O’lat — bakterial kasallik bo’lib, Yevropada o’rta asrlarda millionlab odamlar o’limiga sabab bo’lgan. Ko’p tarixiy manbalarda kasallik «Qora o’lat» deb nomlanadi. Vaboning dastlabki pandemiyasi 541 yilda boshlanib, O’rta Yer dengizi atrofida taxminan 100 million odamni o’limiga sabab bo’lgan va 200 yildan ortiq davom etgan.
«Qora o’lat» yoki o’rta asrning pandemiyasi Xitoyda boshlangan va Yevropaga tarqalgan, naitjada butun aholining 60 foizini o’ldirgan. Uchinchi yoki zamonaviy pandemiya 19-asrda Xitoyda boshlangan va butun dunyodagi port shaharlarga tarqalgan. Yaqinda Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti (JSST) 2014 yil noyabr oyida Madagaskarda o’lat kasalligi tarqalishi haqida habar berdi. Kasallik 100 dan ortiq bemorga salbiy ta’sir ko’rsatdi va kamida 40 ta o’limga sabab bo’ldi.
Kemiruvchilar va boshqa ko’plab turdagi hayvonlar o’lat bakteriyasi bilan zararlangan bo’lishi mumkin. Odamlar zararlangan kemiruvchilar qoni bilan ozqilangan burga chaqishi orqali kasallikni yuqtirishadi. Odamlar, shuningdek, kasallangan hayvonlarning suyuqliklari yoki to’qimalari bilan aloqa qilishda ham infektsiyani rivojlantirishi mumkin. O’latli pnevmoniyasi bo’lgan insonlar infektsiyani havoga yo’tal orqali tarqatib, boshqa odamlarga ham yuqtirishlari mumkin.
O’lat kasalligi qo’zg’atuvchisi
O’latga sabab bo’ladigan bakteriyalar O’lat tayoqchalari (Yersinia pestis) deb nomlanadi. Tabiiy sharoitda bakteriyalar yovvoyi kemiruvchilarga zarar yetkazadi. Ushbu kasallik hali ham dunyoning ko’p qismlarida uchrab turadi, ammo 95% holatlarda Madagaskar va Afrikaning janubiy qismida sodir bo’ladi. Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti dunyo bo’ylab har yili taxminan 1000-2000 o’lat holatlari haqida xabar beradi, ammo ko’p holatlar qayd qilinmaganligi bois, ushbu sonlar bir necha baravar ortiq bo’lishi ehtimoli bor.
Kasallangan hayvonlar bilan oziqlanadigan burgalar bakteriyalarni boshqa hayvonlarga yuqtiradi. Sichqon, suslik, kalamushlar, burunduqlar, quyonlar o’lat bakteriyalarini tashuvchi hayvonlarga misol bo’la oladi. Bu hayvonlarning tabiiy populyatsiyalarida bakteriyalar past darajada qoladi. Birdaniga ko’pchilik yovvoyi kemiruvchilar nobud bo’lganda, bu hayvonlarni chaqgan burgalar odamlarni va uy hayvonlarini ham chaqishi mumkin.
O’lat bilan zararlangan mushuklar odatda jiddiy kasallanib, atrofga yuqumli havo tomchilarini yo’tal orqali tarqatadi. Itlar kasal bo’lib ko’rinmasa ham, ular hali ham kasallik tashuvchisi — burgalarni uyga olib kelishi mumkin.
Kasallikning xavf omillari
O’lat uchun xavf omillari, burga chaqishi va shuningdek, kemiruvchilar ta’sirini ham o’z ichiga oladi. Kasallangan mushuklarning tirnashlari yoki tishlashi ham xavf omilidir. Pnevmoniya (o’lat bakteriyalari tomonidan yuzaga kelgan pnevmoniya) bilan og’rigan bemorlar bilan aloqa qilish kasallanish xavf omilidir.
O’latning inkubatsion davri
Kasallik alomatlari va belgilari odatda bakyeriyalar yuqganidan so’ng 2-7 kun o’tib rivojlanadi, o’latli pnevmoniya bo’lsa, alomatlar bir kunda namoyon bo’lishi mumkin.
O’latning shakllari, belgilari va alomatlari
Kasallik uch shaklda rivojlanishi mumkin, belgilari va alomatlari shakliga qarab turlicha bo’ladi:
Bubonli o’lat
O’latning ushbu shaklida bakteriyalar limfa tugunlari ichiga kiradi, bu esa limfa tugunlarining kattalashishiga va og’rishiga sabab bo’ladi, bu holat «bubon» deya nom olgan. Shu bilan birgalikda alomatlar orasida isitma, varaja, bosh og’rig’i va zaiflik mavjud. Agar kasallik davolanmasa, infektsiya tananing boshqa joylariga tarqalishi mumkin
Septik o’lat
O’latning bunday shakli qonga oqimiga bakteriyalarning kirishi natijasidir. Bu o’z-o’zidan sodir bo’lishi yoki bubonik o’lat asorati sifatida rivojlanishi mumkin. Alomatlar orasida isitma, varaja, kuchsizlik, qorin og’rig’i va shok mavjud. Qon ketishi va to’qimalarning o’lishi (nekroz) kuzatilishi mumkin, ayniqsa qo’l va oyoq barmoqlarida. Bu o’lik to’qimalar qora bo’lib ko’rinishi mumkin, shuning uchun «Qora o’lat» nomini olgan.
