Oyoq terlashi va hidlanishi: bartaraf etish usullari, davolash uchun dorilar, xalqona vositalar

Ortiqcha terlash ko’pincha juda ko’p noqulayliklarga olib keladi. Oyoq terlashi ko’pincha yoqimsiz hidlanish bilan birga kechadi. Ushbu maqoladan oyoqlar nima sababdan terlashi va u bilan qanday qilib kurashish mumkinligini bilib olasiz.
Oyoq terlashi va hidlanishi

Gipergidroz nima?

Oyoqlarning ortiqcha terlashi har uchinchi shaxsda yuzaga keladigan dolzarb muammo bo’lib, bu nafaqat insonning o’ziga, balki atrofdagilarga ham juda ko’p noqulaylik keltiradi, chunki oyoq terlashi deyarli har doim yoqimsiz hid olishi bilan birga kechadi. Dermatologiyada oyoqlarning ortiqcha terlashi ter bezlarining ortiqcha faolligi bilan tavsiflanadigan «gipergidroz» yoki «bromidroz» atamalari ostida uchraydi.

Terlash inson tanasining haroratini tartibga soluvchi fiziologik jarayondir. Ortiqcha terlashda termoregulyatsiyaning buzilishi sodir bo’ladi, bu esa gipergidroz yoki bromidrozning rivojlanishiga olib keladi. Gipergidroz umumiy yoki mahalliy bo’lishi mumkin, shuningdek terining muayyan hududlari ortiqcha terlashi bilan tavsiflanadigan bir necha tasnifga ega.

Hozirgi holatda biz, aholida, xususan, erkaklar orasida keng tarqalgan oyoq idiopatik gipergidrozi haqida gapiramiz. Oyoq gipergidroziga ega bemorlar ko’pincha nafaqat oyoqlarning ortiqcha terlashidan, balki, yoqimsiz hid, qadoqlar, ishqalanishlar, zamburug’li infektsiyalar mavjudligidan ham shikoyat qilishadi.

Katta yoshli odamning har bir oyog’ida taxminan 20 mingta ter bezlari mavjud bo’ladi, ular o’rtacha 200 ml ter ishlab chiqaradi. Bromidroz bilan og’rigan bemorlarda namlikning ajralishi me’yoriy miqdordan sezilarli darajada oshib ketadi, natijada ter ajralishida buzilishlar yuzaga keladi. Inson teri 98% suvdan iborat bo’lib, u bilan birga qayta ishlangan moddalar ham ajratib chiqariladi: xolesterin, mikroelementlar, yog’ kislotalari va boshqa metabolik mahsulotlar.

Oyoqlarning ko’p terlashi terining holatiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Bunda patogen bakteriya va mikroorganizmlarning to’planishi va ko’payishi uchun qulay sharoit yaratiladi, bakterial parchalanish tufayli esa oyoqdan noxush hid kelishi qayd qilinadi.

Oyoq terlashi va hidlanishi ko’pincha odamlar e’tiboridan chetda qoladi, ko’pchilik kishilar shifokorga murojaat qilmaydi va bu anomaliyani jiddiy muammo deb hisoblamaydi. Biroq, oyoqlarning ortiqcha terlashi albatta davolanishi kerak, chunki bu alomat nafaqat katta noqulayliklarga olib keladi, balki zamburug’li infektsiya, qadoqlanish va boshqa dermatologik kasalliklarning rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Davolashni boshlashdan oldin, ham tashqi omillarda, ham ichki salomatlikda yashiringan bo’lishi mumkin bo’lgan ko’p terlashning sabablarini aniqlash va bartaraf qilish kerak.

Oyoq terlashi va hidlanishining asosiy sabablari

Oyoqning ortiqcha terlashini chaqiradigan bir qator sabablar va turtki bo’ladigan omillar mavjud:

  • Oyoq terisining nafas olishiga imkon bermaydigan noqulay yoki tor poyabzal;
  • Sintetik matolardan paypoqlar yoki chuloklar;
  • Asab tizimining buzilishlari: stress, havotir;
  • Gigienik oyoq parvarishi qilinmasligi;
  • Oyoqlarga ortiqcha yuk tushishi;
  • Endokrin tizim kasalliklari;
  • Ichki infektsiyalar;
  • Yaxshi yoki yomon sifatli o’smalar;
  • Oyoq terisi kasalliklari: barmoqlar orasidagi terini shikastlaydigan, yoriqlar paydo qiladigan, qipiqlanish, qichishish, yoqimsiz hid kelishni chaqiradigan zamburug’li infektsiyalar.

