Laringit (qad.-yun. λάρυγξ — «hiqildoq») — hiqildoq shilliq qavatlarining yallig’lanishi, odatda, shamollashlar yoki qizamiq, skarlatina, ko’kyo’tal kabi infektsion kasalliklar bilan bog’liq bo’ladi. Kasallik rivojlanishiga sovqotish, isib ketish (sovuq yoki issiq taom iste’mol qilish), og’iz orqali nafas olish, havoning changligi, hiqildoqning zo’riqishi sabab bo’lishi mumkin.
Laringit — birinchi navbatda bolalar kasalligi. Bu bolalar va kattalarda havo yo’llarining o’lchamlari farq qilishi bilan bog’liq. Bolalarda hiqildoq bo’shlig’i juda kichik va hatto yengil yallig’lanishi ham sezilarli torayishi — stenozlovchi laringitni keltirib chiqaradi. Kattalarda esa hiqildoq shilliq qavatining yallig’lanishi juda kam hollarda hiqildoq bo’shlig’ining jiddiy torayishiga olib keladi va shu sababli laringitning kechishi ancha yengil bo’ladi.
Laringitning tasnifi
Zamonaviy tibbiyotda laringitning ikki tasnifi mavjud: kechish shakli va intensivligi bo’yicha.
Laringitning kechish shakli bo’yicha tasnifi
- Kataral. Bu laringitning eng oddiy va keng tarqalgan shakli. Bolalardagi ko’plab infektsion kasalliklarga xos bo’lgan alomatlar majmui bilan tavsiflanadi: quruq yo’tal, tana haroratining yengil ko’tarilishi, ovoz xirillashi. Ammo hatto bu shakldagi laringitni ham malakali davolash kerak bo’ladi, chunki u vaqtinchalik ovozning yo’qolishiga va nafas olish yetishmovchiligining rivojlanishiga olib kelishi mumkin.
- Stenozlovchi. Yuqorida aytib o’tilganidek, stenozlovchi laringit hiqildoq bo’shlig’ining ahamiyatli torayishiga olib keladigan kasallikdir. Ko’pincha nafas olish bilan bog’liq muammolarni chaqiradi (krup yoki bo’g’ma).
- Gipertrofik. U mustaqil ravishda va kataral laringit ortidan rivojlanishi mumkin. Ovozning xirillashi bilan ifodalanadi, ba’zan ovoz batamom yo’qotiladi.
- Atrofik. Ko’p hollarda kattalar uchun xos. Asosiy farq — hiqildoq shilliq qavatining ingichkalashidir.
- Gemorragik. Ko’pincha toksik gripp yoki qon hosil qilish a’zolarining individual patologiyalarida rivojlanadi. Quruq yo’tal bilan xarakterlanadi. Nam yo’tal shakliga o’tganida balg’amda qon quyqalari mavjudligi kuzatiladi.
- Difteriyali. Difteriyali laringit rivojlanishning aniq belgilanadigan yo’nalishi mavjud: bodomsimon bezdan hiqildoqqacha. Vizual tarzda shilliq qavatlarda oq karash kuzatilishi mumkin, uning ko’chishi esa nafas yo’llarining tiqilib qolishiga sabab bo’ladi. Simptomatikasi bo’yicha laringitning difteriyali shakli streptokokklar tomonidan chaqirilgan infektsiyaga o’xshaydi.
- Flegmonoz. Hiqildoqning yiringli yallig’lanishli shakli bo’lib, juda kam uchraydi. U laringitning kataral shaklidan rivojlanadi va barcha alomatlarning kuchayishi bilan kechadi.
Laringitni kechish intensivligi bo’yicha tasniflash
- O’tkir. To’satdan namoyon bo’ladi va alomatlari juda keskin rivojlanadi: tomoqdagi yoqimsiz hislar (achish, og’riqli yutinish, konvulsiv yo’tal), ovoz pasayadi. Ovoz boylamlarining qizarishi va shishishi kuzatiladi.
- Surunkali. Laringitning bu shakli tomoq va ovoz boylamlari bilan bog’liq muammolarning sekin rivojlanishi hamda doimiy yo’talish kerakligi zarurati hissi bilan namoyon bo’ladi. Bu ketma-ket bir qator o’tkir laringitlar oqibati hisoblanadi. So’z o’rnida, kattalardagi surunkali laringit ko’pincha kasbiy kasallik kabi rivojlanadi. Unga xonandalar, o’qituvchilar va xizmat vazifalari bo’yicha doimo gapirishga majbur bo’lgan kishilar moyil hisoblanadi.