O’pka o’lati
Kasallikning bu shaklida boshqa turdagi o’lat alomatlari ham kuzatilishi mumkin, ammo klinik tasvirda pnevmoniyaning o’ziga xos ko’rinishi mavjud bo’ladi. Bakteriyalar o’pkaga qon oqimi orqali tarqaladi yoki zararlangan havodan nafas olish orqali to’g’ridan-to’g’ri yuqadi. Bu to’g’ridan-to’g’ri yuqishi o’latning insondan insonga uzatilishi mumkin bo’lgan yagona shaklidir. Nafas yetishmovchiligi, ko’krak qafasidagi og’riqlar va suyuq yoki qonli yo’talish bilan birga kechadi.
O’lat yuqumlimi va qanday tarqaladi?
Bubonik va septik o’lat kamdan-kam hollarda odamdan odamga uzatiladi; kasallanish burga infektsiyalangan kemiruvchilarni chaqib, keyin odamlarni chaqishi paytida sodir bo’ladi. O’latli zotiljamni boshqa odamga yuqtirish uchun odatda kasallikka chalingan odam bilan bevosita va yaqin (2 metr atrofida) aloqa qilish talab qilinadi. O’latli pnevmoniya yuqumli shakl hisoblanadi, chunki kasallangan odamlar nafas chiqarishda havo-tomchi yo’li orqali bakteriyalarni tarqatishi mumkin.
O’pka o’latining yuqumli davri
Kasallik aktiv infektsiyaga ega odamlarning nafas tomchilari bilan tarqalishi mumkin. To’liq infektsion davr yakuniy aniqlanmagan bo’lsa-da, o’pka o’latining dastlabki bosqichida (birinchi 24 soat) bemorlar kasallikni tarqalish xavfi yuqori bo’lmaydi. Shu bilan birga, qon yoki yiring yo’talish bilan kechadigan o’pka o’latining yakuniy bosqichida bemorlarda kasallikni tarqatish xavfi juda yuqori bo’ladi.
Shifokorlar o’lat kasalligini qanday tashxislaydi?
O’latning tashxisi kasallangan bemorda qon yoki to’qima (masalan, kengaygan limfa tugunidan aspirat) namunasida Yersinia pestis organizmlarini aniqlashga bog’liq. Diganostik testlar organizmlarni suniy yetishtirish, bakteriyalar sirt oqsillarini namoyish etish yoki bakteriyalarning genetik ma’lumotlarini aniqlashga asoslangan. Shuningdek, organizm antitanalarining infektsiyaga reaktsiyasini aniqlash uchun testlar ham mavjud.
O’latni davolash
O’latni davolashda antibiotiklar qollash samara beradi. Qo’llaniladigan antibiotiklarga, masalan, Siprofloksatsin, Streptomitsin, Gentamitsin (garamitsin) va Doksisiklin (Vibramitsin, Filiz, atridoks) kiradi. Kasallangan odamlar juda og’ir bo’lib, me’yoriy qon bosimini saqlab qolish uchun preparatlar, kislorod va respirator qo’llab-quvvattlash kabi qo’shimcha terapiyaga muhtoj bo’lishlari mumkin. Yuqumli kasallik tarqalishining oldini olish uchun o’pka o’lati bilan og’rigan bemorlarni davolash vaqtida izolyatsiya qilish kerak.
O’latning yakuni qanday
O’lat juda jiddiy kasallik bo’lib, ko’pincha o’limga olib keladi. Bubonik o’lat bilan og’rigan odamlarning taxminan 50 foizi ularning kasalligi davolanmasa halok bo’ladi. O’pka o’lati davolanmasa, odatda har doim o’limga olib keladi. Davolash bilan o’latli pnevmoniyaga uchraganlarning deyarli yarmi omon qoladi. Antibiotiklar bilan davolash jarayoni qanchalik erta boshlansa, kasallik yakuni shunchalik ijobiy bo’ladi.
O’latdan saqlanish mumkinmi? Unga qarshi emlash mavjudmi?
O’latning oldini olish uchun erkin mavjud bo’lgan vaktsina yo’q. Kemiruvchilarning yashash joylarini kamaytirish, yovvoyi hayvonlar bilan aloqa qilishda va potentsial zararlangan hayvonlarning go’shti bilan ishlayotganda qo’lqop kiyish orqali o’latni yuqtirish ehtimolini kamaytirish mumkin. Tashqarida yoki burga chaqishi ehtimoli yuqori bo’lgan joylarda bo’lganingizda teri va kiyim uchun repellentlardan foydalaning. Ular burgalarni qochiradi. DETA saqlovchi repellentni ham teriga, ham kiyimga, permetrin saqlovchilarni esa faqat kiyimga qo’llash mumkin.
Profilaktik chora sifatida o’latning ma’lum ta’siriga duchor bo’lgan yoki infektsiyalangan to’qimalar yoki tana suyuqliklari bilan bevosita aloqada bo’lgan kishilarga antibiotiklar berilishi kerak.