Endometrioz — bachadon bo’shlig’ining ichki qavati, uning yuzasi, shuningdek boshqa a’zo to’qimalarida endometriy (bachadon devori ichki qavati) hujayralarining o’sishi bilan tavsiflanadigan kasallik. Endometriy o’sish o’chog’i joylashuviga qarab genital endometrioz (o’z ichiga bachadon endometriozini ham oladi) va ekstragenital endometrioz shakllari ajratiladi. Ommaviy qarashlarga qaramasdan, bu kasallik nafaqat jinsiy yetuk ayollarda, balki o’smirlarda va erkaklar orasida ham qayd qilinishi mumkin. Ammo ayollar orasida endometriozning tarqalganligini inobatga olib (reproduktiv yoshdagi ayollarning uchdan biri ushbu kasallikdan aziyat chekadilar), bu kasallikni «ayollar kasalligi» deb atash mumkin.
Endometrioz rivojlanishi sabablari
Kasallikning rivojlanishi uchun ikkita asosiy omil kerak:
- Mo’ljallanmagan joyda tug’ma anomaliyalar yoki menstrual ajralmalar kirishi orqali endometriy hujayralarining mavjudligi;
- Estrogen gormoni sekretsiyasini kuchayishi bilan birga kechadigan gormonal buzilishlar.
Hozirgi vaqtda endometriy to’qimalari zarralarining tarqalishi, va, natijada endometrioz o’choqlarining tarqalishi sabablarini tushuntirib beruvchi bir nechta qarashlar mavjud. Ular quyidagilar:
- Menstruatsiya vaqtida endometriy hujayralarining transportirovkasi va ularning keyinchalik bachadonning sirtki qatlamiga, bachadon bo’yni to’qimalariga, qin devorlariga, tashqi jinsiy a’zolarga birikib o’rnashishi, shuningdek, retrograd menstruatsiya sababli endometriy to’qimalarini tuxumdon, qorin bo’shlig’i sohasiga, tos a’zolariga otilishi;
- Endometrioz bilan shikastlanib bo’lgan to’qimalarning limfa oqimi orqali tarqalishi nazariyasi bachadon bo’shlig’i bilan boshqa boshqa yo’llar orqali aloqasi bo’lmagan a’zo va to’qimalarda patologik o’choqlarning joylashganligini tushuntiradi;
- Siydik-tanosil tiziming qoldiq rudiment embrional to’qimalari transformatsiya qilmasliklari mumkin va boshqa a’zolarda kam miqdorda qolib, salbiy omillar ta’siri ostida patologik faollik rivojlantirishlari mumkin. Ushbu nazariya homila ona qornidaligida siydik-tanosil tizimining hamma hujayralari jinsiy o’ziga xoslikni olmagan bo’lsa, erkaklarda endometrioz rivojlanishining epizodlarini tushuntiradi. Erkaklarda endometrioz o’choqlari rivojlanish ehtimoli estrogenlarni qabul qilishda ancha ko’tariladi, masalan, prostata bezi o’simtali kasalliklarini davolashda;
- Kasallik uchun irsiy moyillik nazariyasi ham mavjud.
Quyidagi omillar endometriy o’sishi patologik o’choqlarining rivojlanishi ehtimolini sezilarli darajada oshiradi:
- Kichik tos va reproduktiv tizim a’zolarida tez-tez sodir bo’ladigan infektsion va yallig’lanishli jarayonlar;
- Neoplazmalar, o’smalar, bachadon miomasi;
- Operativ manipulyatsiyalar, invaziv muolajalar (kesarcha kesish, jarrohlik aralashuvi, abort, bachadon bo’shlig’ini tozalash, bachadon eroziyasini operativ davolash va hokazo);
- Asoratli tug’ruq jarayoni;
- Endokrin buzilishlar, turli xil etiologiyali gormonal disbalanslar;
- Anemiya, immun himoya buzilishlari;
- Chekish, spirtli ichimliklarni, kofeinli ichimliklar va preparatlarni ortiqcha iste’mol qilish.