Laringit alomatlari
Bolalarda laringitning birinchi va eng yorqin belgisi ovozning xirillashidir. Bundan tashqari, kasallik rivojlanishining dastlabki bosqichiga quruq yo’tal, yutinishda og’riq sezilishi va nafas olish qiyinchiliklari hamrohlik qiladi.
Quyidagi alomatlar ham laringit rivojlanishini ko’rsatadi:
- Tomoqning qizarishi va shishishi;
- Tovushi it akillashiga o’xshash yo’tal;
- Haroratning 37,5-38 °C gacha ko’tarilishi;
- Og’izda quruqlik va tirnalish hissi;
- Hiqildoq mushaklarining spazmlari.
Umuman olganda, laringit belgilari boshqa infektsion kasalliklarning rivojlanishiga yetarlicha o’xshash. Lekin ovoz bilan bog’liq muammolar va akkillovchi yo’tal — bu kasallikning o’ziga xos alomatlari bo’lib, deyarli barcha hollarda laringitni xatosiz tashxislash imkonini beradi.
Yangi tug’ilgan chaqaloqlarda va go’daklarda laringit alomatlari
Kattaroq bolalar tomoqdagi noxush hislar, og’riq alomatlari va kasallikning boshqa sabablaridan shikoyat qila olsa, chaqaloqlar bilan hammasi ancha murakkabroq. Ular muammolarni og’zaki ifoda eta olmaydi. Shuning uchun chaqaloqlarda laringit belgilarini vizual tarzda aniqlash kerak. Ota-onalar chaqaloqning injiqlanishi, bezovtaligi va umumiy zaifligidan, yig’lashi vaqtida ovozining xirillashi va nafas olishining qiyinlashuvi, shuningdek yo’tal va burni oqishidan ogoh bo’lishlari kerak. Bularning barchasi shifokorga murojaat qilish uchun o’rinli sabab hisoblanadi, kasallik o’z vaqtida tashxislansa, jiddiy asoratlarning oldi olingan bo’ladi.
Laringitda krup rivojlanishining belgilari
Laringit haqida gap ketganda, krup kabi asoratni keltirib o’tmay bo’lmaydi. Bu atama bolalarda nafas olish patologiyasini anglatadi, u hiqildoq bo’shlig’ining sezilarli darajada torayishi tufayli rivojlanadi. Ko’pincha krup kechasi qayd qilinadi va xuruj juda qo’rqinchli ko’rinadi. Bola nafas qisilishidan shikoyat qiladi, uning ovozi ko’pgina noodatiy tovushlar bilan birga kechadi. Ba’zi hollarda tanada ko’karishlar paydo bo’lishi mumkin, bu qonning kislorodga to’yinmaganligini ko’rsatadi.
Xurujning aynan kechqurun sodir bo’lishi — yotgan holatda shilliq hiqildoqqa oqib keladi va havo yetarlicha nam bo’lmaganida va havo harorati yuqori bo’lganida qurib boshlaydi va qotadi, shu sababli havo o’tishini qiyinlashtiradi. Statistikaga ko’ra, laringit tufayli krup har ikkinchi bolada sodir bo’ladi. Shuning uchun, pediatrdan laringit tashxisini eshitgach, yaqin oradagi tunda bolada nafas olish olish patologiyasi rivojlana boshlashiga tayyor bo’lish kerak.
Laringitning bunday rivojlanishida birinchi va eng to’g’ri qadam tez yordam chaqirish va bolani kasalxonaga yotqizishdir. Krupni mustaqil bartaraf etish uchun esa xonadagi havoni namlantirish va haroratni 18 °C gacha sovutish kerak. Ideal holda, bolani hammomga olib kirib, sovuq suv jo’mragini ochib qo’yish zarur. Shundan so’ng, krup alomatlari tezlik bilan pasaya boshlaydi.
Shifokorlar aytishicha, krupning bir qarashda murakkabligi va muammoli ekanligiga qaramasdan, u jiddiy xavf tug’dirmaydi. Ota-onalar vahimaga tushmasliklari kerak va aksariyat hollarda oddiy, to’g’ri amallarni bajarib, ushbu qiyinchilikni shifokorlar kelguniga qadar mustaqil yengishlari mumkin.
