Bachadon bo’yni kistasi — reproduktiv yoshdagi ayollarda yuzaga keladigan juda keng tarqalgan kasallik hisoblanadi. Odatda, ushbu yoshdagi ayollarning 10-15 foizi bu kasallikdan aziyat chekishadi. Kista bachadon bo’yni bezlarining zichlanib tiqilib qolishi yoki kengayishi jarayonidir. Bachadon kanalida va qin qismida yallig’lanish yuzaga keladi va bezlarning shilliq ajralalib chiqadigan ariqchalari tiqilib qoladi. Natijada bez shilliq to’planishi tufayli kattalashadi, buni UTT yoki kolposkopiya yordamida kuzatish mumkin. Ushbu kasallik juda tez-tez qayd etilishiga qaramay, ayollar o’zlarida bu kasallikni kech aniqlashadi, odatda shunchaki ginekologga tashrif buyurganlarida.
Bachadon bo’yni kistasi belgilari va alomatlari
Qoida tariqasida, bachadon bo’yni kistasi aniq alomatlarga ega emas. Hayz siklida hech qanday o’zgarish kuzatilmaydi, og’riq va noqulaylik yo’q. Bemorlarning aksariyati kista mavjudligi haqida faqat ginekologga navbatdagi profilaktik tashrifi vaqtida bilishadi. Faqatgina shifokor tekshiruvi bu tashxisni tasdiqlashi yoki inkor etishi mumkin. Tashqi tomondan, kasallik quyidagicha ko’rinadi: bachadon bo’ynining transfomatsiyalanish zonasida kichik oq shilliq zich shakllanmalar joylashgan bo’ladi. Ular bir necha millimetrdan 3 sm gacha bo’lgan o’lchamlarga ega bo’lishi mumkin. Agar ayol endometrioid kistadan aziyat chekayotgan bo’lsa, bu kasallik menstrual sikl boshlanishidan bir necha kun oldin oz miqdorda qon ajralishi ko’rinishidagi alomatga ega bo’lishi mumkin.
Bachadon kistasi bo’lgan ayol uzoq vaqt davomida ginekologga tashrif buyurmagan bo’lsa va kasallik rivojlansa, u quyidagi belgilar bilan aniqlanishi mumkin:
- Hayz paytidan tashqari vaqtda ham qon ketishi;
- Qorinning pastki qismida sababsiz og’riqlar;
- Doimiy sherik bilan jinsiy aloqa paytida og’riqli hislar;
- Ehtirossiz ham qindan ajralmalar ajralishi.
Bachadon bo’yni kistasi sabablari
U yoki bu omil muqarrar ravishda kista rivojlanishiga olib keladi deb 100% ishonch bilan aytib bo’lmaydi, ammo kasallikning boshlanishi uchun ba’zi xavf omillarini keltirib o’tish mumkin:
- Tug’ruqlar. Agar chaqaloq tug’ilishi paytida bachadon bo’yni jarohatlangan bo’lsa, unda sog’ayish juda tez boshlanadi. Bu jarayon bezning noto’g’ri ishlashiga va uning ariqchalari yopilishiga sabab bo’lishi mumkin, bu esa kista shakllanishiga olib keladi.
- Abort. Kasallik shuningdek abort paytida yuzaga keladigan muammolar va ushbu jarayonga shifokorning kasbiy yondashuvi yo’qligi tufayli rivojlanishi mumkin.
- Menopauza. Agar ayol reproduktiv yoshdan asta-sekin chiqib keta boshlasa, uning bachadon qobig’i vaqt o’tishi bilan noziklashadi, bezlar esa ko’proq himoyasiz bo’ladi. Ular har qanday qo’zg’atuvchi omilga kuchliroq javob qaytaradi va shilliq ajratishni ko’paytiradi, bu esa o’z navbatida ariqchalar tiqilib qolishiga va kista hosil bo’lishiga olib keladi.
- Yuqumli kasalliklar. Reproduktiv tizimning har qanday infektsiyasi bu kasallikning boshlanishiga olib kelishi mumkin. Yallig’lanish boshlanganda bachadon to’qimalari va bezlari ariqchalarni tiqilib qolishiga va kista rivojlanishiga yordam beradi.