Inson organizmining individual xususiyatlarini hisobga olgan holda, oyoq terlashi boshqa omillar ta’sirida ham yuzaga kelishi mumkin. Ayrim hollarda, oyoq terlashidan qutulishning eng yaxshi usuli — oyoqlarning har tomonlama va tizimli ravishda parvarishlash hisoblanadi. Boshqa hollarda, maxsus vositalardan foydalanmasdan natijaga erishib bo’lmaydi.

Qanday qilib oyoq terlashini yo’qotish mumkin?

Oyoq terlashiga qarshi kurash kishi bir necha oddiy qoidalarga rioya qilgan taqdirda muvaffaqiyatli bo’ladi.

Dastavval sovun va sovuq suv yordamida gigiena jarayonlarini o’tkazib, kuniga ikki marta oyoqlaringizni yuvishingiz, keyin sochiq bilan quruq qilib artishingiz kerak. Bundan tashqari, to’g’ri poyabzallarni tanlash ham muhim ahamiyatga ega, u havo o’tkazishi, sifatli materiallardan tayyorlangan bo’lishi kerak. Oyoq kiyimlarini tashqi va ichki tarafidan muntazam ravishda tozalash, ichki tagliklarini tez-tez almashtirib turish va albatta, har kuni paypoqlar, chuloklar yoki kolgotkalarni almashtirib, tozasini kiyish kerak. Sintetik matolardan tayyorlangan paypoqlar oyoq terlashi yuqori bo’lgan kishilar uchun tavsiya etilmaydi, yuqori sifatli va tabiiy materiallardan tayyorlangan buyumlar kiyish kerak.

Agar bunday parvarish ijobiy natija bermasa, u holda dermatolog shifokorga ko’rinish maqsadga muvofiq bo’ladi, u asosiy sababni aniqlab, oyoq terlashi uchun samarali vositalarni belgilab, oyoqlarni parvarish qilish to’g’risida foydali maslahatlar beradi. Oyoqlarning ortiqcha terlashidan uyalish kerak emas, bu o’z sog’lig’ingiz haqida o’ylash kerakligi haqida signaldir. Faqatgina shifokor gipergidrozni keltirib chiqargan sababni aniqlab, bartaraf qila oladi.

Oyoqlar terlashidan qutulish usullari

Farmakologik bozorda oyoqlarning ortiqcha terlashiga qarshi kurashishga mo’ljallangan katta miqdordagi dori-darmonlar mavjud bo’lib, ularning barchasi tashqi qo’llash uchun tomchi, malham, kremlar shaklida chiqariladi. Agar gipergidroz muammosi ichki kasalliklar sabab yuzaga kelgan bo’lsa, shifokor bemorni kerakli tibbiy sohadagi mutaxassisga yo’naltirishi mumkin, bunday hollarda davolash mutaxassisning nazorati ostida kompleksli bo’ladi.

Oyoq terlash muammosini dor vositalari qo’llash bilan konservativ davolashdan tashqari, hozirda jarrohlik aralashuvi yoki botoks qo’llash ko’rinishidagi noan’anaviy tibbiyot usullaridan ham samarali foydalanilmoqda. Davolash usullarining har birini batafsil ko’rib chiqamiz, ularni ikkita yo’nalish — medikamentoz davolash (dori-darmonlar, jarrohlik, muolajalar) va nomedikamentoz (xalqona vositalar, uy sharoitida bajaraladigan amallar) turlarga ajratish mumkin.

Dorixona preparatlari yordamida oyoq terlashini davolash

Oyoq hidlanishi va terlashini davolash uchun tibbiy vositalar muammoni bartaraf etishning eng oddiy va qulay usulidir. Bunday vositalar shifokor retseptisiz chiqaraladigan malham, krem, aerozollarni o’z ichiga oladi, ular keng narx diapazoniga ega.