Bolalarda laringitning klinik diagnostikasi
Laringitni tashxislash va davolash pediatr tomonidan amalga oshiriladi, zarurat bo’lganda otorinolaringolog bilan maslahatlashashish kerak. Ushbu kasallikning klinik diagnostikasi kompleksi quyidagilardan iborat:
- Anamnez va bemorlarning shikoyatlarini tahlil qilish.
- Limfa tugunlari o’lchamidagi o’zgarishlarni va hiqildoqda og’riq mavjudligini ko’rsatuvchi belgilarni aniqlashga qaratilgan bolaning umumiy tekshiruvi.
- Hiqildoqni endoskop yordamida vizual tekshirish, bunda hiqildoq bo’shlig’ining torayishi, qizarish va shishish mavjudligi, shuningdek yiringli va shilliqli karashlar mavjudligi aniqlanadi.
- Infektsion kasallikning qo’zg’atuvchisini aniqlashga imkon beradigan hiqildoq shilliq qavatidan surtma olish.
- Laringitning kelib chiqishini (virusli yoki bakterial) aniqlashga mo’ljallangan umumiy qon tahlili.
Ushbu ma’lumotlarga asoslanib, pediatr yakuniy tashxisni qo’yadi, davolash usullarini belgilaydi va bolaning kasalxonaga yotqizilishi zarurligini hal qiladi. Quyidagi hollarda laringit statsionar davolanishi kerak:
- Nafas olish patologiyalari, yaqin kelajakda bo’g’maga olib kelishi mumkin bo’lgan hiqildoqning torayishi mavjudligi;
- Murakkab shakllardagi laringit;
- Bemorda laringit rivojlanishini og’irlashtirishi mumkin bo’lgan allergiya, markaziy asab tizimi kasalliklari va boshqa patologiyalar mavjudligida.
Bolalarda laringitni davolash
Laringitni davolash tartibi uch asosiy yo’nalishga asoslangan:
- Bolani parvarish qilish tartibi;
- Dori vositalari;
- Fizioterapevtik muolajalar.
Laringitda parvarishlash tartibi
Hiqildoq yallig’lansa, bola ma’lum bir turmush tarziga rioya qilishi kerak. Eng asosiysi — bu yotoq tartibi va ovozli faoliyatning cheklanishi. Albatta, bolani bir hafta davomida ovoz chiqarmaslikka majbur qilib bo’lmaydi, ammo kerak bo’lsa, pichirlab gapirishni o’rgatishga harakat qilish kerak. Bunda hiqildoq yetarlicha tez tiklanadi va bolada hali endi rivojlanayotgan ovoz boylamlarining tuzatib bo’lmaydigan nuqsonlari rivojlanishi ehtimoli nolga tenglashadi.
Bola joylashgan xonadagi havo salqin va nam bo’lishi kerak. Optimal harorat -18 °C, namlik — 70%. Bunday ko’rsatkichlarni ta’minlash uchun xonani shamollatish, agar kerak bo’lsa, isitish moslamalarini o’chirish va namlagichni ishlatish kerak.
Laringitda ovqatlanish tomoqni ta’sirlantirmaydigan bo’lishi kerak. Issiq ham, sovuq ham, nordon ham emas. Tomoq to’liq dam olishi kerak. Shu bilan suyuqlik ichish (u ham ta’sirlantirmaydigan) maksimal miqdorda bo’lishi kerak. Bu yondashuv quruq yo’tal bosqichidan tezda o’tish va toksinlarning organizmga ta’sirini kamaytirish imkonini beradi.
Laringitni davolash uchun dorilar
Bolalarda laringit tashxislanganda, ko’p hollarda, kasallikning alomatlarini bartaraf etishga mo’ljallangan dori vositalari to’plami buyuriladi. Shartli ravishda, ular bartaraf etadigan alomatlar bo’yicha to’rt guruhga bo’linadi:
- Antigistaminlar. Antigistaminlarning ta’siri bolalarda hiqildoq shilliq qavatining shishini kamaytirish, shuningdek, bolaning umumiy ahvolini tinchlantirishga qaratilgan.
- Balg’am ko’chiruvchi vositalar va yo’talni bartaraf etadigan dorilar. Ushbu guruh dorilarini belgilanishi shifokor tavsiyasi bilan amalga oshirilishi kerak. Bemorning o’ziga xos xususiyatlariga va laringitning xarakteriga qarab, organizmga salbiy ta’sir ko’rsatmasdan eng yaxshi ta’sir qiladigab dori-darmonlar tanlanadi.
