Homiladorlikda qo’l uvishishi — sabablari, xavf omillari, davolash, oldini olish

Homiladorlik davrida ko’plab ayollarda qo’l uvishishi kuzatiladi, ammo bu holat turlicha namoyon bo’lishi mumkin. Ba’zilarda faqat o’ng qo’l uvishsa, boshqalarda har ikkalasi ham. Ba’zilarda bu holat tunda kuzatilsa, boshqalarda kunning istalgan vaqtida. Quyida buning sabablari va bartaraf etish uchun nima qilish kerakligi haqida.

Homiladorlikda qo'l uvishishi haqida

Homilador bo’lish nafaqat baxt, balki katta mas’uliyat ham sanaladi. Organizm homilaning muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun sharoit yaratish maqsadida barcha tizim va a’zolarning ishlashiga ta’sir qiluvchi gormonal o’zgarishlar hisobiga stressni boshdan kechiradi. Ushbu davr ko’plab noxush holatlar, shu jumladan qo’l yoki oyoqlarning uvishishi bilan birga kechadi.

Sabablari

Homiladorlik paytida qo’llarning uvishishi ko’p sabablarga ko’ra yuzaga kelishi mumkin. Bu davrda barcha a’zo va tizimlar ortiqcha yuk bilan ishlaydi. Shu sababli mavjud bo’lgan surunkali, shu jumladan nevrologik kasalliklar xuruj olishi mumkin.

Nima uchun homiladorlik paytida qo’llar uvishib qoladi? Bu qorinda rivojlanayotgan homila uchun xavflimi? Uni yengillashtirish uchun nima qilish kerak? Ushbu va boshqa savollar bunday yoqimsiz alomatga duch kelgan har qanday homilador ayolda paydo bo’lishi tabiiy.

Ko’pgina hollarda oyoq-qo’llarning uvishishi onaning sog’lig’i va rivojlanayotgan homila uchun xavf tug’dirmaydi, ammo bundan mustasno holatlar ham mavjud.

Shuning uchun uni keltirib chiqargan sababni aniqlash va kerak bo’lganda uni bartaraf etish o’z vaqtida choralar ko’rish zarur.

Buning uchun homilador ayol avval ginekologiga murojaat qilishi lozim. Agar muayyan kasallikka shubha qilinadigan bo’lsa, shifokor aniq tashxis qo’yish va davolanishni tayinlash uchun tor soxa mutaxassisiga yo’llanma beradi. Agar vaziyat tashqi aralashuvni talab qilmasa, shifokor noqulaylik takrorlanishi ehtimolini kamaytirish uchun o’zini qanday tutish bo’yicha tavsiyalar beradi.

Oyoq-qo’llar uvishishining asosiy sababi asablarning qisilishi yoki ezilishidir. Ammo asab tolalari bo’ylab impulslarning o’tishi buzilishiga olib keladigan omillar ham kam emas.

Homiladorlikda qo’l uvishishining umumiy sabablari:

  • Shishlar. Bo’lajak ona va homila uchun xavf tug’dirmaydigan eng ehtimolli sabab. Homiladorlik davrida buyraklarga tushadigan yuk ortadi. Suyuqlik to’qimalarda ushlanib, asab tugunlari va qon tomirlariga bosim o’tkaza boshlaydi. Natijada oyoq-qo’llarda qon aylanishining buzilishi va ularning uvishishi kuzatiladi. Bundan tashqari, shish rivojlanishiga progesteron ishlab chiqarilishining ko’payishi ham sabab bo’lishi mumkin.
  • Tanadagi mineral va vitaminlar balansi buzilishi. Homiladorlik paytida qo’l va oyoqlarda ko’pincha A va B guruhlari vitaminlari yetishmovchiligi tufayli bezovtalik kuzatiladi, magniy, kaliy, temir, kaltsiy yetishmovchiligi oyoq-qo’llar sezgirligi buzilishi, tortishishlar va og’riqlarga olib keladi. Muammoni taomnomaga mikroelement va vitaminlarga boy oziq-ovqat mahsulotlarini kiritish orqali hal qilish mumkin.
  • Tunnel sindromi — bilak paylari va suyaklari orasidagi o’rta asabning qisilishi fonida yuzaga keladigan klinik ko’rinishlar majmui. Ushbu neyropatiya kompyuterda ishlaydiganlar, skripkachilar, pianist va qo’llari doimiy zo’riqish bilan bog’liq bo’lganlarning kasbiy kasalligi hisoblanadi.
  • Bo’yin yoki bo’yin-ko’krak umurtqalari osteoxondrozi. Umurtqa va umurtqalararo disklardagi patologik o’zgarishlar tufayli qo’llar uvishishi ehtimoli juda katta. Bugungi kunda sayyoramizning har ikkinchi aholisi osteoxondrozga chalingan. Homiladorlik, qoida tariqasida, vaziyatni yanada og’irlashtiradi va kasallik xuruj olishini keltirib chiqaradi. Osteoxondroz uchun asab qisilgan tomondagi jimjimaloq va nomsiz barmoq uvishishi xarakterlidir.
  • Umurtqalararo churra. Bunda patologiya mexanizmi asab qisilishidagi kabi.
  • Umurtqa pog’onasining bo’yin qismi artrozi. Umurtqa tuzilmalarning yallig’lanish-degenerativ jarayonlari ko’pincha asab o’tkazuvchanligi buzilishiga olib keladi, buning natijasida har ikkala qo’l va oyoqlarda uvishish kuzatilishi mumkin.
  • Endokrin kasalliklar. Qandli diabetda bu holat shikastlangan tomirlar bo’ylab qon oqishi qiyinlashishi oqibatida yuzaga keladi.
  • Reyno sindromi — bu tizimli kasallik, masalan, vaskulit yoki skleroderma fonida rivojlanadigan ikkinchi darajali holat. Sindrom homiladorlik bilan bog’liq emas, shunchaki agar ayolda bunday sindrom oldin mavjud bo’lgan bo’lsa, homiladorlikda u faollashishi mumkin. Sindrom tomirlar spazmi tufayli qo’l-oyoqlarda arterial qon aylanishining buzilishi bilan tavsiflanadi. Qo’l va oyoq barmoqlarining uchlari to’satdan uvishadi, soviy boshlaydi, terisi oqarib ketadi. Keyin og’riq, achishish, kengayish hissi seziladi. Xuruj qon aylanishining tiklanishi bilan yakunlanadi, bu vaqt terining qizarishi, qizishi seziladi.
  • Tor kiyimlar kiyish. Tor manjet yoki yeng mushak va asablarning qisilishiga olib keladi, qolaversa qo’llar shishganligi tufayli ilgari o’lchami mos bo’lgan kiyimlar ham torlik qilib qolishi mumkin.
  • Sumkani yelkada ko’tarib yurish. Bu odat ham asablarning qisilishi, qon aylanishining buzilishiga olib kelishi mumkin.

Zamin yaratib beruvchi omillar

  1. Osteoporoz;
  2. Tezda vazn olish;
  3. Kamharakatlik;
  4. Surunkali, ko’pincha yurak-tomir va nevrologik kasalliklarning kuchayishi;
  5. Yelka kamari mushaklarining ortiqcha zo’riqishi;
  6. Irsiy moyillik;
  7. Jismoniy yoki ruhiy charchoq;
  8. Kuchli stress;
  9. Metabolik kasalliklar;
  10. Temir tanqisli anemiya.

Ko’pincha, o’naqay ayollarda homiladorlik paytida o’ng qo’l uvishishi qayd etiladi, chunki aksariyat harakatlarni aynan o’ng qo’l bajaradi. Chapaqaylarda esa teskari holat.

Bundan tashqari, chap qo’ldagi noqulayliklar yurak faoliyati bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Stenokardiya xuruji, ishemiya, yurak nuqsoni yoki boshqa muammolar tufayli yurak faoliyatining buzilishi barmoqlar yoki chap qo’lning uvishishi bilan namoyon bo’ladi.

Qo’lning tunda uvishishi

Agar homiladorlikda uyqu paytida qo’llar uvishadigan bo’lsa, bu ko’pincha sog’liq uchun zararli holat emas. Buning sababi noto’g’ri holatda uxlashdir. Bunday alomat tunda qo’llar bir holatda uzoq vaqt qolishi sababli yuzaga keladi. Qon tomirlari va asablarning qisilishi oyoq-qo’llarda qon aylanishi buzilishiga va sezgirlikning vaqtincha yo’qotilishiga olib keladi. Uyg’onib, faollikka kirishgach uvishish o’z-o’zidan o’tib ketadi.

