Vabo (xolera) — alomatlari, sabablari, yuqishi, tashxis, davolash, oldini olish

Vabo — o’tkir infektsion kasallik bo’lib, vabo vibrioni (Vibrio cholere) bakteriyalari tufayli rivojlanadi va odatda og’riqsiz va suvsimon ich ketishiga olib keladi. Ba’zi bemorlarda ich ketishi shunchalik jiddiy bo’ladiki, natijada o’g’ir suvsizlanish rivojlanadi va u hatto o’limga ham olib kelishi mumkin. Ko’p odamlar vabo vibrionini bakteriyalar bilan ifloslangan oziq-ovqat yoki suv iste’moli natijasida yuqtirib olishadi. Alomatlar yengil bo’lishi mumkin bo’lsa-da, ba’zi avval sog’lom bo’lgan odamlarda bakteriyani yutganlaridan so’ng 1-5 kun o’tib kuchli ich ketishini rivojlanadi. Vabo tez tibbiy yordam talab qiladi. Bemor hayotini saqlab qolishda gidratatsiya (og’ir hollarda vena ichiga) va antibiotiklar muhim o’rin tutadi.

Vabo vibrioni bakteriyasi
Vabo vibrioni bakteriyasi

JSST ma’lumotlariga ko’ra, yiliga taxminan 1,4 — 4,3 mln. kishi vabo kasalligiga chalinadi va o’lim darajasi qariyb 28,000-142,000 kishini tashkil qiladi. Vabo kasalligiga chalingan 10 nafar kishidan faqat bittasi odatiy alomatlar va belgilarni namoyon qiladi.

Vabo qo’zg’atuvchisi birinchi bo’lib 1854 yilda olim Filippo Pachini tomonidan ajratib olingan, lekin bakteriya 30 yil o’tib, mustaqil ishi davomida Robert Kox tomonidan aniqlangach va unga qarshi kurashish choralari kashf qilingach keng tanildi.

Vaboning alomatlari va belgilari qanday?

Vabo alomatlari — suvsimon ich ketishi, shuningdek axlatda oqimtir materiallarning (shilliq va oshqozon-ichak trakti hujayralari) mavjudligidir. Axlat guruch qaynatmasiga o’xshaydi. Diareya miqdori juda ko’p bo’lishi mumkin; ich ketish suyuqligi hajmi 24 soat davomida taxminan 250 sm3 / kg yoki kattalar uchun taxminan 10-18 litr bo’lishi mumkin. Odamlar quyidagi alomatlardan birini yoki bir nechtasini boshdan kechirishi mumkin:

  • Suvsimon ich ketishi (ba’zan katta hajmlarda);
  • Guruch-suvsimon axlat;
  • Axlatdan baliq hidini eslatadigan hid kelishi;
  • Qayt qilish;
  • Yurak urishining tezlashishi;
  • Teri elastikligining yo’qolishi;
  • Shilliq pardalar qurishi (og’izning qurishi);
  • Qon bosimi pastligi;
  • Chanqoqlik;
  • Muskullarda tortishish (masalan, oyoq tortishib qolishi);
  • Xavotir yoki bezovtalik (ayniqsa bolalarda);
  • Noodaity uyquchanlik yoki charchoq.

Ko’pincha kasallikning og’ir shakllarida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan boshqa alomatlar quyidagilarni o’z ichiga oladi:

  • Qorin og’rig’i (tortishishlar);
  • Rektal og’riqlar;
  • Isitma;
  • Og’ir qayt qilish;
  • Suvsizlanish;
  • Siydik chiqarishning kamayishi yoki yo’qligi;
  • Vazn yo’qotish;
  • Tutqanoqlar;
  • Shok;
  • O’lim.