- Tomoqdagi noxush hislarni bartaraf etish uchun preparatlar. Ushbu guruhdagi dori vositalari, asosan, shimish uchun tabletkalar va sirop shaklida ishlab chiqariladi. Bunday vositalar yutinishdagi og’riqni bartaraf etadi, antiseptik va antibakterial ta’sir ko’rsatadi.
- Isitma tushiruvchi preparatlar. Laringit isitma bilan kechadigan hollarda, uni tushirish uchun bolaga dori berish kerak. Eng samaralilari Nurofen va Parasetamol hisoblanadi. Shu bilan birga, shunday tabiatli aksariyat kasalliklarda bo’lgani kabi, harorat 38 °C gacha bo’lganida uni tushirish tavsiya etilmaydi.
Antibiotiklarni qo’llash
Bolalar laringitini davolashda antibiotiklar kamdan-kam hollarda qo’llaniladi. Ularni tayinlashning asosiy sabablari — yallig’lanish jarayonining bakterial tabiati va bola organizmning yuqori darajada intoksikatsiyasi. Shu bilan birga, bakterial laringit juda kam uchraydi, shu sababli antibiotiklardan foydalanish ham.
Bundan tashqari, laringitda kerakli ko’rsatmalarsiz ham antibiotiklar buyuriladigan hollar qayd qilinadi. Bu asoratlar rivojlanishini oldini olish uchun amalga oshiriladi. Lekin tibbiyotda bunday qadam ortiqcha hisoblanadi va uning foydasi yetkazishi mumkin bo’lgan zararni qoplamaydi.
Agar bolada laringit uchun antibiotiklarni qo’llashga ko’rsatmalar bo’lsa, ko’p hollarda boshqa infektsion kasalliklarga xos preparatlar qo’llaniladi: penitsillinlar, sefalosporinlar va makrolidlar. Oxirgi ikki guruh, penitsillin preparatlariga nisbatan individual intolerantlik yoki boshqa sabablar mavjud bo’lganida qo’llaniladi.
Laringitda fizioterapevtik muolajalar
Yuqorida ta’kidlanganidek, laringitni davolashda eng muhim omil — nam havo hisoblanadi. Shuning uchun bu kasallikda ingalyatsiyalar tavsiya etiladi. Muolaja shifoxonada maxsus uskunalarda yoki uy sharoitida ingalyatorda bajarilishi kerak. Bug’ bilan nafas olish tavsiya etilmaydi, ayniqsa bolalarga, bu shilliq qavatning kuyishiga olib kelishi mumkin.
Ingalyatsiya uchun preparatlardan soda eritmasi (bir stakan suv uchun bir choy qoshiq), moychechak va yalpizli damlamalar tavsiya etiladi. Dori vositalaridan ingalyatsiya uchun ko’pincha Lazolvan va Sinupret tavsiya etiladi.
Laringit bilan og’rigan bolalarga ingalyatsiya kuniga ikki marta buyuriladi. Muolaja ovqatlanish oraliqlarida o’tkazilishi kerak. Ta’sirini maksimal qilish uchun ingalyatsiya vaqtida va undan yarim soat keyin umuman gaplashmaslik zarur.
Statsionar davolanish sharoitida bolalardagi laringit uchun boshqa fizioterapevtik usullar: UYCH terapiyasi, ta’siri hiqildoqqa qaratilgan elektroforez, ultrabinafsha nurlanish va mikroto’lqinli ta’sir qilish tayinlanadi. Bu usullarning barchasi laringit kechishiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi va kasallikning asosiy alomatlarini samarali tarzda bartaraf qiladi.
Xalq tabobati yordamida laringitni davolash usullari
Bunday infektsiyada xalqona vositalar ham uning alomatlarini yengish uchun mo’ljallangan. Eng samarali usul tomoqni chayishdir. Buning uchun tabiiy balg’am ko’chiruvchi, shuningdek antiseptik va yallig’lanishga qarshi ta’sirga ega bo’lgan o’simliklar damlamalari ishlatiladi. Xususan, tomoqni chayish uchun qaynatilgan lavlagi sharbati samarali bo’ladi. Bundan tashqari, qaynoq suvda eritilgan asal (bir stakan suvga choy qoshiq) ham chayqash uchun foydalidir. Olingan vosita sovugach, kuniga uch marta chayish uchun qo’llaniladi.
