Ko’krak bezi saratoni — aniqlash usullari, belgilari, paydo bo’lishi sabablari, davolash

Ko’krak bezi saratoni (onkologiyasi) — normal ko’krak bezi hujayralarining saraton hujayralariga aylanishi natijasida kelib chiqadigan kasallik. Ko’krak bezi saratoni o’pka saratonidan keyingi ikkinchi eng ko’p uchraydigan saraton turiga kiradi va ayollar orasida birinchi o’rinda turadi. 13-90 yoshdagi ayollarning taxminan 10 foizi ushbu kasallikka chalinadi. Erkaklarda bu kasallik kamroq kuzatiladi (1%).

Ko'krak bezi saratoni o'pka saratonidan keyingi ikkinchi eng ko'p uchraydigan saraton turidir

Sabablari

1. Irsiy (genetik) moyillik

Ko’krak bezi saratoni ko’pincha qarindoshlari orasida ham bu kasallikka chalinganlar bor bo’lgan ayollarda uchraydi. Avvalambor onasi va / yoki opa-singillari nazarda tutiladi. Agar yaqin qarindoshlar orasida saraton uchragan kishilar bo’lsa, onkologik tashxisni erta yoshdan boshlab amalga oshirish kerak.

2. Hayzning 12 yoshgacha boshlanishi va 55 yoshdan keyin to’xtashi

Statistikaga ko’ra, eng ko’p uchraydigan ko’krak saratoni yuqori darajada estrogen gormoni bo’lgan ayollarda uchraydi. Hayz davri qancha ko’p davom etsa, ayollarda estrogen gormoni darajasi shunchalik baland bo’ladi. Tug’ish va homiladorlikning yo’qligi ham shu xavf omiliga bog’liq bo’lishi mumkin.

3. Jinsiy organlar saraton kasalligining mavjudligi (shu jumladan shifo topganlar)

Ayol jinsiy a’zolari va sut bezlari orasidagi to’g’ridan-to’g’ri bog’liqlik o’z ishini bajaradi: bachadon bo’yni, bachadon va boshqa organlarning yomon sifatli saratoni ko’pincha ko’krak bezi saratoniga sabab bo’ladi.

4. Chekish, spirtli ichimliklar

Spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlarini o’z ichiga olgan kanserogenlar tananing mudofaa kuchlarini kamaytiradi va saratonga olib kelishi mumkin.

5. Qandli diabet, gipertoniya, semizlik

Bu kasalliklar endokrin tizimda muammolar mavjudligini ko’rsatadi.

6. Ekzogen gormonlarni 10 yil va undan ortiq vaqt davomida qabul qilish

Ushbu preparatlarni kontraseptsiya yoki terapevtik maqsadlar uchun uzoq muddatli qo’llashda saraton xuruji xavfi yuqori bo’lishi aniqlangan.

7. Jarohatlar, mastit

Yuqoridagilardan hech qanday xavf omili bo’lmasa ham, ushbu kasallik rivojlanishi xavfini butunlay yo’q deb bo’lmaydi. Zararni kamaytirishning yagona usuli — onkologik kasallikni erta tashxislash.

Ko’krak bezi saratonini shaxsan aniqlash

Bemor xavf guruhiga kirishi yoki kirmasligini bilish uchun ko’krak bezi saratoniga nima sabab bo’lishi mumkinligini va bu kasallikdan kim eng ko’p zarar ko’rishidan ogoh bo’lishi kerak.

Ko’krak bezi saratoniga chalinmaslikni hatto eng malakali shifokor ham tasdiqlay olmaydi. Agar quyida keltirilgan bir yoki bir necha kasallik alomatlari sizda ham bo’lsa, albatta, sut bezlari holatini kuzatib borish kerak, bu kasallik mavjud bo’lganida o’z vaqtida aniqlash imkonini beradi.

Ko’pincha ko’krak bezi saratoni birinchi farzandni 30 yoshdan keyin dunyoga keltirgan yoki shu yoshgacha umuman tug’magan ayollarda aniqlanadi. 50 yoshdan keyin barcha ayollarda istisnosiz kasallik xavfi ortadi. Ko’krak bezi saratoni avloddan avlodga o’tmasa-da, agar oilangizda kimdir bu kabi kasalliklarga duchor bo’lgan bo’lsa, afsuski, sizda ham bu kasallik rivojlanishi xavfi ortadi.

