Qo’l kuyishi juda keng tarqalgan. Kuyish ko’pincha odatiy uy yumushlarini bajarayotganda sodir bo’ladi. Bu kir yuvish, ovqat tayyorlash yoki kiyimlarni dazmollash bo’lishi mumkin. Eng muhimi — qo’l kuyganda dastlabki soniyalarda nima qilish kerakligini bilish. Kuyishda birinchi yordam usullari asosan uning sababiga bog’liq.
Kuyish turlari
Birinchi yordam ko’rsatish bevosita kishining qancha shikastlanganligi va kuyish maydoniga bog’liq. Kuyish sababini, ya’ni shikastlanishning turini bilish ham muhimdir:
- Termik kuyish issiq predmetga tegish oqibatida yuzaga keladi (odatda dazmol, gaz plitasi va hokazolarga), shuningdek qizib turgan moy yoki qaynoq suv tegishida ham.
- Kimyoviy kuyish qo’l terisiga konsentratsiyalangan kislota, ishqor yoki boshqa agressiv modda sachrashida yuzaga keladi.
Bu holatda mustaqil davolash faqat terining butunligi buzilishi qo’l sirtining 10% dan oshmasa mumkin. Agar jarohat kengroq bo’lsa, faqatgina ixtisoslashgan shifoxona sharoitida oldini olish mumkin bo’lgan asoratlar rivojlanishi mumkin.
Birinchi darajali kuyishda qo’lning terisi bir oz qizaradi. Bu holat ma’lum vaqtdan so’ng o’z-o’zidan o’tib ketishi mumkin. Ikkinchi darajali kuyish pufak shakllanishi bilan kechadi. Qo’lning kuchli kuyishida davolashni mutaxassislarga qoldirish kerak, yuzaki kuyishlarni uy sharoitida ham muvaffaqiyatli davolash mumkin.
Bug’ yoki qaynab turgan suyuqlik bilan kuyishda yordam
Terining bir qismi kiyim ostida shikastlangan bo’lsa, uni yechish kerak. Kiyimni tezroq yechish keyinchalik yopishib qolish tufayli qo’shimcha jarohat yetmasligini ta’minlaydi.
Qaynoq suv bilan kuyishda tez yordam kelishigacha quyidagilarni qilishingiz kerak:
- Jarohatni sovutish va zarar yetkazuvchi omilni yanada chuqurroq kirishiga yo’l qo’ymaslik uchun kamida 10 daqiqa sovuq suv ostida yuvish;
- Sovuq qo’yish;
- Terini vodorod peroksidi yoki Xlorgeksidin bilan yuvish;
- Tiklanish uchun Pantenol yoki boshqa aerozolni qo’llash;
- Og’riq sindromini bartaraf qilish maqsadida og’riq qoldiruvchi qabul qilish mumkin;
- Qo’lning kuygan joyini quruq bog’lam bilan yopish.
Shish hosil bo’lmasligi uchun, qo’lingizni biroz ko’taring. Shikastlangan joyda pufakchalar paydo bo’lsa, shifokor ularni steril asbob bilan ochadi va sirtga antiseptik bilan ishlov beradi. Boylam muntazam ravishda almashtirilishi kerak. Ochiq jarohat yuzasi mavjud bo’lganda antibakterial malham, masalan, Levomekoldan foydalanish kerak.
Moy bilan kuyish
Agar qo’lga qizib turgan moy tegsa, uni darhol sovuq suv bilan yuvib tashlash kerak. So’ngra quyidagi amallar bajariladi:
- Bevosita zarar yetgan joyga spirt surtiladi;
- Yara ustiga aerozol qo’llaniladi;
- Dori preparati shimilganidan so’ng terini steril mato bilan qoplash kerak;
- Pufakchalarni mustaqil ravishda ochish tavsiya etilmaydi, chunki bu holda infektsiya tushishi mumkin.
Issiq dazmol bilan kuyishda
Odatda, dazmol bilan aloqa qilganda, shikastlanish maydoni juda kichik bo’ladi. Yordam ko’rsatish sxemasi bug’ yoki qaynoq suv bilan kuyishda ko’rsatilishi kerak bo’lgan shoshilinch choralardan farq qilmaydi, bunda:
- Kuyish joyini oqar sovuq suv bilan yuvib tashlang;
- To’qimalar tiklanishini tezlashtirish uchun dekspantenol yoki boshqa aerozolni qo’llang va bu amalni kuniga uch marta takrorlang;
- Yaraga antiseptik bilan ishlov berib, unga bog’lam qo’ying;
- Chuqur yara hosil bo’lsa, Solkoseril yoki Levomekol qo’llanilishi kerak.