Formagel

Formaldegid saqlovchi preparatlarga tegishli, oyoq gipergidrozini davolashning samarali vositalaridan biri. Preparat allergik reaktsiya chaqirmaydigan rangsiz gel shaklida ishlab chiqariladi. Qo’llash ko’rsatmalariga ko’ra, uni bir marta qo’llagandan so’ng 1-2 hafta terlashdan xalos bo’lish mumkin. Preparatni toza quruq teriga qo’llash kerak, so’ng terida ingichka shaffof qobiq hosil bo’ladi va uni yarim soatdan keyin yuvib tashlash mumkin. Muolajani qayta o’takzish zarurati birinchi qo’llashdan 7-10 kun o’tgach yuzaga kelishi mumkin.

Teymurov pastasi

Ko’p yillardan buyon qo’llaniladigan ishonchli vosita. Shu bilan birga, samaradorligi yanada yaxshiroq bo’lgan boshqa preparatlar mavjudligini tufayli, hozirda teymurov pastasi tobora kamroq qo’llanilmoqda. Uni teriga kuniga 2 marta qo’llash kerak, inobatga oling, u kiyimlarni rasvo qilishi, to’shakda izlar qoldirishi mumkin.

Borozin

Kukun shaklida chiqariladigan oyoqlarning ortiqcha terlashiga va hidlanishiga qarshi kurashda samarali vosita. Ushbu preparat antimikotik, yallig’lanishga qarshi, dezodorizatsiya xususiyatlariga ega, undan foydalanish qulay. «Borozin» paketining tarkibi poyabzal ichiga solinadi, u poyabzal hidini, oyoq terlashini kamaytiradi.

Drizol

Bu gipergidrozni davolash uchun antiperspirant. Tadqiqotlar natijalariga ko’ra, 80% hollarda ushbu vositani qo’llash natijasida oyoq terlashidan xalos bo’lish mumkin.

O’simlik asosli preparatlar

Oyoq hidlanishini yo'qotishO’z tarkibida tabiiy o’tlar komponentlarini saqlaydi, qarshi ko’rsatmalarga ega emas va ulardan foydalanish xavfsizdir. Bunday preparatlar masalan Bellaspon, Belloid.

Yuqorida keltirib o’tilgan preparatlarni har birini ishlatishdan oldin foydalanish bo’yicha ko’rsatmalarni o’qib chiqishingiz yoki shifokor bilan maslahatalashishingiz kerak.

Malham, gellardan tashqari, zarur bo’lsa, shifokor ichish uchun dorivor preparatlar — antixolinergik vositalar buyurishi mumkin, ular ter bezlari stimulyatsiyasini kamaytiradi va umuman terlashni pasaytiradi. Ammo, bu dorilar juda ko’p qarshi ko’rsatmalarga ega va shifokor tomonidan faqat o’ta zarur hollarda tayinlanishi kerak.

Botulinotoksin yordamida terlashni davolash

Botulinotoksin (Botoks, Disport) — 15 yildan ko’proq vaqt davomida ishlatilgan ortiqcha terlashni davolashning samarali, ishonchli usuli hisoblanadi. Ushbu davolash usuli bir necha daqiqadan so’ng terlashdan xalos qiladi. Qo’llash usulining mohiyati teri ichiga botulinotoksin asosidagi preparatning kichik miqdorini kiritishdan iborat.

Davolashdan keyin ta’sir 6 oy davomida saqlanadi. Botulinotoksin moddasi ter bezlarining faolligi uchun javobgar bo’lgan atsetilxolinni bloklaydi. Ushbu preparat minimal qarshi ko’rsatmalarga ega va faqatgina 1% hollarda samara bermaydi. Bunday davolash usulining bitta kamchiligi — yuqori narxi hisoblanadi.

Oyoq terlashini elektroforez bilan davolash

Agar dori vositalari bilan davolanishdan so’ng ijobiy natijalar kuzatilmasa, shifokor zaif elektr toki bilan ishlaydigan maxsus qurilma yordamida fizioterapevtik muolajani buyurishi mumkin. Elektr toki ta’siri ostida ter bezlarining faoliyati bostiriladi. Ta’siri shifokor belgilagan muolajalar siklidan keyin 6 oygacha davom etadi.

Oyoq terlashini uy sharoitida xalqona vositalar yordamida davolash

Oyoqlarning hidlanishi va terlashini davolash uchun ko’pincha xalq tibbiyoti vositalari yordamga keladi, bular ter bezlarining faolligini vaqtincha kamaytiradi, lekin kasallikning sababini bartaraf qilmaydi. Tabiiy masalliqlarga asoslangan oyoq uchun vannalar samarali ta’sirga ega: masalan antiseptik, yallig’lanishga qarshi, tonusni oshiruvchi xususiyatlarga ega bo’lgan eman po’stlog’i, moychechak, mavrak yaprog’i va boshqa mahsulotlardan.