Homilador ayollarda tunda qo’l uvishishining jiddiyroq sabablari quyidagilar bo’lishi mumkin:

  • Revmatoid artrit. Nafaqat katta, balki kichik bo’g’imlar ham shikastlanadi. Bo’g’im tuzilmalarining yallig’lanishi tunning ikkinchi yarmidan ertalabgacha bo’lgan vaqtda barmoqlarda og’riq, harakatning cheklanishi bilan namoyon bo’ladi. Ertalab barmoqlar odatiy ravishda bukilishi uchun ularni 30 daqiqa yoki undan ko’proq vaqt davomida qizitish talab etiladi.
  • Tenosinovit — bu kaft payi sinovial qinining yallig’lanishli shikastlanishidir. Ko’pincha patologiya tunnel sindromi bilan birga kechadi. Natijada paresteziya — sezgirlik buzilishi rivojlanadi.

Homiladorlikda qo’l uvishishini davolash

Dastlab oyoq-qo’llar sezgirligi pasayishining aniq sababini aniqlash zarur. Buni faqat shifokor amalga oshirishi mumkin. Agar bir necha kun davomida doimiy ravishda uvishishlar kuzatilsa, avval akusher-ginekologga murojaat qilish kerak.

Tekshiruvdan so’ng, shifokor muammo sababini aniqlaydi va homiladorlik paytida qo’llar yoki barmoqlar uvishadigan bo’lsa, qay tarzda bartaraf etish kerakligi borasida tavsiyalar beradi.

Mikroelement va vitaminlarning yetishmasligi polivitamin komplekslar  qabuli bilan to’ldirilishi mumkin, masalan:

  • Magnerot;
  • Supradin;
  • Elevit Pronatal.

Gomeopatik vositalar asab o’tkazuvchanligini yaxshilaydi va yetishmayotgan moddalarni normal darajada bo’lishini ta’minlaydi:

  • Ekoberin;
  • Repriz;
  • Kalxoxel;
  • Avenalam (mahalliy qo’llash uchun aerozol).

Agar holat surunkali kasallikning xuruji tufayli yomonlashsa, ginekolog bemorni tor soxa mutaxassisga yuboradi. Tizimli autoimmun kasallikni davolash bilan revmatolog, osteoxondroz va boshqa nevrologik muammolar bilan nevrolog shifokor shug’ullanadi.

Oldini olish

Birinchidan, homiladorlikni rejalashtirish bosqichida homiladorlik jarayoniga ta’sir qilishi mumkin bo’lgan kasalliklarni aniqlash uchun keng qamrovli tekshiruvdan o’tish zarur.

Qo’l-oyoqlarda noxush sezgilar holatlarini oldini olish uchun, ushbu tavsiyalarga amal qiling:

  • Achchiq ovqatlar va tuz iste’molini cheklash. Bu shishni kamaytirishga yordam beradi.
  • Chanqoqni qondirish uchun toza suv ichish (kuniga 2 litrgacha).
  • Taomnomaga ko’p miqdorda vitamin va minerallarni o’z ichiga olgan ovqatlarni kiritish. Muvozanatli ovqatlanish kerakli moddalar tanqisligini to’ldirishga yordam beradi.
  • Kamroq kraxmalli taomlar, xususan un mahsulotlari, guruch, kartoshka iste’mol qilish.
  • Agar kasbiy faoliyat qo’llar yoki bilaklarda zo’riqish chaqiradigan bo’lsa, qo’llarni yozish uchun har soatda 5-10 daqiqalik tanaffuslar olish.
  • Asab va mushaklar qisilishini oldini olish uchun qismaydigan kiyimlar kiyish.
  • Ish va dam olishni normallashtirish. Har kuni bir vaqtda uyquga yotish, toza havoda ko’proq sayr qilish, homilador ayollar uchun maxsus mashqlarni bajarish.
  • Sumkani vaqtincha bo’lsa ham yelkaga taqmaslik.
  • Qorin kattalashganda orqa mushaklariga tushadigan yukni kamaytiradigan prenatal bandaj kiyish.
  • To’g’ri yostiq tanlash. U katta va yumshoq bo’lmasligi kerak. Bunday holatda ortopedik yassi yostiq mos bo’ladi.
  • Uyqu davomida tana holatini tez-tez o’zgartirishga odatlanish. Agar qo’l uvishib qolgan bo’lsa, qon aylanishini tiklash uchun uni massaj qilish.
  • Sovqotishdan saqlanish.

Homiladorlikning qulay kechishi va yakunlanishi ko’p jihatdan ayolning bunga jismoniy tayyorgarligiga, ushbu davrda o’zini qanday tutishiga bog’liq. Yaqinlarning g’amxo’rligi ham muhim: sergak munosabatlar, qulay hissiy muhitni yaratish homiladorlik yaxshi o’tishi va sog’lom bola dunyoga kelishiga yordam beradi.

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.