Ushbu ginekologik kasallikning yuzaga kelishining kamroq ehtimolli bir necha sabablari mavjud:
- Bachadon ichiga spiral kiritish;
- Modda almashinuvi va gormonal muammolar;
- Ortiqlardagi yallig’lanish jarayoni.
Bachadon bo’yni nabotov kistalari
Nabotov kistasi yoki bachadon bo’yni follikullari — bachadonning vaginal qismida kichik oq-sariq rangli shakllanmadir. Ushbu kasallik tufayli noqulayliklar sezmaydigan ko’plab ayollar, bu holat xavfli emasligiga ishonishadi va «o’z-o’zidan o’tib ketadi» deb hisoblashadi. Biroq, bu noto’g’ri tushuncha. Kista o’z-o’zidan o’tib ketmaydi va davolanishga vakolatli munosabatni talab qiladi.
Bachadon bo’yni va qinning bez hujayralari normada ma’lum miqdordagi sekretor suyuqlik hosil qiladi. Qin qismining bezlarini birinchi bo’lib Nabotov ifodalab bergan, shuning uchun kasallik uning nomi bilan qo’shib nomlanadi.
Nabotov kistalarning rivojlanishi sabablari noma’lum. Shifokorlar faqatgina kasallikning mavjudligini aniqlay olishadi. Biroq, ko’pchilik kista ba’zida quyidagilar tufayli paydo bo’lishi mumkinligini ta’kidlashadi:
- Tanosil a’zolarida surunkali yallig’lanish jarayonlari;
- Gormonal fon bilan bog’liq muammolar;
- Bachadon eroziyasi.
Ko’pincha kasallik ayollarda 25-45 yosh oralig’ida aniqlanadi. Bezlardagi ariqchalar tangachali epiteliy bilan yopilib qoladi va ular ichida katta miqdorda sekret to’planib qoladi. Shunday qilib ariqchalar hajmi oshadi va kista hosil bo’ladi. Kista bitta yoki ko’plab bo’lishi mumkin. Agar o’sma kichik bo’lsa, jarrohlik aralashuvi tayinlanmaydi, faqat muntazam tekshiruvdan o’tib turish buyuriladi. Agar ginekolog kistaning hajmi oshirib borayotganini qayd qilsa, ko’pincha uni olib tashlash uchun jarrohlik o’tkaziladi.
Nabotov kistasi alomatlari deyarli yo’q va kasallik o’zini namoyon qilmaydi. Odatda ayoldagi muammoni ginekolog tekshiruv vaqtida aniqlaydi. Agar nabotov kistasi tashxisi qo’yilgan bo’lsa, unda birinchi qadam tariqasida chuqur tekshiruvlardan o’tish kerak. Qoidaga ko’ra, aniqlash usullari ro’yxatiga urogenital infektsiyalarni aniqlash, kichik tos a’zolari ultratovush tekshiruvi, kolposkopiya, prekantseroz (saraton oldi) o’zgarishlar mavjudligini o’rganish uchun surtmalar olish kiradi.
Ko’pgina shifokorlar bu kasallik hech qanday aralashuvni talab qilmasligini aytishadi. Biroq, kista o’zidan-o’zi yo’qolmaydi va vaqti-vaqti bilan takrorlanishi mumkin. Nabotov kistalarini ba’zan ularni olib tashlash bilan davolashadi. Agar shifokor shunday yondashuvni talab qilsa, ushbu kasallikning tarqalishini oldini olish uchun uning ko’rsatmalariga quloq solish tavsiya etiladi. Bundan tashqari, kistani radioto’lqin yoki lazer terapiyasi bilan davolash mumkin. Ba’zan davolash dori-darmon va fizioterapiya bilan to’ldiriladi.
Kasallikning oldini olish haqida ham unutmaslik kerak. Buning uchun ginekologga yiliga kamida 2 marta tashrif buyurishingiz kerak, shunda kasallik paydo bo’lganida shifokor uni o’z vaqtida tashxislashi va davolashi mumkin.
Bachadon bo’ynining retentsion kistalari
Bachadon bo’yni kistalari turli xil bo’lib, kelib chiqishi va shakllanishiga ko’ra bir necha turga bo’linadi:
- Travmatik — to’qima o’zgarishi va jarohatlanishi natijasida;
- Neoplazmali — o’smalar rivojlanishi jarayonining buzilishi;
- Parazitar — parazitar organizmlarning hayotiy faoliyati tufayli shakllanadi;
- Disontogenetik — ko’pincha tug’ma individual kasalliklar natijasida;
- Retentsion — sekretsiya a’zolari kanalida sekret suyuqlikning ortiqcha bo’lishi sababli paydo bo’ladi.