Shuningdek oyoq terlashiga qarshi upalar ham yaxshi samaraga ega, ular nafaqat oyoq terisini quritibgina qolmay, balki yallig’lanishga qarshi, deodorizatsiya ta’siriga ega. Upalar sifatida bor kislotasi kukuni, kartoshka kraxmali ishlatilishi mumkin. Oyoq terlashini uy sharoitida davolashning afzalligi shundaki, ularni an’anaviy davolash usullari bilan birgalikda olib borish mumkin.

Oyoqlarning noxush hidlanishi va terlashini davolash uchun xalq tabobatida ishlatiladigan bir necha retseptlarni ko’rib chiqamiz:

  1. Moychechakli vannalar. Tayyorlash uchun 7 osh qoshiq moychechak, 2 litr qaynoq suv kerak bo’ladi. Moychechakka qaynoq suv quyib, biroz sovushini kuting, so’ng oyoqlarni suv sovuginigacha vanna qiling, keyin quruq qilib artib, terlashga qarshi ishlatayotgan vositani qo’llang. Muolajani 1 hafta davomida yotishdan oldin bajarish tavsiya etiladi.
  2. Mavrak va qichitqi o’ti damlamasi. Buning uchun 0.5 litr qaynoq suv, 1 osh qoshiq qichitqi o’ti va mavrak barglari kerak bo’ladi. Damlamani kamida 30 daqiqa davomida tindiring, so’ngra suzib oling va kuniga 50ml dan 2-3 oy davomida iching.
  3. Qirqbo’g’inning spirtli tindirmasi. Buning uchun o’t va 40%li spirt kerak bo’ladi. Qirqbo’g’in o’ti maydalanib, ustidan spirt quyiladi va 14 kun davomida tindiriladi. Oyoq terlashiga qarshi tashqi qo’llaniladigan vosita sifatida ishlatiladi.
  4. Sirkali dezinfektsiyalovchi vanna. Faqatgina oyoqlar terisida yoriqlar yoxud kesilishlar bo’lmasa ishlatiladi. Buni tayyorlash uchun iliq suvga 1 stakan sirka solinib, 20 daqiqa davomida oyoqlaringizni vanna qilishingiz kerak. Ushbu muolaja 3 kun davomida amalga oshiriladi, undan so’ng 3 kunlik tanaffus olinadi va yana shu tariqa davom ettiriladi.
  5. Eman po’stidan qilinadigan vanna. Damlamani tayyorlash uchun 1 qoshiq eman daraxti po’stlo’g’i olib, qaynoq suv quyish va qaynashgacha olib borish kerak. Keyin 30 daqiqa tindirib, oyoqlar vannasi uchun foydalaning. Ushbu muolajani yotishdan oldin 1 hafta davomida har kuni amalga oshirish tavsiya etiladi.
  6. O’tlar to’plamili vanna. 1 osh qoshiqdan moychechak, tirnoqgul, zubturum o’tlarini olib, 2 litr qaynoq suv solib, 1 soat tindiring. Keyin suzib olib, 20 daqiqali vanna uchun foydalaning, muolaja 10 kun bajarilishi kerak.

Bir nechta o’tlardan foydalanishda samara ko’proq bo’ladi. O’simlik to’planmalari ter bezlariga kompleks ta’sir ko’rsatadi, ter ajratish faolligini kamaytiradi. Oyoqi vanna qilgandan keyin sochiq biilan quruq qilib artish kerak, upa yoki boshqa vositalarni qo’llash ham mumkin.

Xalq tibbiyotida butunlay xavfsiz va samarali bo’lgan boshqa foydali retseptlar ham mavjud. Ushbu vositalarni shuningdek haftasiga 2-3 marta profilaktik maqsadlarda ham qo’llash mumkin, bu nafaqat gipergidrozning rivojlanishini oldini oladi, balki charchashni yo’qotadi, qon aylanishini tiklaydi, terining holatini yaxshilaydi va kayfiyatni ko’tarishga ham yordam beradi.

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.