Kasallangan kishilarda ushbu alomatlar rivojlanishini oldini olish uchun ular darhol suvlantirishga muhtoj, chunki bu belgilar va alomatlar insonning suvsizlanishi va og’ir vaboning rivojlanishi mumkinligini ko’rsatadi. Vaboning og’ir shakllarida (taxminan 5% -10%) bemorlarda buyrak yetishmovchiligi, elektrolit muvozanatining buzilishi (ayniqsa, natriy va kaliy) va komaga olib keladigan og’ir suvsizlanish rivojlanishi mumkin. Agar suvsizlanish bartaraf qilinmasa, bu tezda shok va o’limga olib kelishi mumkin. Jiddiy suvsizlanish ko’pincha birinchi ich ketishi kuzatilganidan 4 — 8 soat o’tgach yuzaga keladi va bemorga tegishli yordam ko’rsatilmasa, 18 soatdan bir necha kun o’tgach bemorning o’limi bilan yakun topadi. Epidemik chaqnashlarda tibbiy yordam yaxshi rivojlanmagan davlatlarda o’lim ko’rsatkichi 50-60% gacha yetishi mumkin.

Vabo qo’zg’atuvchisi va kasallikning yuqishi

Vabo (xolera) kasalligini vabo vibrioni bakteriyasi keltirib chiqaradi. Bu bakteriya gramsalbiy, vergulsimon bo’lib, harakatlanishini ta’minlaydigan uzun xivchin va to’qimalarga birikish uchun kerak bo’lgan tukchalari mavjud. Vabo kasalligini keltirib chiqarishi mumkin bo’lgan V. cholerae bakteriyasining ko’pgina serotiplari mavjud bo’lib, O-guruhiga mansub O1 va O139 kabi turlari vaboning eng jiddiy alomatlarini keltirib chiqaradi. O-guruh bakteriyalar yuzasi turli lipopolisaxarid-oqsil tuzilmalaridan iborat bo’lib, immunologik usullar bilan farqlanadi.

Vabo vibrionining bu serotiplari tomonidan ishlab chiqarilgan toksin A va B subbirlikdan tashkil topgan enterotoksindir; ushbu subbirliklarning sintezi uchun javobgar genetik ma’lumot bakteriyaning plazmidlarida (genetik elementlar bakteriya xromosomalardan ajralib turadi) saqlanadi. Bundan tashqari, yana bir plazmid pilusni (bakteriyani inson hujayralariga birikishiga yordam beradigan tukchalar) kodlaydi. Enterotoksin inson tanasi hujayralarini o’zining elektrolitlari va suvini chiqarishga undaydi (asosan yuqori me’da-ichak yo’llarida), suv va elektrolitlar chiqarilib, ​​ichak bo’shlig’ida yig’ila boshlaydi va ich ketishi kabi tanadan chiqib ketadi. Enterotoksin difteriyaga olib keladigan bakteriyalar tomonidan hosil bo’lgan toksinga o’xshaydi, chunki har ikki turdagi bakteriyalar o’zlaridan toksin ajratadi, keyin shu toksin inson hujayralariga kiradi. Bakteriyalar odatda ifloslangan suvni ichish orqali yuqadi, ammo ular oziq-ovqatlarga, ayniqsa dengiz mahsulotlariga tushishi va kishini zararlashi mumkin.

Vaboning xavf omillari

Bakteriyalarni o’ldirish uchun suv yoki oziq-ovqatni qayta ishlamay iste’mol qilgan har bir kishi, ayniqsa vabo mavjud joylarda, ushbu kasallik bilan kasallanishi xavfi mavjud.

Epidemiyalar tabiiy ofatlar yoki sanitariya chiqindilari sizib chiqishining boshqa sabablari, shuningdek, odamlar uchun xavfsiz suyuqlik va oziq-ovqat bo’lmaganligidan kelib chiqadi. Bunday holatlar 50 yildan ortiq vaqt davomida vabo kuzatilmagan Gaiti mamlakatida kuzatilgan, yirik zilzila sabab sanitariya uskunalari va suv va oziq-ovqat tozalash qurilmalari vayron bo’lgan. V. cholerae bakteriyalar oxir-oqibat birlamchi suv manbalarini zararlagan, natijada 530 000 dan ortiq odam vabo kasalligiga chalingan, 7000 dan ortiq o’limga sabab bo’lgan. Bu vabo Gaitidan qo’shni davlat Dominikan Respublikasiga ham tarqaldi.

Ba’zi rivojlanmagan mamlakatlarda ochlik odamlarni notoza oziq-ovqat va / yoki ichimlik suvi iste’mol qilishga majbur qilishga olib kelishi mumkin, bu esa kambag’al aholi o’rtasida vabo xavfini oshiradi.