Retentsion kistalar ba’zan tug’ma tabiatli bo’lishi mumkin, bu jarayon ona qornidaligidayoq boshlangan bo’ladi. Ushbu neoplazma endokrin yoki ekzokrin tizim shikastlanganda ayol hayotining har qanday davrida o’zi haqida xabar berishi mumkin. Kista quyidagicha shakllanadi: sekret quyqasi yoki boshqa yot tana bilan bez ariqchalari tiqilib qolishi yoki chandiq, o’sma tufayli ariqchaning ezilib qolishi natijasida sekret erkin oqib chiqa olmaydi. Ariqchalarda suyuqlik to’planib, uni kengaytiradi. Natijada kista hosil bo’ladi.
Ushbu kasallikning sabablari yallig’lanish jarayonlari, infektsiyalar, tug’ruq yoki abort natijasida olingan jarohatlar bo’lishi mumkin. Retentsion kistani aniqlash qiyin. Asosan, u o’zini hech qanday namoyon qilmasligi sababli. Ko’pchilik ayollarda ginekologik kasalliklarga xos bo’lgan qindan ajralma oqishi, hayz buzilishi, qorin pastida yoki jinsiy aloqa vaqtidagi og’riq kabi alomatlar kuzatilmaydi. Asimptomatik kasallik haqida ginekologga tashrif buyurgandan keyin xabar topiladi.
Ushbu kasallik aniqlanganda, shifokor uni nima keltirib chiqarganini, qanday davolash choralarini qo’llash va kasallik qaytalanishini oldini olish kerakligini tushunish uchun yanada chuqur tekshiruvlar o’tkazadi. Buning uchun:
- Kolposkopiya;
- Qin va bachadon bo’yni mikroflorasi o’rganish uchun surtmalar;
- Bakteriyalarni aniqlash: trixomonadlar, xlamidiya, mikoplazmalar va boshqalar.
Tajribali shifokor, agar gap bachadon bo’yni retentsion kistasi haqida borganda, bemor organizmining shaxsiy hususiyatlarini inobatga olgan holda kasallikni davolashga individual yondashadi. To’g’ri davolash usuli qo’llanilsa, bachadon bo’yni kistasi iz qoldirmasdan o’tib ketadi, bu a’zo vazifasi tiklanadi va bemorda jinsiy hayot bilan bog’liq, shuningdek homiladorlik, homila ko’tarish va tug’ruq bilan bog’liq muammolar yuzaga kelmaydi.
Shuni ta’kidlash kerakki, bugungi kunda shifokorlar davolash nuqtai nazaridan ikkita fikrning biriga amal qilishadi. Birlari keyinchalik nohush oqibatlarga olib kelishi mumkin bo’lgan kistaning yiringli jarayonga o’tib ketishini oldini olish uchun jarrohlik yo’li bilan uni olib tashlashni afzal bilishadi. Boshqalari, bu kasallik bachadonning mumkin bo’lgan holati va unga muqobil davolash kerak deb hisoblashadi. Har qanday alohida holatlar uchun ginekolog qaysi usulni tanlashga qaror qilishi kerak.
Bachadon kistasini tashxislash
UTT yoki ultratovush tekshiruvi — bachadon bo’yni kistasini tashxislash vaqtida eng muhim vositalardan biridir. U 100% hollarda buyuriladi va boshqa usullar bilan birgalikda qo’llaniladi: kichik tos organlari va ortiqlarini vizual tekshiruv, kolposkopiya, qin surtmasini olish. Ushbu tashxislash usuli bachadon bo’yni tarkibidagi o’zgarishlar, uning qon ta’minoti, kattaligi va o’smadagi o’zgarishlarni ko’rishga yordam beradi. Shu sababli, UTT yordamida faqatgina bachadon bo’yni kistasini emas, balki boshqa patologiyalarni ham aniqlash mumkin.