Pufakchalar paydo bo’lishida mutaxassislarga murojaat qilish kerak, shuningdek jarohat joyiga yopishqoq lenta yopishtirmasligingiz lozim, chunki u yara yuzasini terlashiga va yiringlashiga olib keladi.
Kimyoviy kuyish
Qo’lga tasodifan kislota yoki ishqor tushsa nima qilish kerak? Bu yerda qaynoq suv yoki moy bilan teri kuyishida ko’rsatiladigan yordam usullaridan farq qiluvchi boshqa usul mavjud. Avvalo, ta’sirlangan teri qismini oqar suvda yaxshilab yuvib tashlash kerak (taxminan 20 daqiqa).
Teri sirtini mato yoki salfetka bilan artish kerak emas, chunki bu holda agressiv modda terining chuqur qatlamlariga kiradi.
Yuvishdan keyin kislota yoki ishqorni neytrallash kerak. Ishqoriy modda ta’sirini neytrallashtirish uchun suv bilan yuvishdan keyin jarohatni zaif kislota eritmasi bilan yuvish tavsiya etiladi. Eritma tayyorlanishi uchun bir stakan suvga bir choy qoshiq miqdorda sirka yoki limon kislotasi soling.
Agar qo’lga kislota tushsa, uni ishqorli eritma bilan neytrallash kerak. Suvda sovunni eritib, 250ml suvga bir choy qoshiq iste’mol sodasi qo’shing. Teri qoplami so’ndirilmagan ohak bilan shikastlansa, o’simlik moyi yoki 20% li shakar eritmasidan foydalanish tavsiya etiladi. Agar karbon kislota bilan kuyish bo’lsa, bu holda glitserin yoki ohakli suv samarali bo’ladi.
Birlamchi ishlov berishdan so’ng, infektsiyani oldini olish uchun kuygan joyga antibakterial xususiyatli malham qo’llash kerak.
Kuyishda yordam beradigan xalqona vositalar
Jarohat shifo topishini tezlashtirish uchun tabiiy masalliqlardan mustaqil ravishda bir nechta vositalarni tayyorlashingiz va undan foydalanishingiz mumkin:
- Bu holatda qariqizdan tayyorlangan balzam yaxshi foyda beradi. Tayyorlash uchun 250 gramm o’simlik moyiga maydalangan qariqiz ildizlarini qo’shish kerak. Ildiz yuvilib, aylana shaklida kesiladi. Issiq moyda taxminan 20 daqiqa ushlab turiladi, keyin sovutilib, suzib olinadi.
Mahsulot muzlatgichda saqlanishi kerak, uzoq vaqt saqlanishi mumkin. Bir necha kundan keyin balzam yashil rangga kirsa ajablanmang. Kuyish yuzasiga qo’llanilsa, og’riq sindromi darhol o’tib ketadi va jarohat tezda tuzaladi. Bunday vosita moy yoki bug’ bilan kuyishda ayniqsa samarali. - Ushbu muammoni hal qilishda oddiy xona geranidan foydalanishingiz mumkin. Uni kuyishning birinchi belgilarida qo’llash tavsiya etiladi. Buning uchun bargni ezish va bevosita kuyish yuzasiga qo’yish, usitdan bog’lash kerak. Kamida 2-3 soat ushlab turing.
- Tabiblar yuzaki kuyishda prostokvashadan foydalanishni tavsiya qiladi. Bundan tashqari, bu qo’llardagi kichik kesilishlarda ham shifo beradi. Davolash uchun prostokvasha salfetkaga qo’yiladi va teriga qo’llaniladi. Ushbu bog’lamni har ikki soatda almashtirish tavsiya etiladi.
Har qanday turdagi kuyishda dastlabki vaqtlarda bog’lam bilan yurish kerak, ayniqsa tunda. Bu infektsiyaning oldini olishga yordam beradi. Bir necha kundan so’ng bog’lamni olib tashlash mumkin, ammo yana bir muncha vaqt kuygan joyda hosil bo’lgan nozik teriga zarar yetkazmaslikka harakat qilish kerak.
Kundalik turmushda bajariladigan yumushlarda qo’lni kuydirib olish noyob holat emas, shuning uchun uyda bunday kuyishlarda birinchi yordam ko’rsatish uchun kerak bo’lgan dori vositalarini saqlash maqsadga muvofiqdir.