Boshqa xavf omillari

Vabo vibrionlari dengiz suvi ichida omon qolishi va mollyuskalar ichida bo’lishi mumkinligiga oid ba’zi dalillar mavjud; xom ustritsalarni iste’mol qilish, ayniqsa, rivojlanmagan va ba’zan rivojlangan mamlakatlarda, vabo xavfi omilidir.

Ba’zi odamlar boshqalarga nisbatan ko’proq kasallanish xavfiga ega. Yetarlicha ovqatlanmaydigan yoki immuniteti zaiflashgan odamlar vabo kasalligini rivojlantirishi mumkin. Ba’zi tadqiqotchilarning fikriga ko’ra, 2-4 yoshgacha bo’lgan bolalar kasallikga kattaroq yoshdagi bolalarga qaraganda ancha sezgir. Bundan tashqari, tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, birinchi qon guruhili bemorlar vaboga boshqalarga nisbatan ikki marta ko’proq chalinar ekan. Ushbu kasallikning qon guruhiga bog’liqligi hali to’liq tushunilmagan. Shuningdek axlorgidriyadan (me’da shirasida kislotaning kamayishi) aziyat chekuvchilar va kislota darajasini kamaytiruvchi dorilar qabul qiluvchilar ham vabo kasalligiga moyil bo’lishadi, chunki oshqozon kislotasi vabo vibrioni, shu jumladan, bakteriyalarning ko’p turlarini o’ldirishga qodir.

Vabo kasalligi yuqumlimi?

Sog’lom katta kishilarni kasallantirish uchun taxminan 100 mln. gacha vabo bakteriyalari talab qilinadi. Bu katta miqdordan kelib chiqqan holda, kasallikning tarqalishi uchun oziq-ovqat yoki suvning jiddiy ifloslanishi yuz berishi kerak va odamdan odamga to’g’ridan-to’g’ri yuqishi ba’zi epidemik holatlardan tashqari, kamdan-kam kuzatiiladi. Vabo epidemiyasi kuzatilganda bakteriyalar bevosita va bilvosia juda yuqumli bo’lib qoladi, chunki oziq-ovqatlar va suv ifloslanishi keng tarqaladi.

Vaboning inkubatsion davri

Inkubatsiya davri (bakteriyalar yuqganidan alomatlar namoyon bo’lishigacha vaqt oralig’i) bir necha soatdan (6 — 12 soat) besh kungacha cho’zilishi mumkin, o’rtacha u 2 — 3 kun davom etadi. Kasallik yuqganidan 6-12 soat o’tgach namoyon bo’lishi juda tez inkubatsion davr hisoblanadi va davolash uchun darhol tibbiy aralashuv talab etiladi.

Vaboning yuqumli davri

Vaboning yuqumli davri bakteriyalar najas bilan birga ajralishi bilanoq boshlanadi. Ich ketishi bakteriyalar ta’siridan 6-12 soat o’tgach sodir bo’lishi va 7 — 14 kungacha davom etishi mumkin. Alomatlarsiz (kasallangan, ammo hech qanday alomatlar sezilmaydi) ba’zi odamlar ham 7 — 14 kun davomida vabo bakteriyalarini tarqatadi.

Qaysi shifokorlar vabo kasalligini davolashadi?

Aksariyat insonlar yengil alomatlar yoki hech qanday alomatlari yo’qligi sababli davolanishmaydi yoki ularning mahalliy shifokorlari tomonidan davolanishadi. Biroq, ba’zi bolalar va boshqa og’ir kasalliklari bo’lgan shaxslarda, birlamchi tibbiy yordam yoki pediatrdan tashqari infektsion kasalliklar mutaxassisi, gastroenterolog va / yoki terapevt yordami kerak bo’lishi mumkin.

Bundan tashqari, epidemiologiya mutaxassislari epidemik hududlarga sayohat qiladigan yoki yashaydigan odamlarda vabo kasalligini oldini olish, davolash va baholash bo’yicha tavsiya berishlari mumkin.

