Ich qotishi (qabziyat) — kishida 48 soatdan ko’proq vaqt davomida hojat chiqarish (defakatsiya) bo’lmasa yoki hojat sodir bo’lsa-da, ichakning to’liq bo’shalmaganlik hissidir.
Sog’lom odamda hojat chiqarish davriyligi ovqatlanish, odatlar va turmush tarziga bog’liq. Qabziyatdan azob chekayotgan odamlar ko’pincha surunkali charchoq, og’izda yoqimsiz ta’m, ko’ngil aynishi, ishtahani kamayishidan shikoyat qiladilar. Qabziyatdan aziyat chekuvchilarda qorin shishgan, teri nosog’lom sarg’ish-jigarrang tusda bo’ladi, ich surgi dorilaridan tez-tez foydalanganlik bois ichakda so’rilish buziladi va natijada yengil anemiya va vitamin yetishmasligi ham kuzatilishi mumkin.
Qabziyatdan (konstipatsiya) dunyo aholisining 20% aziyat chekadi, asosan, rivojlangan mamlakatlarning aholisi. Ichak dizritmiyasi muammosi barcha yosh guruhlari uchun tegishli. Ko’pincha ich qotishi 25-40 yoshgacha bo’lgan kishilarda rivojlanadi va keyinchalik bu muammo yanada kuchayadi. Fertil (reproduktiv) yoshda ich qotishi ayollarga xosdir. Keksa yoshdagi odamlarda qabziyat yoshlarga nisbatan qariyb 5 barobar ko’p uchraydi. Bunday e’tiroflar yoshga bog’liq gastroenterologiya muammolari bilan shug’ullanadigan ko’pchilik tadqiqotchilar tomonidan tan olingan.
Klinik tibbiyotda organik va funktsional qabziyat farqlanadi:
1. Organik qabziyat. Ichak morfologik va anatomik o’zgarishlari (ko’pincha bolalikda tashxislanadi) yoki patologik va yatrogen sabablar (yosh va o’rta yoshli kishilarda ehtimolligi deyarli bir xil) tufayli rivojlanadi.
Organik ich qotishi quyidagilar omilar ta’siri natijasida yuz beradi:
- Tug’ma anomaliyalar (dolixokolon, dolixosigma, kolonoptoz);
- Ichakdagi jarrohlik operatsiyalari asoratlari;
- Ichak va omentumda yallig’lanish (yopishish) jarayoni;
- Invaginatsiya (ichakni ichak ichiga kirib qolishi), omentumning buzilishi, ichakning buralib qolishi, ichak o’tkazmasligi;
- Ichakdagi yoki uning atrofidagi organlarda saraton o’simtalari ichakni ezib qolishi.
2. Funktsional qabziyat. Inson psixoemotsional holatining buzilishlari, yo’g’on ichak shiliq qavatining motor, sekretor, ekskretor va so’rish funktsiyalari buzilishlarida rivojlanadi. Ichakda morfologik o’zgarishlar aniqlanmaydi. Funktsional ich qotishi ichak ta’sirlanishi sindromi (ITS) bilan birlashgan patologiyalar guruhining bir qismidir. Sindrom — bitta patogenez va turli xil etiologik (sababchi) alomatlar jamlanmasi. Kasallikni nozologik birlik sifatida har doim umumiy etiologiya va patogenez birlashtiradi.
Organik qabziyat jarrohlik patologiyalar bilan bog’liq, odatda o’tkir shaklda namoyon bo’ladi va ichakning tug’ma xususiyatlari sababli rivojlanadi. Ba’zi hollarda nuqsonlarni tezda bartaraf etish kerak. Agar organik qabziyat invaginatsiya, chandiq, ichak buralib qolishi, ichak bo’shlig’ining tiqilib qolishi yoki yot tananing bosib qolishi tufayli yuz bersa, klinik tasvir shiddat bilan rivojlanadi va bemorning hayotini saqlab qolish uchun zudlik bilan jarrohlik aralashuvi talab qilinadi. O’tkir ich qotishining klinik ko’rinishlari juda yaqqol namoyon bo’ladi va asbob-uskunalar bilan aniqlash nisbatan osonroqdir.
Funktsional qabziyatlar ko’pincha turli xil etiologiyaga va patogenezga ega bo’lib, ko’pincha surunkali shaklda kechadi va uni doim ham osonlik bilan davolab bo’lmaydi. Funktsional ichak dizritmiyalaridan aziyat chekadiganlarning ko’pchiligi o’zlarini kasal deb bilishmaydi.