Ko’krak bezi saratonini zamonaviy tashxislash usullari kasallikni erta bosqichida aniqlanishiga yordam beradi. Onkologlar 35 yoshdan 50 yoshgacha bo’lgan davrda har ikki yilda bir marta mammolog ko’rigidan o’tishni tavsiya etishadi, 50 yoshdan boshlab har yili tekshiruv o’tkazish maqsadga muvofiq bo’ladi.

Shifokorga borgunga qadar bo’lgan vaqt oralig’ida ko’krak bezi saratonini har bir kishi o’zi aniqlashi mumkin. Ko’krak bezi saratonining belgilari juda aniq: ko’krakda kichik zichlik hosil bo’ladi, odatda og’riqsiz va bir oy ichida kattaligi va zichligini o’zgartirmaydi. Bu hosil bo’lgan zichlikni o’zingiz paypaslab ko’rib aniqlashiningiz mumkin.

Quyidagilarga e’tibor bering:

  • Siynaning shakli: agar siyna «orqaga tortilsa», kichrayib qolgan bo’lsa, onkologik kasallik haqida gapirish mumkin;
  • Ko’krak shakli: shakli o’zgargani, biron qanday zichliklar mavjudligi;
  • Sut bezlarining tuzilishi: har qanday zichliklar va qattiq tugunchalar tekshiriladi;
  • Limfa tugunlarining o’lchamlari: ularning kattalashishi onkologiyada tez-tez uchraydigan belgidir;
  • Terining rangi;
  • O’z his-tuyg’ularingiz: ko’krak og’rishi, hayz sikli davomida yoqimsiz his-tuyg’ularga duchor bo’lish.

Ko’krak bezi saratoni xastaligini tashxislash ko’p vaqt talab qilmaydi. Tekshirish vaqtida, ko’zgu oldida turing, qo’llaringizni boshingizdan yuqoriga ko’taring, ko’krakka qarang. Bezchalar (zichliklar) mavjudligi haqida teri ustidagi xarakterli «chuqurlik»lar so’zlashishi mumkin.

Agar bezchalar mavjud bo’lsa, bir yoki har ikkala siynadan qon ketsa, noqulaylik paydo bo’lsa zudlik bilan mammolog shifokorga ko’rinish kerak, u onkologiya bor yoki yo’qligini to’gri aniqlashi mumkin.

Tashxislash

Agar sizda biron bir shubha yoki ko’krak saratoni belgisi paydo bo’lsa, professional ko’rikdan o’tish uchun shifokorga tashrif buyuring. Mammolog bir qator tekshiruvlar o’tkazadi:

  1. Mamografiya. Bu sut bezlarining rentgenografiyasini nazarda tutadigan asosiy diagnostik usul. Uning yordami bilan o’simtani (shishni), uning shakli va o’lchamini aniqlab olish mumkin. Kompyuter tomografiyasi ko’krak va o’smalarning strukturasini rentgen nurlari asosida o’rganish uchun ham ishlatiladi.
  2. Ko’rik. Ko’krak bezi saratonini tashxislash mammologiyada aynan shu usuldan boshlanadi. Aslida, u shaxsiy tashxislash usulidan farq qilmaydi, ammo natija aniqroq bo’ladi.
  3. UTT. Deyarli har qanday klinikada mavjud usul va o’simta uch o’lchovli tasvirini o’rganish imkonini beradi.
  4. Magnit-rezonans tomografiya. MRT boshqa tadqiqotlar natijasida olingan ma’lumotlarga oydinlik kiritadi.
  5. Biopsiya. Bu usul o’simta turini aniqlashga yordam beradi. Yomon sifatlilik mikroskop ostida o’simta to’qimasi bo’laklarini o’rganish orqali aniqlanadi.

Onkologik kasallikning erta tashxislash faqatgina o’z-o’zini tekshirish, shifokor ko’rigi va mamografiyadan iborat. Boshqa usullar (KT, MRT, UTT, biopsiya) faqat zichlanish aniqlangandan keyin tayinlanadi va o’smalar hajmi, shakli, tabiatini aniqlash imkonini beradi.