Bachadon bo’yni UT tekshiruvi ko’plab ayollarga tanish bo’lgan bachadonni UT tekshiruvdan farq qilmaydi. Bachadon bo’yni qorin orqali tekshirilganda, qorinning pastki qismiga maxsus gel surtiladi va UTT sensori qorin bo’ylab harakatlantiriladi. Agar UTTni ichidan qilish kerak bo’lsa, transvaginal sensor ishlatiladi. Sensorga gigiena qoidalariga ko’ra prezervativ kiydirilib, gel bilan qoplanadi va keraklicha foydalaniladi. Transvaginal usul qorin orqali tekshiruv to’liq tasvirni bermaganda qo’llaniladi. Har ikki usul ham og’riqli hissiyotlarni keltirib chiqarmaydi va bachadon bo’yni kistasi kasalligini aniqlashda yaxshi natijalar beradi.
Ayollar shifokor kista mavjudligiga shubha qilganida UTT dan qo’rqmasliklari yoki ushbu amaliyotni e’tiborsiz qoldirmasliklari kerak. UTT natijalari ginekologga bu kasallikni qanday qilib butunlay davolash va uni qaytalanishini oldini olish uchun qanday muolajalar o’tkazish kerakligini tushunishga yordam beradi.
Bachadon bo’yni kistasi oqibatlari va asoratlari
Bachadon bo’yni kistasi tashxisi qo’yilgan ko’plab ayollar ushbu kasallik tufayli xavotirga tushishadi va birinchi navbatda uning oqibatlari haqida o’ylashadi. Bu haqida keyingilarni aytsa bo’ladi. Kistani o’sma deb deb atashsa ham, u hech qachon o’zidan-o’zi onkologik kasallikka aylanmaydi va yomon sifatli emas. Biroq, ba’zida bachadon bo’yni shilliq qavatdagi oq o’smalarda bakteriyalar to’planadi va bu kistadan tashqari boshqa kasalliklarga ham olib kelishi mumkin — bachadon bo’yni, bachadon tanasi ichki qobig’ining yallig’lanishi va boshqalar. Bu kasalliklar o’ta xavfli va ko’pincha retsidivlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Ba’zida bachadon bo’yni kistasi juda katta hajmlarga yetishi va bu jinsiy aloqa paytida noqulaylik tug’dirishi mumkin. Haddan tashqari o’tib ketgan va beparvolik qilingan holatlarda bu kasallik ayollardagi bepushtlikka olib keladi. Bu kasallikning oqibatlari haqida barcha gap shu.
Agar kista homiladorlik paytida aniqlansa, u holda tashvishlanmaslik kerak. U homilani ko’tarish jarayoniga, uning kelajakdagi sog’lig’iga va onaning ahvoliga ta’sir qilmaydi. Odatda, shifokorlar davolashni ayol tug’ganidan keyin boshlashadi.
Bachadon bo’yni kistasini olib tashlash (jarrohlik)
Shifokor bachadon bo’yni kistasini tashxis qilgandan so’ng, ehtimol, uni jarrohlik usuli bilan olib tashlashni taklif qiladi, chunki dori vositalari kerakli natijani bermaydi. Buni eshitgan ayol odatda qo’rqib ketadi va bu kasallik jarrohlik zaruriyatini keltirib chiqaradigan darajada xavfli ekan deb qo’rqib ketadi. Lekin bundan qo’rqishingizga hojat yo’q. Kista o’zi sog’liq uchun zararli emas, lekin yiringli infiltratga aylanishi ehtimoli mavjud, bu esa og’riqli yallig’lanish jarayonlariga olib keladi. Ushbu jarayonlar bepushtlik yoki kelajakdagi homiladorlik bilan bog’liq muammolarga sababchi bo’lishi mumkin.
To’liq ishonch bilan kista tashxisini qo’yishdan oldin, koloskopiya va boshqa ko’riklardan otish kerak. Barcha tahlillar kerakli ko’rsatkichlarga ega bo’lganidagina, shifokor bachadon bo’yni kistasini jarrohlik usulini bilan olib tashlashni belgilaydi. Bunday operatsiya ambulatoriya sharoitida amalga oshiriladi va bemor shifoxonaga yotqizilmaydi. Odatda, jarrohlik o’tkazish hayz davrining oxirida, menstrual siklning birinchi yarmida belgilanadi.