Klinitsitlar ITSli kishilarni ikki toifagi ajratishadi:
- «Bemor emas», ich qotishi alomatlari bor, lekin turli sabablarga ko’ra shifokorga murojaat qilmaydi. Patologiya ularning turmush tarziga sezilarli ta’sir ko’rsatmaydi;
- Noqulaylik hissi bo’lgan bemorlar shifokorga murojaat qilishadi. Patologiya hayot sifatiga turli darajada ta’sir qiladi.
Oshqozon-ichak tizimining funktsional buzilishlari diagnostika texnikasining barcha spektrini qo’llagan holda xarakterli alomatlar (rad etish yo’li bilan) asosida aniqlanadi. Ba’zi hollarda surunkali ich qotishi alomatlarini bartaraf etish qiyin.
Funktsional qabziyatni tashxislash uchun bir qator alomatlar jamlanmasi tahlil qilinadi. Klinik amaliyotda tashxis mezonlari, odatda, laboratoriya, asbob va funktsional tashxislash usullari bilan takomillashtiriladi.
Kasallik ta’rifi
Normal defekatsiya — insonning salomatli belgisi hisoblanadi. Turli manbaalarda defakatsiya davriyligi, kunlik axlat massasi hajmi, shakli va konsistentsiyasi normalari keltirilgan.
Ovqat hazm qilish tizimining to’g’ri ishlashi quyidagi belgilar bilan tavsiflanadi:
- Sog’lom odamda ichakning bo’shatilishi (defakatsiya, hojat chiqarish) kuniga 2 marotabadan haftada uch marotabagacha bo’ladi;
- Najasning og’irligi kuniga 100 dan 200 grammgacha, eng kam me’yor esa 40 gramm;
- Najas shakli silindir (kolbasa kabi) shaklida bo’ladi;
- Najasning konsistentsiyasi yengildir.
Ba’zida ich qotishi kasalliklar bilan bog’liq bo’lmaydi va normal, tasodifiy tabiatga ega. Biroq har qanday qabziyat deyarli doimo ich qotishi va boshqa belgilar bilan namoyon bo’lgan oshqozon-ichak patologiyalarining belgisi hisoblanadi.
ITSning klinik tashxisida quyidagi holatlar mavjudligi ich qotishiga javob beradi:
- Hojat chiqarish haftada uch martadan kamroq;
- Axlat miqdori 40 gramdan kam;
- Bu harakat jiddiy kuchanish bilan birga keladi va dumaloq shakldagi kichik axlat qismlarini chiqarish bilan yakunlanadi;
- Ba’zi hollarda defekatsiya faqat ichakni majburiy ravishda bo’shatish usuli bilan amalga oshirilishi mumkin.
Funktsional qabziyat sindromi bo’lgan bemorlarda ich qotishining subyektiv mezonlari:
- Defakatsiyadan so’ng ichakning to’liq bo’shalmaganligi hissi;
- To’g’ri ichakda tiqilish (yot jism mavjudligi) hissi.
Qabziyat har doim ham haqiqiy bo’lmaydi, u vaqtinchalik va qisqa muddatli bo’lishi mumkin.
Ichak dizritmiyasi tasodifiy kelib chiqishi inkor etiladi, agar:
- Bemorlarda qabziyat va subyektiv tuyg’ularning yuqoridagi klinik belgilaridan ikkitasi yoki undan ortig’ini aniqlash;
- Ich qotishi alomatlari muddati. Haqiqiy qabziyat 6 oy ichida 12 hafta davom etgan bo’lsagina tashxislanadi (bu vaqt davomida qisqa remissiya davrlari bo’lishi mumkin).
Qabziyat nimasi bilan xavfli
Qabziyat hayot sifati va inson salomatligiga ta’siri darajasiga qarab, uch turga bo’linadi:
- Kompensatsiyalangan. Ich qotishi tananing gomeostaziga sezilarli ta’sir ko’rsatmaydi. Ko’plab tadqiqotchilar ushbu bosqichni fiziologik me’yorning yuqori chegarasi deb hisoblashadi;
- Subkompensatsiyalangan. Norma va patologiya o’rtasidagi chegara. Kompensatsiyalangan bosqichi bilan chegaralanishi shartli hisoblanadi. Tanaga past yoki o’rta xavf tug’diradi;
- Dekompensatsiyalangan. Patologik ich qotishi, ko’pincha kasallik bilan bog’liq. Tanaga patofiziologik ta’sir ko’rsatadi, ayrim hollarda ichki organlarda morfologik o’zgarishlar yuzaga keladi. Tanaga o’rtacha yoki yuqori xavf tug’diradi.