Ko’krak bezi saratonini davolash

Agar ko’krak bezi saratoni belgilari sizning shubhalaringizni tasdiqlagan bo’lsa, darhol onkologik poliklinikada davolanishni boshlashingiz kerak. Kasallikni davolashni kechiktirish tavsiya etilmaydi. Hozirgi vaqtda mavjud davolash turlari quyidagilardir:

1. Operativ (radikal)

Ushbu davolash jarrohlik orqali o’smaning to’liq olib tashlanishiga qaratilgan. Jarrohlik aralashuvi bu kasallikni to’liq davolash uchun yagona usuldir. Ammo u har doim ijobiy natija bermaydi: ko’p narsa saraton kasalligining tabiati va bosqichiga bog’liq.

2. Yordamchi (shartli ravishda radikal)

Ushbu muolajalar jarrohlikdan avval, operatsiya vaqtida va undan keyin yoki kamdan-kam hollarda jarrohlik o’rniga qo’llanilishi mumkin. Bularga nurli terapiya, kimyoterapiya, maqsadli va immunoterapiya kiradi.

3. Palliativ

Agar onkologiya tashxisi juda kech qo’yilgan yoki kasallik chuqur rivojlangan bo’lsa, hatto ko’krakni to’liq olib tashlash ham sog’liqqa foyda keltirmaydi. Agar bemor operatsiya o’tkazishdan bosh tortsa, metastaz yuzaga keladi va onkolog faqat palliativ davolashni tayinlashi mumkin. Bu davolash usuli kasallik alomatlarini yengillashtiradi va hayotni uzaytiradi.

Ko’krak bezi saratonini davolashning radikal usullari

Bir necha o’n yillar oldin bu kasallikni davolash uchun ko’krakni to’liq olib tashlash kerak edi. Bu esa juda ko’p bemorlarni eng effektiv terapiyani rad etishga majbur qilgan. Ayni paytda ko’krakning to’liq olib tashlanishi doim ham talab qilinmaydi: operatsiyalarning yangi turlari va ko’krakni hech bo’lmaganda qisman saqlab qolish imkonini beruvchi yangi usullar yaratilgan.

Lampektomiya

Bunday operatsiya o’simtaning o’zini olib tashlashni o’z ichiga oladi. U o’simtaning faqat bitta sohada bo’lishi va katta o’lchamlarda bo’lmagan (4 sm gacha) bo’lishi sharti bilan amalga oshiriladi. Lampektomiyadan so’ng ko’krak shaklini va sezuvchanligini saqlaydi. Operatsiyadan keyin radiatsiya terapiyasini o’tkazish kerak (5-7 hafta).

Afsuski, lampektomiya retsidivlarni (qaytalanishni) istisno qilmaydi — ular boshqa operatsiyalarga nisbatan lampektomiyada ko’proq sodir bo’ladi.

Bloxin bo’yicha radikal sektor rezeksiyasi

Operatsiyaning bu turi ko’krakni saqlab qolish imkonini beradi, lekin uning shakli va o’lchami o’zgaradi: ko’krakning 25-33% olib tashlanadi, jumladan kichik ko’krak mushagi, qo’ltiq sohasidagi, o’mrov ostidagi limfa tugunlari. To’qimalarning olib tashlanishi ko’krak bezi saratoniga qaytalanganda metastaz rivojlanishini oldini olish uchun kerak.

Mastektomiya

Radikal mastektomiya ko’krak va boshqa to’qimalarni to’liq olib tashlashni nazarda tutadi. Bunday operatsiyada ko’p holatlarda retsidivlar qayd etilmaydi. Metastaz bo’lmaganidagina ta’sir ko’rsatadi. Biroq mastektomiya metastaz mavjudligida bemorning hayotini uzaytiradi, hayot sifatini oshiradi. Mastektomiyaning kosmetik ta’siri juda jiddiy, ammo bu katta o’smalarda hayotni saqlab qolishning yagona yo’lidir.

An’anaviy jarrohlik usullaridan tashqari va qo’shimcha usullardan foydalanish mumkin: kriomammotomiya va ablyatsiya (lazerli, radioto’lqinli va boshqalar). Bu usullar jarrohlik operatsiyalari taqiqlangan ayollar uchun qo’llaniladi (masalan qandli diabet bilan og’rigan bemorlar). Bunday hollarda ko’krak bezi saratoni bilan og’rigan bemorlarni davolashda muvaffaqiyatli va kamroq jarrohlik qo’llab davolanish mumkin, ammo retsidivlar kuzatilishi ham mumkin.

