasalliklar).

Yuqorida keltirigan tasniflashdan ko’rinib turganidek, spirtli ichimliklarga qaramlik alkogolni tasodifiy iste’mol qilish epizodlaridan og’ir alkogolizm bilan kasallanishga qadar rivojlanadi.

Ko’pincha, alkogolizmga chalingan bemorlar (barcha bosqichlarda) kasal ekanini inkor etadi yoki vaziyatni yetalicha jiddiy deb hisoblamaydi. Ushbu hodisa alkogolli anozognoziya deb ataladi.

Alkogolizmni progredient surunkali kasallik deb hisoblash doirasida kasallik rivojlanishida uchta asosiy bosqich ajratiladi.

Birinchi bosqich

Alkogolizmning birinchi bosqichida bemorda spirtli ichimliklar iste’mol qilishga bostirish qiyin bo’lgan istak uyg’onadi. Agar spirtli ichimlikni ichish imkoni bo’lmasa, intilish hissi vaqtincha yo’qoladi, ammo alkogol qabul qilish holatida ichiladigan miqdorni nazorat qilish qobiliyati keskin pasayib ketadi. Kasallikning bu bosqichida mastlik ko’pincha haddan tashqari qo’zg’alganlik, agressiya va hatto xotira yo’qotilishi (bu bosqicha kamdan-kam hollarda) bilan kechadi.

Bemorda spirtli ichimliklarga qarshi tanqidiy nuqtai nazar yo’qoladi, u har bir spirtli ichimliklarni iste’mol qilish holatini oqlashga harakat qiladi. Birinchi bosqichning oxirida tolerantlikning (spirtli ichimliklarni ko’tara olish qobiliyati) sezilarli o’sishi kuzatiladi. Alkogolizmning birinchi bosqichi asta-sekin ikkinchi bosqichga o’tadi. Bu bosqichda ichkilikni tashlash nisbatan eng osondir.

Ikkinchi bosqich

Alkogolizmning ikkinchi bosqichi alkogolga tolerantlikning sezilarli darajada o’sishi bilan ajralib turadi va asta-sekin u eng yuqori darajaga — «tolerantlik platosi»ga yetadi. Asta-sekin odam iste’mol qilinadigan alkogol miqdori ustidan nazoratni batamom yo’qotadi. Ushbu bosqichda spirtli ichimliklarga jismoniy qaramlik mavjud bo’ladi. Kasallikning aynan ikkinchi bosqichida bosh og’rig’i, tashnalik, asabiylashish, uyqu bilan bog’liq muammolar, yurak sohasida og’riq, oyoq-qo’llarning yoki butun vujudning titrashi bilan birga kechadigan abstinentli alkgolli sindrom yuzaga keladi. Bunda qaramlikning yopiq aylanasi hosil bo’ladi — to’xtatib bo’lmaydigan bir necha kunlab mastlik. Tibbiy yordamsiz mayzadalikning (zapoyning) keskin uzilishi turli asoratlarga, hatto metalkogol psixozga ham olib kelishi mumkin. Ushbu bosqichda hali kasallikni davolasa bo’ladi.

Uchinchi bosqich

Spirtli ichimliklar ichish istagi kuchayib boradi, mutanosib ravishda o’zini nazorat qilish qobiliyati kamayadi. Organizm endi oz miqdordagi spirtli ichimliklarga ehtiyoj sezadi. Bunday holda, psixikadagi buzilishlar tobora ko’proq amneziyaga sabab bo’ladi. Ruhiy, jismoniy va ijtimoiy degradatsiya kuchayadi. Sekin-asta «chin zapoy» degan tushunchaga yaqin bo’lgan holat yuzaga keladi — odamda endida ongsiz ravishda alkogolga chidab bo’lmas intilish uyg’onadi. Mast bo’lish uchun organizmga ozgina miqdorda alkgol (bir ryumka va undan ham kam) yetarli ekanligi sababli, bunday zapoy ba’zida tananing to’liq holsizlanishi bilan tugaydi. Ushbu vaqtga kelib ruhiy kasalliklar tuzatib bo’lmas shaklga o’tadi, alkogolli degradatsiya boshlanadi. Tegishli tibbiy yordamsiz uzilib qolgan zapoy ko’pincha metalkogol psixoz bilan birga kechadi. Uchinchi bosiqchdagi alkogolizmni davolash o’ta murakkab hisoblanadi.