Kattalarda ich qotishi sabablari
I. Ichakdagi organik o’zgarishlar
Ichakdagi organik o’zgarishlar — kattalardagi ich qotishining keng tarqalgan sabablaridan emas. Ilgarilari organik o’zgarishlar faqat tug’ma bo’lishi va shunga ko’ra ular faqat bolalarda qabziyatga sabab bo’lishi mumkin degan tushuncha mavjud edi. Biroq, o’tgan asrning ikkinchi yarmida o’tkazilgan tibbiy tadqiqotlar bu taxminni rad etdi.
Kattalarda organik qabziyat sabablari — tug’ma va orttirilgan ichak anomaliyalari:
Dolixokolon — yo’g’on ichakning me’yordan uzunligi, ichak mushaklari devorlarining gangliyalarida o’zgarishlar mavjud. Natijada axlat massasi o’tishi sekinlashadi va uzayadi. Tug’ma dolixokolon davolanmasa, ich qotishi katta yoshda ham bezovta qilaveradi. Kattalarda dolixokolon sabablari — ich surgi va xuqna (klizma) lardan me’yordan ortiq foydalanish, shuningdek yo’g’on ichak devorlarining metabolik jarayonlarining buzilishi;
Megakolon — yo’g’on ichakning kengayishi. Kattalarda kengayishi yuqoridagi sabablarga ko’ra kabi. Agar ichak devorida tug’ma nuqsonlar (striktura, atreziya) bo’lmasa, megakolon orttirilgan bo’ladi;
Dolixosigma — yo’g’on ichakning sigmasimon qismining uzayishi hisoblanadi. Uzayishi va kengayish — megadolixosigma. Ushbu bo’limda ingichka ichakdan legan axlat massalari to’planadi. Orttirilgan dolixosigma — kamharakat hayot tarzi tufayli ichakda achish va chirish jarayonlari natijasi. Ushbu bo’limning o’lchamlari va shaklidagi o’zgarishlar tug’ma qabziyatning umumiy sababidir;
Sigmasimon ichakning qo’shimcha burchagi. Sigmasimon ichakning 2-3 chigalga uzayishida kuzatiladi. Buning sabablari dolixosigmadagi kabi. Qo’shimcha chigalning mavjudligi doimiy qabziyatga olib keladi;
Kolonoptoz — tug’ma yoki orttirilgan anomaliya, chambar ichakning tushishi (me’da-ichak apparati mushaklarining kuchsizligi) natijasi, ayollarda tug’ruqdan keyin rivojlanadi. U ichak peristaltikasining sekinlashishi va buning natijasida ich qotishi bilan tavsiflanadi. Irrografiya orqali aniqlanadi — ichakni kontrast modda bilan to’ldirish orqali rentgenologik usul;
Transversoptoz — ko’ndalang chambar ichakning tos sohasiga tushishi. Normal joylashuvi kindik ustidagi proektsiyada. Transversoptoz og’riq, ichak bitishi, innervatsiyaning buzilishi va natijada qabziyat bilan birga kechadi. Ushbu kasallikning rivojlanishiga lordoz, skolioz va umurtqaning boshqa qiyshayishlari turtki bo’ladi;
Ilotsekal klapan yetishmovchiligi. Ilotsekal klapan — ingichka va yo’g’on ichak birlashgan chegaradagi morfologik shakllanma bo’lib, u yo’g’on ichak tarkibini ingichka ichakka o’tib ketmasligini ta’minlaydi. Tug’ma va orttirilgan anomaliya farqlanadi. Klinik ko’rinishida u o’ziga xos alomatlar, xususan oldinma-ketin kuzatiladigan ich qotishi va ich ketishi bilan kechadi;
Sigmasimon ichakning divertikulozi. Divertikul — ichak devorining churrasimon bo’rtishi bo’lib, yuqori bosim fonida yo’g’on ichak devorida distrofik jarayonlarning natijasidir. Odatda 50 yoshdan katta kishilarda rivojlanadi. Klinik ko’rinishi qabziyatga moyillik, anal qon ketishi, meteorizm (tez-tez ichak gazlari chiqarish), hojat chiqarishdan keyin o’tib ketadigan chap tomonida og’riq va og’irlik hissi bilan namoyon bo’ladi.
Kattalarda ich qotishining organik sabablari shuningdek bitishmali yallig’lanish, o’tkir ichak tutilishi bo’lishi mumkin.
II. Funktsional ichak kasalliklari
Funktsional ichak buzilishlari kattalardagi ich qotishining keng tarqalgan sabablaridan biri hisoblanadi. Funktsional genezli ichak qotishi yo’g’on ichak diskineziyasining bir shaklidir. Diskineziyalar ich ketishi va / yoki ich qotishi bilan birga kechishi mumkin.