Vabo kasalligini tashxislash

Dastlabki tashxis odatda vabo alomatlarini aniqlangan bemorning yaqinlari tomonidan qo’yiladi, ayniqsa, agar bemor guruch qaynatmasi kabi ichi ketsa va bemor tarixida mavjud xavf omillari ta’siri bo’lgan bo’lsa. Suyuq diareya ko’pincha mikroskop ostida ko’rilganda, unda ko’plab harakatchan vergulsimon bakteriyalar (taxminan vabo vibrioni) aniqlanadi. Yakuniy tashxis diareya suyuqligidan bakteriyalar ajratib olingach qo’yiladi.

O’quvchilar vaboni ifodalash uchun shuningdek Inabo, Ogava va Xikodjima kabi serotiplari so’zlarini ko’rishlari mumkin; ular ushbu vabo vibrionida qaysi O-antigenlar (A, B yoki C sifatida belgilangan O antigenlar) mavjud ekanligini ko’rsatadi. Shuningdek vabo bakteriyalarining genetik material aniqlash uchun PZR test ham ishlab chiqilgan, lekin ular hozirda keng qo’llanilmaydi.

Vaboni davolash

Har bir tibbiy muassasa vaboni davolashda ORT (og’zaki regidratsion tuzlar) bilan suvsizlanishni oldini olishni tavsiya qiladi. ORT suyuqliklari butun dunyo bo’ylab sotuvga chiqarilgan va glyukoza va elektrolitlarni o’z ichiga olgan qadoqlangan idishlarda mavjud.

Vaboda yo’qotilgan suyuqlik o’rnini tiklash bo’yicha JSST tavsiyalari

Bemorning holati
Davolash Davolash choralari tavsiyalari; yosh va vazn
Suvsizlanmagan Og’zaki regidratsion tuzlar (ORT)
  • 2 yoshgacha bolalar: 50-100 ml, kuniga 500 ml gacha
  • 2-9 yosh bolalar: 100 — 200 ml, kuniga 1000 ml gacha
  • 9 yoshdan katta bemorlar: talab qilingancha, kuniga 2000 ml gacha
O’rta suvsizlangan Og’zaki regidratsion tuzlar (ORT) (birinchi 4 soatdagi miqdor)
  • Chaqaloqlar < 4 oy(<5 kg): 200 — 400 ml
  • Chaqaloqlar 4 — 11 oy (5 — 8 kg): 400-600 ml
  • 1 — 2 yoshli bolalar (8 — 11 kg): 600-800 ml
  • 2 — 4 yoshli bolalar (11 — 16 kg): 800-1,200 ml
  • 5 — 14 yoshli bolalar (16 — 30 kg): 1200-2,200 ml
  • 14 yoshdan katta bemorlar (30 kg va undan yuqori): 2,200-4,000 ml
Og’ir suvsizlangan Vena ichiga tomchilatib ringer laktat, agar ular mavjud bo’lmasa, yuqorida ko’rsatilganidek ORT
  • 12 oylikkacha chaqaloqlar: 30 ml / kg bir soat davomida, keyin 70 ml / kg besh soat davomida
  • 1 yoshdan kattalar: 30 ml / kg 0,5 soat davomida, keyin 70 ml / kg в 2,5 soat davomida

Har 1-2 soatda bemor ahvolini tekshirib turish va ORT berishni davom ettirish kerak. Ahvolida yaxshilnish bo’lmasa (suvsizlanishi alomatlari bo’lsa), darhol vena ichiga fiziologik eritma yuborish kerak. Davolashning birinchi 24 soati davomida 200 ml / kg yoki undan ko’proq talab qilinishi mumkin.

Go’daklarni 6 soatdan keyin, qariyalarni 3 soatdan keyin to’liq qayta baholash kerak. Bemor ahvoli yaxshilansa va suyuqliklarni icha olsa, yana ORT berishda davom etish kerak.

Vaboga qarshi antibiotiklar

Umuman, antibiotiklar vaboning jiddiy shakllari uchun ishlatiladi; ular suvsizlanishni kamaytirish uchun mo’ljallangan va tiklanishni tezlashtiradi. Vabo og’ir holatlarda Tetrasiklinlar (sumitsinom), Doksisiklin (vibramitsin, orasesa, adoksa, atridoks va boshqalar), Furazolidon (furoksonom), Eritromisin (Pediazol, Ilozon) yoki siprofloksatsin bilan samarali davolangan. Vena orqali suyuqlik darajasi va elektrolitlar ta’minlash bilan quyidagi antibiotiklar qo’llaniladi:

  • Tetrasiklin (Sumitsin);
  • Doksisiklin (Vibramitsin, Orasia, Adoksa, Atridoks va boshqalar);
  • Furazolidon (Furokson);
  • Eritromisin (Pediazol, Ilozon);
  • Azitromitsin (Azitroks);
  • Sulfametoksazol / Trimetoprimdir (Baktrim, Septra);
  • Ampitsillin;
  • Siprofloksatsin;
  • Norfloksatsin (Noroksin).