Ko’krak bezi saratonini radikal davolash

Shartli ravishda radikal davolash uzoq muddatli reabilitatsiyani talab qiladi va juda yuqori samaradorlikka ega. Ushbu usullar quyidagilarni o’z ichiga oladi:

Radiatsion terapiya

Radiatsion terapiya ta’sir qilish faqat jarrohlik amaliyotiga qo’shimcha sifatida ishlatiladi. Jarayon davomida saraton hujayralari to’g’ridan-to’g’ri o’simta sohasida yo’q qilinadi. Bunday davolanishning asosiy vazifasi operatsiyadan keyingi retsedivlarni bartaraf etishdir.

Kimyoterapiya

Bu saraton hujayralariga salbiy ta’sir ko’rsatadigan kimyoviy moddalar qabul qilishni nazarda tutadi. Bular zaharlardir va saraton hujayralari bilan bir qatorda sog’lom qon va tana hujayralariga ham ta’sir qiladi.

Kimyoterapiya preparatlari vena orqali yuborish uchun eritmalar yoki tabletkalar shaklida ishlab chiqariladi. Kimyoterapiya vaqti-vaqti bilan bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Operatsiyadan oldin va keyin ishlatiladi, ba’zida ular jarrohlik amaliyoti o’rniga qo’llaniladi. Kimyoterapiyadan so’ng tana bir necha oy ichida tiklanishi mumkin.

Maqsadli terapiya

Bu usul saraton o’smasi o’sib ketishiga sabab bo’ladigan hollarda HER2 genini blokirovka qilishga qaratilgan. Preparatlar o’smaning o’sishini sekinlashtirishi yoki jarrohlikdan so’ng saraton qaytalanishini oldini olishi mumkin.

Immunoterapiya

Usul bemor tanasining o’z himoyalash mexanizmlaridan foydalanadi. Immunitetni rag’batlantirib, dorilar saraton hujayralarini yo’q qilishda yordam beradi. Immunoterapiyaning o’zi ko’krak bezi saratonini davolash uchun yetarli emas, shuning uchun u faqat boshqa usullar bilan birgalikda qo’llaniladi (masalan, kimyoterapiya bilan).

Sut bezi onkologiyasini davolash an’anaviy ravishda radikal usullar bilan amalga oshirilgan va natijalar muvaffaqiyatli bo’lsa ham, ko’pincha qayta paydo bo’lish xavfi bi’ladi. Kimyoterapiya va radioterapiya yordamida metastazning o’sishini to’xtatish mumkin.

Palliativ davo

Palliativ davo kasallikning davolab bo’lmaydigan bosqichlarida bemor azoblarini kamaytirishgaqaratilgan davolashni nazarda tutadi. Kuchli analgetiklar, ko’krak saratoni markazini olib tashlash uchun jarrohlik amaliyoti, immunitetni kuchaytiradigan va simptomlarni bartaraf etadigan dori-darmonlarni qo’llash palliativ davo usuliga kiradi. Ushbu davolanish saratonning so’nggi bosqichlarida belgilanadi.

Tiklanish ko’rsatkichlari

Saraton — hatto o’simtani yoki zararlangan organni butunlay olib tashlash yo’li bilan ham butunlay davolab bo’lmaydigan eng «hiylakor» kasallik. Shuning uchun jarrohlik vaqtida nafaqat sut bezlari, balki ular atrofidagi to’qimalar, shu jumladan limfa tugunlari ham olib tashlanishi mumkin.

Shunga qaramasdan, yetarli darajada davolash amalga oshirilgan bo’lsa, tiklanish ehtimoli (yoki uzoq muddatli remissiya) mavjud. Maqolada faqat operatsiyalarning asosiy turlari va qo’shimcha terapiya usullarini ko’rsatilgan, darhaqiqat har yili yangi dorilar va usullar paydo bo’lib bormoqda.

Remissiya — kasallik belgilari mavjud bo’lmagan davr.

Bemorlar uchun eng muhimi: davolash qancha barvaqt boshlansa, kasallikni davolash uchun imkoniyat shuncha ko’proq bo’ladi. Ko’pgina hollarda saraton birinchi va ikkinchi bosqichda batamom yo’q qilinadi. Ammo oxirgi bosqichda bemorlarga onkolog shifokorning doimiy nazorati kerak. Ko’krak bezi saratoni bu o’lim hukmi degani emas, faqat malakali shifokor ko’rsatmasiga amal qilish kerak.

Reklama

Ushbu mazvuda 1 ta fikr qoldirilgan

  1. Erkaklarda kokrak bezi saratoni xolatlari uchraganda kimga murojat qilish kerak va uning alomatlari

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.