Operatsiya quyidagi tarzda davom etadi. Avvalo ginekolog ayolni jarrohlik o’tkazish uchun tayyorlaydi. Keyin har bir kistada teshik hosil qiladi. Ushbu o’sma ichida shilliq to’plangan bo’lib, hosil qilingan teshik orqali u chiqib ketadi. Keyin kistaga qayta hosil bo’lishiga yo’l qo’ymaslik uchun maxsus eritma bilan ishlov beriladi. Bemor operatsiyadan bir necha soat o’tgach uyga ketishi mumkin. Operatsiya asoratlar keltirib chiqarmasligi kerak. Mumkin bo’lgan yagona narsa — qorinning pastki qismida 1-2 kundan keyin o’tib ketadigan og’riq, shuningdek, ko’p miqdorda bo’lmagan qon ketishlar. Bir necha kun ichida bu ajralmalar sarg’ish shilliq bilan almashishi mumkin, bu esa 7 kun ichida o’tib ketishi kerak. Tiklanish jarayoni tezroq kechishi uchun, kista olib tashlangandan 10 kun o’tgach, bemorga odatda vaginal shamchalar buyuriladi. Bu muddat ichida jinsiy aloqa qilishdan saqlanish kerak. Bir oydan so’ng, ayol rejali ko’rikka kelishi kerak.
Bachadon bo’yni kistasini boshqa usullar yordamida ham olib tashlash mumkin:
- Kuydirish — bu kasallikni davolash uchun ishlatiladigan eng mashhur usullardan biridir. Kistani turli xil dori vositlari yordamida kimyoviy va termal kuydirish mumkin.
- Radioto’lqin usuli — ko’pincha tez orada homilador bo’lishni rejalashtirayotgan yosh ayollar uchun tavsiya etiladigan juda yangi uslub. Kista maxsus apparat tomonidan ishlab chiqariladigan yuqori chastotali radioto’lqinlar yordamida yo’q qilinadi.
- Lazer usuli — lazer nurini ishlab chiqaruvchi qurilma yordamida amalga oshiriladi. Qurilmaning o’zi bachadon shilliq pardasi bilan bevosita aloqa qilmaydi. Bu usul keng qo’llanilmaydi.
- Krioterapiya — suyuq azot va past harorat ta’siri yordamida bachadon bo’yni kistasini davolash usulidir. Bu jarayon og’riqli his-tuyg’ularga olib kelmaydi va zamonaviy klinikalarda tez-tez qo’llaniladi.
Ko’rinib turibdiki, bugungi kunda bachadon bo’yni kistasidan qutulishning bir qancha usullari mavjud. Bemor uchun eng mosini shifokor tanlanishi kerak.
Bachadon bo’yni kistasini xalqona vositalar yordamida davolash
Shifokor tomonidan tavsiya etilgan davolashning asosiy usullaridan tashqari, siz an’anaviy tibbiyotdan ham foydalanishingiz mumkin. Biroq bu faqat qo’shimcha ravishda! Shifokorga tashrif buyurish va uning ko’rsatmalariga amal qilish majburiydir.
1-retsept. Buning uchun bir bosh o’rtacha kattalikdagi sarimsoq kerak bo’ladi, uni mahkam qilib dokaga o’rab, tampon tayyorlash kerak. Uni bir kechaga qinga kiritish kerak. Ushbu muolaja bir oy davomida amalga oshirilishi mumkin.
2-retsept. Yaxshilab qaynatilgan yettita tuxum olib, ulardan sarg’ini ajratib oling va maydalang, so’ng kukun holatigacha maydalangan bir stakan qovoq urug’lari bilan aralashtiring. Aralashmaga yarim litr pista moyi qo’shing va suv hammomiga qo’yib, aralashtirib qizdiring. Tayyor vositani 5 kun davomida ertalab 1 choy qoshiqdan iste’mol qiling, so’ng 5 kunlik tanaffus oling va shu tariqa toki vosita tugamagunicha.
3-retsept. Shuncha yong’oq to’sig’i (mag’zini bir-biridan ajratib turuvchi qismi) olingki, ularni maydalaganda 4 osh qoshiq chiqishi kerak. Maydalangan yong’oq to’sig’iga 3 stakan qaynoq suv soling, olovga qo’ying va yana 20 daqiqa qaynatib oling. So’ngra qaynatmani sovitib, suvini suzib olish kerak. Uni yarim stakandan kuniga 2-3 marta ichish kerak.