Alkogolizmning kamprogredient (statsionar) kechishi bilan kasallikning asosiy alomatlari progressiyasi ancha past bo’ladi.

Diagnostik belgilari

«Alkogolizm» tashxisini qo’yish uchun bemorda quyidagi belgilar mavjudligi tekshiriladi:

  • Ko’p miqdordagi spirtli ichimliklarni iste’mol qilishda qayt qilish reaktsiyasi yo’qligi;
  • Ichilgan alkogol miqdori ustidan nazoratni yo’qotish;
  • Qisman retrograd amneziya;
  • Abstinent sindrom mavjudligi;
  • Zapoyli mastlik.

Kasalliklarning Xalqaro Tasnifi (KXT)-10 aniqroq tashxis shkalasini belgilaydi:

O’tkir mastlik

KXT bo’yicha F 10.0.

Tashxis intoksikatsiyaga boshqa jiddiyroq buzilishlar hamrohlik qilmaganida asosiy hisoblanadi. Shuningdek, quyidagilarni ham hisobga olish kerak:

  • Doza darajasi;
  • Hamrohlik qiluvchi organik kasalliklar;
  • Ijtimoiy sharoitlar (bayramlarda, karnavallarda xatti-harakat tormozlanganligi);
  • Modda iste’molidan keyin o’tgan vaqt.

Ushbu tashxis alkogolizmni istisno etadi. Xuddi shu toifaga (qo’shimcha belgisi 7, ya’ni F 10.07) patologik mastlik ham kiradi.

Zararli oqbibatlarli ichish

KXT bo’yicha F 10.1.

Sog’likka zarar yetkazadigan alkogol ichish modeli. Zarar jismoniy (gepatit va hokazo) yoki ruhiy bo’lishi mumkin (masalan, alkogolizatsiyadan keyingi ikkinchi darajali depressiya). Diagnosik belgilar:

  • Ichgan odamning psixikasiga yoki jismoniy holatiga bevosita zarar yetishi mavjudligi;
  • Salbiy ijtimoiy oqibatlar mavjudligi ham tashxisni tasdiqlaydi.

Zararli oqibatlarli ichish kasallikning alkogol bilan bog’liq bo’lgan yanada o’ziga xosroq shakli mavjud bo’lganda tashxislanmasligi kerak. Ushbu tashxis ham alkogolizmni istisno etadi.

Qaramlik sindromi

KXT bo’yicha F 10.2.

Fiziologik, xulqiy va kognitiv hodisalarning kombinatsiyasi, bunda alkgolli ichimliklar ichish bemorning qiymat tizimida birinchi o’ringa chiqadi. Tashxis qo’yish uchun yil davomida quyidagi alomatlarning kamida uchtasi kuzatilgan bo’lishi kerak:

  1. Alkogol iste’mol qilishga kuchli muhtojlik yoki istak.
  2. Alkogol iste’mol qilishni nazorat qilish qobiliyatini yo’qotish, ya’ni ichishni boshlash, yakunlash va / yoki uning miqdorini.
  3. Bekor qilish holatlari ( F 10.3 va F 10.4 ga qarang).
  4. Tolerantlikning ortishi.
  5. Alkogolizatsiya foydasiga boshqa qiziqishlarning progressiv unutilishi, alkgolni topish, qabul qilish va uning ta’siridan keyin tiklanish uchun talab etiladigan vaqtning uzayishi.
  6. Ayon bo’lgan salbiy oqibatlarga qaramasdan, alkogolli ichimliklarni ichishni davom ettirish.