Qabziyat patogenezida ustun bo’lgan diskineziya quyidagi shakllarga ajratiladi:
- Atonik — ichak silliq mushaklarining patologik bo’shashib qolishi natijasi;
- Spastik — anal sfinkteri yoki yo’gon ichakning boshqa qismining refleksli spazmlari natijasida.
Klinik amaliyotda atonik va spastik ich qotishlarni farqlashda qiyinchiliklar paydo bo’ladi, chunki ularning namoyon bo’lishiga sabab bo’lgan omillar o’zaro ta’sir qiladi.
Ayni paytda atonik deb asosan quyidagi toifa kishilarda uchraydigan qabziyat hisoblanadi:
- Kamharakat turmush tarziga amal qiladiganlar;
- Ruhiy kasalliklar va turli psixomatik kasalliklari tufayli depressiya holatida bo’lish;
- Ko’pincha hayvon oqsillari bo’lgan yuqori kaloriyali mahsulotlar iste’mol qiluvchilar;
- Muntazam ravishda hojat chiqarishga bo’lgan tabiiy undashni bostirishda.
Spastik konstipatsiya odatda quyidagi holatlar mavjud kishilarda kuzatiladi:
- Anal sfinkterdagi muammolar (yoriqlar, gemorroy) va ichakning refleksli spazmiga olib keladigan organlarning disfunktsiyasi;
- Og’ir metal tuzlari bilan surunkali zaharlanish belgilari;
- Endokrin kasalliklar (qalqonsimon bezning autoimmun kasalliklari, qandli diabet);
- Anamnezdagi surunkali kasalliklar va ichakning funktsiyasini buzadigan dorilar bilan uzoq muddatli davolanish davrlari, shu jumladan antibiotiklar bilan.
Antibiotiklaridan keyingi ich qotishi
Antibiotiklardan foydalanish, albatta, ichak funktsiyalarining buzishga olib keladi. Ba’zi hollarda antibiotiklar terapiyasining nojo’ya ta’siri qabziyatdir. Buning patogenezi to’liq o’rganilinmagan, ehtimol bu yo’g’on ichakning asosiy funktsiyalari buzilishi tufaylidir.
Yo’g’on ichakning asosiy fiziologik vazifalari
- Hojat chiqarishdan oldin najas massalarini shakllantirish, defekatsiya qilishda ishtirok etish;
- Elektrolitlarning (suvning) reabsorbtsiyasi — ichakning bu funktsiyasi takrorlanmasdir, suvning shimilishi faqat yo’g’on ichakda bo’ladi;
- Ichakning saprofit mikroflorasi endoekologik biotsenozni shakllantirish: u ichak fiziologik faolligi, gormonlar sintezi, metabolitlarni zararsizlantirish va immun tizimi faollashtirish vazifasini bajaradi.
Shu tariqa, antibiotiklarni uzoq muddat qabul qilish (30 kun va undan ortiq) ich qotishi shaklidagi diskineziya bilan birga kechishi quyidagilarga bog’liq:
- Ichak disbakteriozi tufayli ichakning fiziologik faolligi pasayadi;
- Suvning reabsorbtsiyasi kuchayib, suvsiz ximus hosil bo’lishiga olib keladi;
- Yo’g’on ichakning peristaltikasining sekinlashishi va natijada yo’g’on ichakdagi tarkibning ushlanib qolishi.
Ich qotishini davolash
Qabziyatni davolashda davo-profilaktrik choralarning asosiy yo’nalishlari:
- Salbiy omillarni bartaraf etish, turmush tarzini o’zgartirish, tabiiy defekatsiya refleksini qayta tiklash;
- Muntazam ravishda mashg’ulotlarni tashkil etish;
- Ovqatlanish tartibini tuzatish (ratsioniga kletchatkani qo’shish);
- Ich surgilar bilan davolash;
- Fizioterapiya (ichak massaji, elektrostimulyatsiya).
Davolash strategiyasining dastlabki uchta punkti bemorga bog’liq. Turmush sharoitini yaxshilashda bemor uchun atrofidagi muammoni hal qilish katta rol o’ynashi mumkin. Jismoniy faoliyatni tashkil qilishda organizmning o’ziga xos xususiyatlariga e’tibor berish tavsiya etiladi. Toza havoda muntazam yurishlar ko’rsatiladi. Jismoniy tayyorgarligingiz yetarli daraja bo’lsa, siz yugurishingiz va suzishingiz mumkin. Velosipedda sayr qilish qarshi ko’rsatiladi.
