Endoservitsit — shartli patogen mikroorganizmlar yoki JYYI qo’zg’atuvchilari tomonidan chaqirilgan servikal kanal shilliq qavatining yallig’lanishi. Kasallikning asosiy klinik ko’rinishi qindan chiqadigan ko’p ajralmalar bo’lib, bu alomat tinchlik holatida yoki jinsiy aloqa vaqtida qorinning pastki qismida va belda paydo bo’ladigan og’riq bilan birgalikda kuzatilishi mumkin. Tashxis qo’yish uchun ko’zgular bilan ko’rish, servikal surtmani tekshirish, kengaytirilgan kolposkopiya, kichik tos a’zolarining ultratovush tekshiruvidan foydalaniladi. Etiopatogenetik davolash mikroblarga qarshi preparatlar va qin mikroflorasini, immunitetni va gormonal fonni normalizatsiya qiluvchi vositalaridan foydalanishga asoslangan.
Endoservitsit
Endoservitsit (lot. endocervicitis) — reproduktiv yoshdagi (20 dan 40 yosh) bemorlarda aniqlanadigan eng keng tarqalgan ginekologik kasalliklardan biri. Statistik ma’lumotlarga ko’ra (2012 PubMed), ayollarning yarmida hayoti davomida kamida bir marta servikal kanalning yallig’lanishi kuzatilgan. Shu bilan birga, bemorlarning 70% ga yaqin qismida yallig’lanish jarayoni nospetsifikdir.
Endoservitsit yuzaga kelishining sabablari
Endoserviks yallig’lanishining asosiy sababi — servikal kanal shilliq qavatining turli infektsion agentlar bilan zararlanishi. Yallig’lanish qo’zg’atuvchilari sifatida ham shartli patogen mikroorganizmlar (korinebakteriyalar, stafilokokklar, streptokokklar, bakteroidlar, ichak tayoqchasi va hokazo), ham JYYI agentlari (genital gerpes, xlamidiyalar, trixomonadalar, urea- va mikoplazmalar, gonokokklar va hokazo) xizmat qiladi. Endoservitsit rivojlanishida turtki bo’luvchi omillar roli infektsiyadan qolishmaydi:
- Kichik tos a’zolarida mavjud yallig’lanish — vulvovaginit, endometrit, adneksit, sistit.
- Invaziv diagnostik muolajalar, abort, tug’ruq davomida servikal kanalning travmatik jarohatlanishi.
- Bachadon ichi spirali (BIS), kimyoviy spermitsidlarni qo’llash, sifati past lateksdan tayyorlangan prezervativlar, servikal qalpoqchalar va diafragmalar, kislotalar bilan chayish tufayli allergik reaktsiyalar yoki ta’sirlanish.
- Klimaks davrida estrogen darajasining pasayishi hisobiga atrofik o’zgarishlar.
- Qin va bachadon bo’yni prolapsida ayol ichki jinsiy a’zolari joyining o’zgarishi.
- Somatik, infektsion, endokrin kasalliklar fonida, immunosupressiv preparatlar qabul qilishda immunitetning umumiy zaiflashuvi.
- To’siqli kontratseptivlardan foydalanmay pala-partish jinsiy hayot kechirish.
Endoservisit patogenezi
Endoservitsit rivojlanishining asosi — bosqichma-bosqich yallig’lanish. Dastavval mikroorganizmlar servikal kanalning shoxlangan kriptalariga kiradi. Bunda silindrik epiteliy shikastlanadi va ko’chadi, bazal membrana ochilib qoladi, bezlardan shilliq sekret ajraladi. To’qimalar po’k bo’lib qoladi, immun javob va regeneratsiyani ta’minlaydigan makrofaglar, limfotsitlar, fibroblastlar va boshqa hujayralar faollashadi. Yakuniy bosqichda to’qimalar tiklanadi, lekin bunda servikal bez chuqurchalarining yopilishi natijasida ba’zi hollarda nabotov kistalari shakllanishi mumkin. Bachadon bo’yni qin bilan umumiy anatomo-fiziologik tizimni tashkil qilganligi bois, shunga o’xshash jarayonlar qin shilliq qavatida va bachadon bo’ynining vaginal qismida (ekzoserviksda) ham sodir bo’lishi mumkin. Endoservitsitning surunkali kechishida silindrik hujayralarning yassi bilan almashinishli epiteliy metaplaziyasi bo’lishi mumkin.
Tasnifi
Kasallikning tasniflanishi uning kechishi xususiyatlariga, klinik belgilarining yaqqolligi, jarayonning tarqalganlik darajasi va endoserviksning yallig’lanishiga sabab bo’lgan qo’zg’atuvchi turiga asoslangan. Amaliy ginekologiyada endoservitsitning quyidagi turlari ajratiladi:
Kechishiga ko’ra:
- O’tkir: aniq boshlanish, sezilarli simptomatika va ginekologik ko’rikda ko’rinadigan yallig’lanishli o’zgarishlar bilan;
- Surunkali: xira klinik tasvir, ko’p bo’lmagan ajralmalar va ko’rikda bachadon bo’ynining biroz shishganligi bilan.