Ko’pgina shifokorlar uchun ichkilikka qaramlik sindromi alkogolizm tashxisini qo’yish uchun yetarli hisoblanadi, biroq post-sovet psixiatriyasi ancha qat’iyroqdir.

F 10.2 tashxisi beshinchi belgi bilan to’ldirilishi mumkin:

0 — hozirgi vaqtda ichishdan tiyilish;
1 — hozirgi vaqtda tiyilish, ammo ichishni istisno qiladigan sharoitlarda (shifoxonada, qamoqxonada va hk);
2 — hozirgi vaqtda klinik nazorat ostida, o’rnini bosuvchi yoki tiklovchi terapiyada;
3 — hozirgi vaqtda tiyilish, ammo nafrat uyg’otadigan yoki taqiqlovchi dorilar (teturam , litiy tuzlari) bilan davolanishda;
4 — hozirgi vaqtda etanolni qabul qilish (faol qaramlik);
5 — doimiy qabul qilish;
6 — epizodik qabul qilish.

Bekor qilish holati

Odatda uzoq muddatli va / yoki massiv (katta dozalarda) alkogol iste’mol qilishdan so’ng spirtli ichimliklar iste’mol qilishning to’liq yoki qisman to’xtatilishida namoyon bo’ladigan turli xil kombinatsiyali va og’irlik darajasida bo’lgan alomatlar guruhi.

Bekor qilish sindromi uchun ruhiy buzilishlar (masalan, tashvish, depressiya, uyqu buzilishi) xarakterlidir. Bekor qilish sindromi qaramlik sindromining namoyon bo’lishlaridan biridir.

Alkogolizmda salomatlikning buzilishi

Alkogol hujayra membranalariga toksik ta’sir ko’rsatadi, neyromediator tizimlarining faoliyatini buzadi, qon tomirlarini kengaytiradi va issiqlik chiqarilishini ko’paytiradi, siydik ajralishini va oshqozonda xlorid kislota sekretsiyasini oshiradi.

Ichki a’zolarning alkogolli shikastlanishi (alkogolli vistseropatiya)

Alkogolni uzoq muddat suiste’mol qilish ichki a’zolarning tuzatib bo’lmas o’zgarishlariga olib keladi. Surunkali alkogolizm fonida alkogolli kardiomiopatiya, alkogolli gastrit, alkogolli pankreatit, alkogolli gepatit, alkogolli nefropatiya, alkogolli ensefalopatiya, turli shakldagi anemiya, immun tizimi kasalliklari, miyaga qon quyilishi xavfi va subaraxnoidal qon ketish kabi kasalliklar rivojlanadi.

Alkogolizm tomonidan chaqiriladigan kasalliklari ro’yxati:

  • Gaye-Vernike sindromi;
  • Subbaraxnoidal qon ketish;
  • Miya ichki qon ketishi;
  • Steatogepatit;
  • Jigar sirrozi;
  • Pankreatit;
  • Gastrit;
  • Mallory-Veyss sindromi;
  • Qizilo’ngach saratoni;
  • Oshqozon saratoni;
  • To’g’ri ichak saratoni;
  • Gemolitik anemiya;
  • Aritmiya;
  • Alkogolli kardiomiopatiya;
  • Nefropatiya;
  • Alkogolli polinevropatiya.

Alkogolizmda psixik buzilishlar

Alkogolli mastlik

Etanolning markaziy asab tizimiga ta’siri natijasida paydo bo’ladigan patologik holat. Alkogolning umumiy ta’siri markaziy asab tizimining ingibitsiyasi bilan xarakterlanadi, dastlabki bosqichlarda yuzaga keladigan eyforiya va qo’zg’alish markaziy asab tizimining tormoz mexanizmlari zaiflashuvi belgilari hisoblanadi. Akogolli mast bo’lish jarayonida nafaqat miya po’stlog’ining funktsiyasi, balki subkortikal tuzilmalar (miyacha, bazal yadrolar, miya poyasi) ham ingibitsiya qilinadi.