4-retsept. Buning uchun ikki bog’lam qariqiz barglari kerak bo’ladi. Ularni go’sht qiymalagichdan o’tkazib, bo’tqa holatiga olib kelish kerak. So’ng undan sharbatini yaxshilab siqib oling. Ushbu preparat bilan davolash quyidagi tarzda amalga oshiriladi:
- Birinchi ikki kun — 1 choy qoshiqdan kuniga 2 marta ichish;
- Keyingi ikki kun — 1 choy qoshiqdan kuniga 3 marta ichish;
- Shundan so’ng — 1 osh qoshiqdan kuniga 3 marta ichish.
Qariqiz bilan davolanish kursi bir oy davom etadi.
Agar kasallik qaytalansa, qariqiz sharbati bilan davolashni ham takrorlash mumkin. Sharbatni qorong’i, salqin joyda, qopqoqli toza idishda saqlang. Eng yaxshi natijaga erishish uchun qariqiz bilan davolanish quyidagi usul bilan birlashtirilishi mumkin.
5-retsept. Buning uchun 2 osh qoshiq yangi akas (akatsiya) gullari, 1 stakan 40% li spirt kerak. O’simlik gullari toza idishlarga joylashtiriladi va spirt bilan to’ldiriladi. Shundan so’ng aralashmani chetda qoldiring. Keyin mayin doka yoki ingichka elak yordamida suzib oling. Akatsiya bilan davolash kursi bir oy davom etadi. Eritma quyidagicha qabul qilinadi — eritmaning 1 qismini 2 qism qaynatilgan suv bilan nisbatda aralashtirish kerak. Kuniga 3 marta 1 osh qoshiqdan ichiladi.
6-retsept. Har xil o’simlik to’plamlari ham bachadon bo’yni kistasi bilan kurashishda yordam berishi mumkin. Kasallikni davolash uchun siz quyidagilardan tashkil topgan to’plamdan foydalanishingiz mumkin:
- Suv — 1 stakan;
- Dorixona moychechagi — 3 choy qoshiq;
- Chakanda barglari — 3 choy qoshiq;
- Qichitqi barglari — 5 choy qoshiq;
- Qoncho’p (chistotel) — 3 choy qoshiq;
- Na’matak mevalari — 3 choy qoshiq;
- Zubturum barglari — 5 choy qoshiq.
Barcha dorivor o’simliklar ezilishi va quritilishi kerak. Keyin idish qaynoq suv bilan isitib olinib, barcha o’tlar idishga solinadi. To’plam bir stakan qaynoq suv bilan to’ldiriladi. Idishni qopqoq (yoki sochiq) bilan yopib qo’yib, kamida 6 soat davomida shunday qoldirish kerak. Keyin suyuqlik kuniga 2 marta 1 choy qoshiqdan ichiladi.
7-retsept. Ayollar tomonidan ijobiy baholangan yana bir foydali xalq tabobati vositasi bir yonli otiliya (borovaya matka) yoki zyuznik o’tidan iborat. Bu damlamani tayyorlash qiyin emas. Buning uchun 1 osh qoshiq o’simlikni bir stakan qaynoq suvga qo’shib, yaxshilab aralashtirishingiz kerak. Keyin bu suyuqlik termos yoki o’ralgan idish ichida kamida 3 soat davomida damlanadi. Damlama uchdan bir stakandan ovqatdan oldin kuniga 3 marta qabul qilinadi. O’simliklardan almashtirilib foydalanish mumkin. Birinchi hafta otiliya damlamasini ichish, ikkinchi hafta esa zyuznik damlamasini. O’tlar bilan davolash kursi 4-5 haftadan oshmasligi kerak.
Yana bir bor ta’kidlash joizki, xalq tabobtati yordamida davolash usulini shifokor maslahatisiz tanlab bo’lmaydi. Avvalo, tashxis qo’yish kerak, keyin esa an’anaviy davolanish kerak. Xalq tibbiyot retseptlari qo’shimcha sifatida ishlatilishi mumkin.
Tuxumni sarig’i bn tayyorlangan aralashma 5 kundan keyin aynib qolmaydimi?
Saqlash sharoitiga amal qilish kerak, ustini ochiq qoldirmang, iflos buyumlar solmang, iloji bo’lsa muzlatkichning eng pastki qavatida usti yopiq holda saqlang.