Jarayonning tarqalganligiga ko’ra:
- O’choqli (makulyoz): servikal kanalida yallig’lanishning alohida sohalari bilan;
- Diffuz (tarqoq): yallig’lanish jarayoni butun endoserviksni qamrab olganligi bilan.
Patogen turiga ko’ra:
- Nospetsifik: shartli-patogen mikroflora (odatda vaginal) oqibatida;
- Spetsifik: jinsiy yo’l bilan yuqadigan infektsiyalar (JYYI) oqibatida.
Kasallikning alohida turi klimatrik davrda kuzatiladigan atrofik endoservitsit bo’lib, yallig’lanishdan tashqari, servikal kanal shilliq qavatining yupqalashishi bilan ham namoyon bo’ladi.
Endoservitsit alomatlari va belgilari
Kasallik o’ziga xos alomatlarga ega emas. Odatda umumiy intoksikatsiya belgilari (kuchsizlik, isitma) qayd qilinmaydi. O’tkir servitsitdagi asosiy buzilish ajralma miqdori va tabiatining o’zgarishi hisoblanadi. Kasallikning erta bosqichlarida leykorreya ko’p, xira, oqish, sarg’ish, suyuq yoki cho’ziluvchan bo’lib ajraladi. Kasallikning qo’zg’atuvchisiga qarab, ajralmalar yoqimsiz hid olishi mumkin. Ba’zan ayolda tinchlik holatida yoki jinsiy aloqa paytida belda va qorinning pastki qismida yengil yoki o’rtacha og’riq kuzatilishi, kichik tos sohasida noqulaylik sezilishi mumkin. Agar kasallik vulvovaginit bilan birgalikda kechayotgan bo’lsa, tashqi jinsiy a’zolarda achishish, qichishish va qizarish qayd qilinishi mumkin.
Endoservitsitning ba’zi spetsifik turlarida ancha o’tkirroq tasvir kuzatiladi. Masalan, yallig’lanish jarayoni endoserviksning gonoreyali zararlanishida ayniqsa sezilarli bo’ladi, u ko’plab perigrandulyar infiltrat va mikroabstsess shakllanishi bilan birga kechadi.
O’tkir endoservitsit o’z vaqtida tashxislanmasa yoki noto’g’ri davolanilsa jarayon surunkali tus olishi mumkin. Bunday holda, klinik belgilar silliqlanadi va yo’qoladi. Yallig’lanish biriktiruvchi to’qima va mushak tolasiga chuqurroq tarqaladi. Bachadon bo’yni dastavval shishgan ko’rinadi, vaqt o’tishi bilan esa gipertrofiyalanadi va zichlashadi. Uning vaginal qismida servikal kanaldan doimiy patologik ajralmalar ajralishi tufayli psevdoeroziya shakllanishi mumkin.
Asoratlari
O’tkir endoservitsitning eng keng tarqalgan asorati — kamroq klinik alomatlar bilan namoyon bo’ladigan, lekin to’qimalarni chuqurroq zararlaydigan va bachadon bo’ynida psevdoeroziya rivojlanishi ehtimolini tug’diradigan surunkali shaklga o’tishidir. Doimiy ravishda patogen mikroflora mavjudligi tufayli (ayniqsa gonokokk va xlamidiyalar tomonidan chaqirilgan spetsifik yallig’lanishda) jarayon bachadon, bachadon naylari va tuxumdonlarga tarqalishi va keyinchalik kichik tosda bitishmali protsess rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Natijada ba’zi bemorlarda reproduktiv funktsiya buziladi, bu homilador bo’lish qiyinlashuvi, homila tushishi ehtimolining ortishi, bachadondan tashqari homiladorlik, tug’ruq murakkabliklari va tug’ruqdan keyingi infektsiyalar bilan namoyon bo’ladi. Surunkali endoservitsitda bachadon bo’yni saratoni yuzaga kelishi xavfi ortadi.
Tashxis
Endoservitsit klinik alomatlari nospetsifik ekan, tashxisni tasdiqlash uchun maxsus tadqiqotlar majmui tayinlanadi. Odatda endoserviksning yallig’lanishli shikastlanishi shubha qilingan bemorlarga quyidagilar belgilanadi:
- Ginekologik ko’rik (ko’zgular bilan). Bachadon bo’yni kanalining tashqi ochilishida shish va giperemiyani, petexial qon quyilishlarini, ko’p ajralmalarni, og’irroq hollarda eroziyalangan yuzani aniqlaydi.
- Kengaytirilgan kolposkopiya. Bachadon bo’yni kanalidan tarqalgan kengaygan tomirlarini ko’rib, vizual tekshirish ma’lumotlariga aniqlik kiritish imkonini beradi.
- Servikal surtmaning mikroskopiyasi. Preparatda odatda ko’p (50 yoki undan ortiq) leykotsitlar mavjud bo’ladi va endoservitsit qo’zg’atuvchilari aniqlanishi mumkin.