Alkogolli mast bo’lishning uch darajasi farqlanadi: yengil , o’rtacha va og’ir, ular etanolning toksik va psixoaktiv ta’siridan kelib chiqqan psixik va nevrologik alomatlarning progressiv o’sishi bilan tavsiflanadi. Alkogolli mastlikning tabiati ko’plab omillarga bog’liq: organizmni etanolga ta’sirchanligi, iste’mol qilinadigan spirtli ichimlikning dozasi va turi, spirtli ichimliklarni qabul qilish muhiti, ichish vaqtida iste’mol qilingan oziq-ovqatning miqdori va sifati, organizmning jismoniy holati. Simptomatika o’z harakatlariga tanqidiy fikrlashning pasayishi, yuzaki fikrlash, harakatlarning noaniqligi va tormozlanganligidan (yengil mastlikda) atrofdagilar bilan aloqa qila olmaslik, qo’pol ataksiya (harakatlarning buzilishi) va og’ir zaharlanishlarda sopor va komaga tushishgacha o’zgarib turadi.

  • Yengil darajadagi mastlikda (qonda 0,03-0,15% alkogol) ichgan odam o’ziga biroz kuch kelganini his etadi, o’z xatti-harakatlariga nisbatan tanqidiy munosabat kamayadi, haratkatlar aniqligi pasayadi, o’zini tutishi tormozlanadi.
  • O’rtacha darajadagi mastlikda (0,15-0,3%) ataksiya ortadi, psixik buzilishlar boshlanadi, diqqat tarqoq bo’lib qoladi, nutq noaniq bo’ladi, og’riq va harorat sezuvchanligi sezilarli darajada kamayadi.
  • Og’ir darajali mastlikda (0.3-0.5%) harakat tormozlanganligi va ongning chuqur to’silishi boshlanadi; ichgan odam atrofda nima bo’layotganini va atrofdagilarning gapini umuman tushunmaydi, siyib yuborishi mumkin. Odatda mastlik davrida xotira to’liq buziladi. Ba’zida nafas olish va yurak faoliyatining zaiflashuvi kuzatiladi, koma boshlanishi, o’limli yakun sodir bo’lishi mumkin.

Alkgolli psixoz

«Alkogolli psixozlar» atamasi ilgari alkogol miyaga bevosita ta’sir qiladi deb hisoblanganda ishlatilgan. Keyinchalik bu atama metalkogolga o’zgartitirildi, chunki ular inson organizmining etanol bilan uzoq vaqt intoksikatsiyaning natijasi ekanligi aniqlandi.

Metalkogol psixoz — bu psixik buzilish bo’lib, alkogol bilan surunkali intoksikatsiyalanish natijasidir. Alkogolli psixozlarning bir nechta turlari ma’lum: alkogolli deliriy («oq isitma»), alkogolli depressiya, alkogolli gallyutsinoz, alkogolli paranoid, alkogolli epilepsiya.

Alkogolli deliriy eng keng tarqalgan alkogolli psixoz turi bo’lib, u surunkali alkogolizm tomonidan chaqirilgan metabolik buzilishlar natijasida rivojlanadi. Psixoz belgilari alkogol iste’moli to’xtatilganidan keyin bir necha soat yoki kun o’tib rivojlanadi.

Alkogolli psixoz va o’tkir mastlik o’rtasidagi oraliq holat — patologik mastlik — noyob holat, hushning shafaqli chalkashishi turi bo’lib, ichmaydigan odamlarda alkogol qabul qilishda yuzaga keladi va fazo va vaqtda dizorientatsiya, harakat qo’zg’alishi, patologik affekt bilan namoyon bo’ladi.

Alkogolizmning yakunlari

Alkogolizmda o’limning eng ko’p uchraydigan sabablari — yurak-tomir kasalliklari hisoblanadi. Xususan, alkogol miokard shikastlanishini chaqirib, surunkali yurak yetishmovchiligi rivojlanishiga olib keladi va o’lim xavfi bilan tahdid qiluvchi qorinchalar fibrillyatsiyasi xavfini oshiradi. Alkogolizm shuningdek o’tkir alkogolli intoksikatsiya, o’tkir pankreatitda pankreonekroz, alkogolli jigar sirrozi oqibatida o’lim bilan yakunlanishi mumkin. Alkogoliklar o’z joniga qasd qilishi va hayotga tahdid soluvchi baxtsiz hodisalarga tushib qolishlari ehtimoli yuqori bo’ladi.