Ich qotishida parhezga kelsak, kasallik o’tkirlashgan davrda foydalanish uchun ruxsat etiladigan meva nektarlari (iloji bo’lsa bemor yashayotgan hududda keng tarqalgan mevalardan), sut mahsulotlari, mineral suvlar, o’simlik moylari va sariyog’, qaynatilgan bug’doy va javdar kepagi. Statsionar sharoitida odatda Pevzner bo’yicha 3-maxsus parhez qo’llaniladi.
Hojat chiqarishni tartibga solishning muhim omillari:
- Tartibga rioya qilish (belgilangan vaqtda ovqatlanish);
- Yetarli miqdorda suyuqlik ichish (kuniga 2 litrgacha) ;
- Qorinni massaji (soat yo’nalishi bo’yicha aylanma harakatlar);
- To’g’ri defekatsiya refleksini shakllantirish (bir vaqtda hojatxonaga tashrif buyurish, qulay sharoitda, shoshilmasdan, qulay holatda defekatsiya qilish).
Dorilar bilan davolash
Retseptsiz chiqariladigan dorilarni ko’pligiga qaramay, ularni to’g’ri tanlash va ko’rsatma bo’yicha foydalanish kerakligini yodda tutish kerak.
Farmakologik ta’sir mexanizmi bo’yicha ich surgilar to’rt guruhga bo’linadi:
- Yo’g’on ichakning retseptorlarini ta’sirlantirish orqali ichni suradigan ta’sirga ega dorilar. Terapevtik ta’sir 6 soatdan keyin kuzatiladi, qabul qilish bir martalik defakatsiyani chaqiradi;
- Ichakdagi suvni saqlab qolish va ichakning tarkibini yumshatish qobiliyatiga ega preparatlar;
- Ichak tarkibini oshirish uchun dorilar, ular axlat massasi yetishmasligida yordam beradi;
- Moylar (masalan, qovoq moyi), ular sirg’aluvchi ta’siri ko’rsatadi va najas o’tishiga ko’maklashadi.
Ich qotishida fiziologik muolajalar shifokor ko’rsatmasi bo’yicha qo’llaniladi:
- Ichak elektrostimulyatysiyasi — samarali usul hisoblanadi, tamoyili ichak peristaltikasini chaqiruvchi nerv impulslarini ma’lum takroriy maromda elektrik signal bilan almashtirishdir. Muolaja qon aylanishini va ichak motor funktsiyasini yaxshilaydi;
- Qabziyatda massaj qilish. Elektr stimulyatori bilan bir xil cheklovlar mavjud. Massajni o’tkazish maxsus tayyorgarlikdan o’tgan mutaxassislarga ruxsat beriladi;
- IMT — ichakni monitoringli tozalash. Ichak bo’shlig’ida axlat toshlarni nazorat ostida olib tashlash muolajasi. Ichakning foydali florasiga hech qanday ta’sir ko’rsatmaydi. Ba’zan bifidobakteriyalar kursi bilan birga buyuriladi. Qabziyatning ayrim shakllari uchun ko’rsatiladi.
Ich qotishini oldini olish uchun muntazam va turlicha ovqatlaning, taomnomaga iloji boricha ko’proq kletchatka saqlagan mahsulotlarni kiriting. Ich suradigan dorilarni tez-tez qabul qilavermang, chunki ularga nisbatan o’rganish rivojlanishi mumkin va ichak tabiiy defakatsiya qobiliyatini yo’qotadi, o’ta og’ir hollarda esa bu kishi dorilarsiz hojat chiqara olmasligiga olib kelishi mumkin.
Assalomu Aleykum men anchadan beri qabziyatdan aziyat chekaman, men chet davlatda ishlayman, chet davlatda dori yoki doktor yordamida davolanish ancha qimmat turadi. Men qanday qilib uy sharoitida qabziyatni davolasam boladi shunga sizlarni tafsiyelar kerak.
Muammoni shifokorga uchramasdan mustaqil hal qilishni aslo tavsiya etmagan bo’lardik, chunki qabziyat faqat ovqatlanish va turmush tarziga bog’liq bo’lmasligi mumkin. Shunday bo’lsada, ba’zi bir tavsiyalarga amal qilish muammo jiddiy bo’lmagan hollarda yordam berishi mumkin:
Muammo uzoq vaqtdan buyon kuzatilayotgan ekan, tekshiruvlardan o’tish va farmakologik ich yumshatgichlar qabul qilish talab etiladi. Buning uchun esa shifokorga uchrashish kerak bo’ladi.
eng yaxshi yo‘li ko‘proq qizil lavlagi yeyish kerak