- Sitologik tekshiruv. To’qimalar tuzilmasini va hujayraviy shikastlanishi darajasini, davolash samaradorligini dinamikada baholash imkonini beradi.
- Bachadon bo’yni biopsiyasi. Bioptatning gistologik tahlil yallig’lanish jarayonining malignizatsiyasini istisno qilishga qaratilgan.
- Servikal surtmani bakteriologik ekish. Bu nafaqat muayyan mikroorganizmlarni, balki ularning antibakterial preparatlarga sezgirligini aniqlash uchun o’tkaziladi.
- Maxsus laboratoriya diagnostikasi (PZR, IFT, IST va boshqalar). Muayyan infektsion qo’zg’atuvchilarni aniqlash uchun kerak.
- Kichik tos a’zolarining ultratovush tekshiruvi. Bachadon bo’yni deformatsiyalari, o’lchami va qalinligining ortishi, gipoexogen kiritmalar mavjudligi (nabotov kistalari) mavjudligini tasdiqlaydi, shuningdek onkojarayonni istisno etadi.
Ko’rik davomida endoservitsitni boshqa bachadon bo’yni shikastlanishlari- ektopiya, saraton, tuberkulyoz, sifilisdan differentsial tashxislanishi amalga oshiriladi. Bu holda, bemorga akusher-ginekologdan tashqari, dermatovenerolog, ftizioginekolog, onkoginekolog maslahati kerak bo’lishi mumkin.
Endoservitsitni davolash
Davo choralarining maqsadi yallig’lanishni to’xtatish, turtki bo’ladigan omillarning ta’sirini kamaytirish yoki yo’q qilish va birgalikda kechayotgan patologiyalarni davolashdir. Davolashning asosiy sxemasi, qoida tariqasida, quyidagi bosqichlar bilan ifodalanadi:
- Etiotrop terapiya muayyan patogen sezgir bo’lgan maxsus mikrobga qarshi preparatlarni og’iz, mushak ichiga, vena ichiga va mahalliy usulda qo’llashni nazarda tutadi. Bemorlarga antibiotiklar, zamburug’larga qarshi, antiparazitar preparatlar va ularning kombinatsiyasi buyuriladi. Menopauza va klimaksda estrogen yetishmovchiligini to’ldiradigan gormonal dori-darmonlar ham etiotroplarga mansub.
- Qinning normal mikroflorasini tiklash — eubiotiklarni qo’llashni nazarda tutadi, bu retsidivlar (qaytalanish) ehtimolini kamaytirish uchun kerak.
Endoservitsitni keltirib chiqargan bevosita sababchilarga qaratilgan dori-darmonlarga qo’shimcha ravishda kompleks davolanish boshqa davolash usullarini ham o’z ichiga oladi. Shunday qilib, sog’ayishni tezlashtirish va asoratlarni kamaytirish uchun bemorlarga quyidagilar tayinlanishi mumkin:
- Har xil patogenlarga umumiy va mahalliy qarshilikni oshirish uchun immunoterapiya, immun javobni me’yorlashtirish;
- Fizioterapiya tiklanish jarayonlarini yaxshilaydi va maxsus dorilarning yallig’lanishga qarshi ta’sirini kuchaytiradi. O’tkir endoservitsitda bachadon sohasining UYCH-terapiyasi va bikini sohasi UBN (Jelokovtsev bo’yicha) ayniqsa samarlaridir; surunkali shaklida — DMT, past va yuqori chastotali magnitoterapiya, diadinamik toklar, bachadon sohasining magniy-elektroforezi, vaginal elektrod qo’llash bilan darsonvalizatsiya, lazer bilan vaginal davolash va loyli tamponlar yaxshi samara beradi.
Ko’pincha infektsion agentlarni saqlagan nabotov kistalari mavjud bo’lganda, diatermopunktura tavsiya etiladi. Plastik va boshqa jarrohlik usullari endoservitsit bachadon bo’yni saratoni, chandiqli deformatsiya, elongatsiya, displaziya bilan birgalikda kechganida qo’llaniladi.
Kasallik yakuni va oldini olish
Kasallik davolanganda ijobiy yakun topadi. Hatto o’tkir davrda ham ish qobiliyati saqlanib qoladi. Endoservitsitni boshdan kechirgan bemorlar bachadon bo’yni saratoni rivojlanishi mumkin bo’lgan xavf guruhiga kirishi tufayli, ular ginekolog nazoratida bo’lishlari va vaqti-vaqti bilan kolposkopiya, sitologik va bakteriologik tekshiruvlardan o’tib turishlari kerak. Kasallikni oldini olish uchun shaxsiy gigiena qoidalariga amal qilish, jinsiy aloqa paytida prezervativlardan foydalanish, jinsiy hayotni tartibga solish, hayz paytida jinsiy aloqadan saqlanish, bachadon ichi aralashuvlarini qat’iy ko’rsatmalarga ko’ra o’tkazish tavsiya etiladi.