Alkogolizmni davolash

Ichkilikbozlikni davolash u paydo bo’lishining barcha sabablariga yo’naltirilgan bo’lishi kerak: biologik (dezintoksikatsiya, farmakoterapiya), psixologik (psixoterapiya), ijtimoiy (hech bo’lmasa, terapiya oiladagi munosabatlarni o’zgartirishga, bundan tashqari, alkogolizm bilan og’rigan bemorning ijtimoiy va mehnat adaptatsiyasiga qaratilgan bo’lishi kerak). Boshqacha aytganda, alkogolizmni zamonaviy shaklda davolash keng qamrovli bo’lishi va faqatgina biologik terapiyani emas, balki psixoterapiyaning turli shakllarini, shuningdek, ijtimoiy choralarni o’z ichiga olishi kerak.

Alkogolizmni davolash uchun narkolog-shifokorga murojaat etish kerak.

Medikamentoz davolash

Spirtli ichimliklarga qaramlikni bartaraf etish va surunkali alkogolli intoksikatsiyadan kelib chiqqan kasalliklarni bartaraf etish uchun ishlatiladi. Umuman olganda, ichkilikni medikamentoz davolashda barcha usullar bemorga kiritilgan dori vositasi va spirtning mos kelmasligi tufayli organizmda bemorning o’limiga olib kelishi mumkin bo’lgan moddalar hosil bo’ladi degan qo’rquvni uyg’otishga asoslanadi. Davolashning bu usuli aversiv terapiya deyiladi.

Disulfiram preparati alkogol iste’mol qilganda og’ir holsizlik chaqiradi va karbimid kaltsiy bilan birgalikda qabul qilinganda 50 foizdan ortiq hollarda bemorning alkogol ichishni tashlashiga olib keladi. Shuningdek faqat kaltsiy karbamidni o’zini ichish ham mumkin, uning ta’siri disulfiramga o’xshash, ammo uning afzalligi gepatotoksikligi yo’qligi va uyqu chaqirmasligida.

Naltrekson spirtli ichimliklarni ichish istagini kamaytirish, ichkilikdan tiyilishga yordam berish va alkogolli ichimliklarning yoqimli ta’sirini kamaytirish uchun ishlatiladi.

Akamprosat alkogol ichish ta’sirida o’zgargan miya kimyosini barqaror qiladi va alkogolga qaram bo’lganlar orasida retsidivlar sonini kamaytiradi. Rossiyalik bioelementolog professor A. V. Skalniy alkogoliklarda rux preparatlari ta’siri ostida (alkogoldegidrogenaza fermenti molekulasiga 4 ta rux atomi kiradi) alkogolli zaharlanish va abstinetsiyalar tezroq o’tib ketgani, ular kuchlari tiklanishini tezroq his etishgani, kasalxonada yotganida kamroq shamollashli va yallig’lanishli kasalliklarga duchor bo’lishgani, ularda jigar normal faoliyat ko’rsatayotganini ko’rsatuvchi laborator ko’rsatikichlar tezroq normaga qaytishi, teri qoplamlarining holati tezroq me’yorga qaytishi kuzatilganini ta’kidlagan.

Bemorga psixologik ta’sir ko’rsatish usullari

Bemorning spirtli ichimliklarga salbiy munosabatini mushtahkamlash va kasallikning qaytalanishini oldini olishga yordam beradi. Bunday muolajalar muvaffaqqiyatli bo’lsa, bemorda yuzaga kelgan qiyinchiliklar va muammolarni alkogol «yordamisiz» hal qilish mumkinligi haqida g’oyaviy nuqtai nazar paydo bo’ladi. Xususan, kognitiv-xulqiy terapiya alkogolizmni davolash uchun samarali usuldir, psixoterapiyaning bu usuli alkogolikni o’z fikrlari, hissiyotlarini nazorat qilish va o’z navbatida alkogolli ichimliklar ichish istagi uyg’ongan vaqtda o’zini qanday tutishni o’rgatadi.