Ko’pchilik keltirib o’tilgan antibiotiklar samarali, biroq ularni to’g’ri tanlash uchun antibiotiklarga sezuvchanlik tahlili o’tkazilishi maqsadga muvofiq bo’ladi, chunki ko’plab bakteriyalar, shu jumladan vabo vibrionlari ham turli darajada antibiotiklarga qarshilik shakllantirishgan. Bundan tashqari, boshqa samarali antibiotiklar bo’lsa, xinolonlardan (masalan, siprofloksasin, norfloxacin) foydalanilmaslik kerak, chunki ular tayanch-harakat tizimiga nojo’ya ta’sir ko’rsatishi mumkin.

Vaboni oldini olish mumkinmi?

Ha, vaboni bir necha usul bilan oldini olish mumkin. Rivojlangan mamlakatlarda vabo kasalligi deyarli kuzatilmaydi, chunki ularda sanitariyta protokollariga to’liq amal qilinadi, suvni tozalash va oziq-ovqat tayyorlash inshootlari doimiy faoliyat olib boradi, odamlarda qo’l yuvish imkoni mavjud. Bu mamlakatlarda vaqti-vaqti bilan bu inshootlar yoki usullarda muammolar yuzaga kelishiga qaramay, ular vabo kabi ko’plab kasalliklarni cheklay olishadi.

Vabo kasalligini oldini olish

Odamlar vaboni oldini olish uchun ehtiyot choralariga amal qilish, muntazam qo’l yuvish, vabo mavjud joylarda bo’lmaslik va odamlar bilan aloqa qilmaslik, suv yoki boshqa ichimliklarni ichishda ehtiyot bo’lish, oziq-ovqatlarni yaxshilab tayyorlash kerak. Bundan tashqari, vabo kasalligini oldini olishga qodir vaktsina bor va ularning samaradorligi 50 -90% gacha yetadi.

Vaboga qarshi vaktsina og’zaki bo’lib, inyektsiyalar unchalik ham samarador emas. Ikki vaktsina (Shanchol va Dyukoral) maxsus o’ldirilgan vabo bakteriyalaridan iborat bo’lib, o’zlarida enterotoksin saqlamaydi. Afsuski, har ikki vaktsina o’rtacha 2 yil ta’sir ko’rsatadi, biroq ba’zi xabarlarga ko’ra Shanchol 65% hollarda 5 yilgacha ta’sir qilishi mumkin. Har ikki vaktsina odatda 1-6 hafta oralig’i bian ikki dozada beriladi.

Afsuski, vaktsinalar cheklangan. Ular vaboga duchor bo’lishi ehtimoli mavjud bo’lgan kishilar uchun mo’ljallangan, masalan sayohatchilar uchun.

Bugungi kunda butun dunyo bo’ylab ushbu kasallikni o’rganish bilan shug’ullanayotgan 30 dan ortiq universitet mavjud va ular vabo epidemiyologiyasi, patologiya, immunologiya, vaktsina ishlab chiqarish va boshqa muammolarni tadqiq qilishmoqda.

Vabo yakuni qanday?

Vabo yakuni (prognozi) suvsizlanish jiddiyligiga va bemorga qanchalik tez yordam ko’rsatilishiga qarab, yaxshidan yomongacha farq qilishi mumkin. Vabo davolanmasa, o’lim ko’rsatkichi 50-60% ni tashkil etishi mumkin, biroq davolash protokollariga amal qilinsa va o’z vaqtida boshlansa, ushbu ko’rsatkich 1% gacha kamayishi mumkin. Umuman olganda, alomatlar qanchalik yengil bo’lsa va suvsizlanish qanchalik yengil bo’lsa, kasallik shunchalik ijobiy yakun topadi.

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.