O’tkir laringitda boshqa isitish usullarini qo’llash ham foydali bo’ladi. Xususan, ko’pincha bolalar oyoqlari xantalli vannalar qilinadi, kechasi isitish uchun bo’yniga kompresslar qo’yiladi. Ushbu muolajalardan foydalanilsa, organizm tezroq tiklanadi, laringitning alomatlari esa kamroq noqulaylik yetkazadi.
Lekin yodda tutish kerakki, kasallik medikamentlar bilan davolaniladi, xalq tabobati vositalari esa faqat qo’shimcha sifatida qo’llanilishi mumkin.
Laringit fonida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan asoratlar
Laringitni o’z vaqtida davolamaslik yoki davolashning umuman yo’qligi, shuningdek noto’g’ri tanlangan davolash taktikasi jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. O’tkir laringit ko’pincha surunkali shaklga o’tadi va surunkali shakli quyidagi oqibatlarga olib kelishi ehtimoli mavjud:
- Hiqildoq devorlarining torayishi va nafas olish patologiyalarining rivojlanishi;
- Ovozning to’liq yo’qolishiga olib kelishi mumkin bo’lgan ovoz boylamlari bilan bog’liq muammolar;
- Ovoz boylamlaridagi neoplazmalar: granulomalar, poliplar;
- Hiqildoq sohasidagi yaxshi sifatli o’smalar;
- Hiqildoq saratoni.
Surunkali laringitda bemorlarning qariyb 90 foizida hiqildoq stenozi rivojlansa, boshqa mumkin bo’lgan asoratlar juda kam uchraydi. Ularga kerakli davolanishning yo’qligi va bir vaqtga to’g’ri kelib qolgan bir qator og’irlashtiruvchi omillar olib kelishi mumkin.
Bundan tashqari, laringitning yiringli shakllari rivojlanishi ham asoratlar qatoriga kiradi. Ular ko’pincha quyidagi murakkabliklar bilan tavsiflanadi:
- Ko’krak qafasidagi yallig’lanish (mediastinit);
- O’pkaning abstsesslari (o’pkada yiring bilan to’lgan bo’shliq shakllanishi);
- Sepsis;
- Bo’yin to’qimasining yiringli yallig’lanishi (flegmona).
Laringitning aynan yiringli shakllari eng noxush va bartaraf etishi murakkab bo’lgan turi sanaladi va uning rivojlanishini oldini olish uchun hamma choralarni qo’llash kerak.
Laringitni oldini olish
Aynan ushbu kasallikni oldini olishga qaratilgan maxsus profilaktik choralar mavjud emas. Infektsiya mutlaqo hammaga ta’sir ko’rsatadi. Biroq, ota-onaning vazifasi, bola organimzning himoya funktsiyalarini iloji boricha mustahkam qilishdir. Birinchi navbatda bolani chiniqtirish kerak. Bolani sovuqroq suvda yuvintiring, ob-havoga qaramasdan ko’proq sayr qildiring, sport bilan shug’ullanishini ta’minlang. Bu organizmni ko’plab kasalliklarga mustaqil qarshilik ko’rsata olishiga imkon beradi.
Bundan tashqari, to’g’ri va sog’lom ovqatlanish ayniqsa muhimdir. Bolalar taomnomasida, umuman kattalarnikida ham foydali, tabiiy mahsulotlar: sabzavotlar, go’sht, dengiz mahsulotlari, sut mahsulotlari ustun bo’lishi kerak. Shu bilan birga, gazli ichimliklar, shirinliklar va shu kabilarni cheklash kerak.
Infektsion kasalliklarga qarshi kurashda yana bir muhim omil — bola xonasida to’g’ri mikroiqlim bo’lishi. Xona harorati to’g’ri bo’lishi kerak: havoni 22-25 °C gacha isitib yubormang. 18 °C qulay yashash uchun yetarli. Shu bilan siz farzandlaringizning uyquchanligini unutasiz. Ular yanada faol bo’ladi.
Namlikni ham nazorat qilishingiz kerak. Bu kichik nyuansga juda ko’pchilik ahamiyat bermaydi, ammo namlikni o’lchash va havoni namlantirish uchun qurilma har bir bolaning xonasida bo’lishi kerak, umuman kattalar xonasida ham. Yuqorida aytib o’tilgan harorat bilan birga 60-70 foiz darajadagi namlik ko’plab bolalar kasalliklarining oldini olish kalitidir.
salom
menga bir savol bor:
Hiqildoqdan surtma olish usuli haqida ma’lumot kerak