Bemorni ijtimoiy reabilitatsiya qilish bo’yicha chora-tadbirlar

Alkogolizmga chalingan bemorni shaxs sifatida qayta tiklash va uni jamiyat tarkibiga qayta integratsiya qilish uchun mo’ljallangan.

«Detoksikatsiya»

Bu alkogolli ichimliklar ichishni keskin to’xtatishda somatik holatni tuzatish uchun medikamentlarni vena ichiga tomchilatib yuborishni nazarda tutadi. Qoida tariqasida, medikamentlar bilan birga alkogolga o’xshash ta’sirga ega bo’lgan benzodiazepinlar kabi preparatlar ham kiritiladi, bu abstinent sindromni oldini olish uchun kerak. Faqatgina abstinent sindromning yengil yoki o’rtacha darajadagi alomatlari xavfi bo’lgan shaxslar uyda detoksikatsiyadan o’tishlari mumkin. Shundan so’ng, retsidiv xavfini kamaytirish uchun ichkilikka qaramlikni davolash dasturi amalga oshirilishi kerak.

Benzodiazepinlar spirtli ichimliklarni keskin to’xtatilishida qo’llaniladi va ulardan uzoq muddatli foydalanish alkogolizmning yomonlashishiga olib kelishi mumkin. Benzodiazepinlarni muntazam ravishda qabul qiladigan alkogoliklar ularni qabul qilmaydiganlariga nisbatan spirtli ichimliklarni ichishdan kamroq tiyilishadi.

Normalizatsiya va tartib bilan ichish alkogoldan batamom voz kechishni nazarda tutmaydi. Alkgoliklar ichishni ushbu tarzda cheklab qo’ya olishmaydi, ba’zilari esa bunday qoidaga faqatgina vaqtincha amal qilishadi. Alkgollli ichimliklardan to’laligicha tiyilish — kasallikning rivojlanib ketishini oldini olishning yagona usulidir.

Kompleks usullar — bir nechta texnikani birlashtiradi. Bu medikamentoz va psixoterapiya, psixologik ta’sir etish va ijtimoiy reabilitatsiya kabi usullarni birlashtirishi mumkin. Ushbu usullardan biri «ispancha» usul bo’lib, psixoterapiya, medikamentoz davolash va alkogolik atrofidagi odamlar bilan ishlashni o’z ichiga oladi.

Alkogolizmga qarshi kurash

Jahon miqyosida alkogol siyosati Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi. 2010-yil may oyida Jenevadagi Jahon sog’liqni saqlash assambleyasi «Spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilishni kamaytirish bo’yicha global strategiya» ni qabul qildi. Hisobotda ko’zda tutilgan chora-tadbirlar orasida spirtli ichimliklarni reklama qilishni cheklash, spirtli ichimliklarni sotish punktlarining sonini cheklash va sotish vaqtini qisqartirish, spirtli ichimliklar uchun chakana narxlarni oshirish, spirtli ichimliklarning xavfliligi to’g’risida aholini xabardor qilish, haydovchilar qonida spirtli ichimliklarning ruxsat etilgan darajasini bosqichma-bosqich kamaytirish va boshqalar mavjud edi.

Reklama

Ushbu mazvuda 2 ta fikr qoldirilgan

  1. Ichkilikni tashlash uchun qanday kasal onalarda davolansa bo’ladi va ularning manzillari bormi

    1. Har bir viloyatda mavjud bo’lgan narkologiya dispanseriga murojaat qilish kerak, manzillarini {viloyat nomi} + narkologiya dispanseri deb Google/Yandex tizimlari orqali bilib olishingiz mumkin

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.