Endometrioz alomatlari
Endometriozdagi simptomatik tasvir sezilmas, xira bo’lishi, boshqa kasalliklar va disfunktsiyalarning alomatlariga o’xshashi, ayrim ayollarda umuman alomatlarsiz kechishi mumkin. Faqatgina endometriozga xos bo’lgan spetsifik belgilar mavjud emas, ammo bachadon va reproduktiv a’zolarda endometriy o’sishini quyidagi alomatlarga asoslanib shubha ostiga olish mumkin:
- Qorinning pastki qismida og’riq, ba’zan yorqin namoyon bo’ladi va uzoq davom etadi, chov va belga tarqalishi mumkin, bu «surunkali tos og’riqlari» deb ataladi;
- Og’riqning jinsiy aloqa, defakatsiya, ginekologik tekshiruvlar vaqtida kuchayishi;
- Ko’p ajralma kelishli (anemiya hollariga qadar) uzoq davom etadigan og’riqli hayz, menstrual siklning buzilishi;
- Birlamchi, ikkilamchi bepushtlik.
Agar endometriy to’qimalari reproduktiv a’zolardan tashqarida joylashgan bo’lsa, lokalizatsiyasi o’rniga qarab, burun qonashi, so’lakda, siydikda, balg’amda, axlatda, ko’z yoshda qon mavjudligi, kindikdan qon chiqishi kabi alomatlar kuzatilishi mumkin.
Endometriozlarning tasnifi
Bachadon tanasi endometriozi
Ichki genital endometrioz va adenomioz ko’proq ixtisoslashtirilgan diagnostikada endometriy hujayralarining o’sishi, ularning bachadon mushak qatlamiga, to seroz membranaga qadar o’sib kirishi bilan ajralib turadi. Bu kabi hodisada hayz paytida ko’p qon yo’qotish, anemiyaga olib keladigan bachadondan qon ketishi, sezilarli og’riq sindromi qayd qilinadi. Ko’pincha adenomioz ayollarning bepushtligi sababchisi bo’lib, homiladorlik boshlanishiga va / yoki homila ko’tarishga to’sqinlik qiladi.
Endometriozni davolash gormonal dori vositalarini belgilash bilan boshlanadi. Davolashdan naf bo’lmasa, operativ davolashga (endometriyning o’sish o’choqlarini olib tashlash, kuydirish bo’yicha operativ manipulyatsiyalar) murojaat qilinadi. Mutlaqo aniq ko’rsatmalar va kasallik sog’liqqa tahdid solishida endometriozning o’tib ketgan bosqichlari bachadonning bir qismi yoki butun a’zoni operativ tarzda olib tashlashni talab qilishi mumkin.
Bachadon bo’yni endometriozi
Bachadon bo’ynida endometriy hujayralarining o’sib ketishi hollarining ko’payganligini mutaxassislar eroziyani davolash uchun jarrohlik aralashuvlar o’tkazish bilan bog’lamoqda. Bachadon bo’ynida kuydirish yoki boshqa manipulyatsiyalar hayzdan oldingi davrda amalga oshirilgan bo’lsa, endometriy hujarlararining menstrual ajralmalar bilan transportirovkasi vaqtida birikib o’sib ketishi ehtimoli mavjud.
Endometriozning bunday joylashuvida odatiy alomat — sikllar o’rtasida qonli ajralmalar, shuningdek, hayz paytida kuchaygan og’riqlar.
Bachadon bo’yni endometriozini davolash ham gormonal terapiyaga va zarurat bo’lganda jarrohlik aralashuvlariga asoslangan.
Tuxumdon endometriozi
Tuxumdon to’qimalarining endometrioid kistalar bilan shikastlanishi — endometriozning eng keng tarqalgan shakllaridan biridir. Tuxumdonlarning endometriozida organizmning reproduktiv funktsiyasi buziladi: tuxumdondagi kistalar ovulyatsiya jarayoniga to’sqinlik qiladi.
Tuxumdonlarning shikastlanishi follikullar zahirasining kamayishi, ayollarning bepushtligi bilan xavfli hisoblanadi. Asosiy alomat — qorinning pastki qismida o’tkir og’riqlar sezilishi, ayniqsa jinsiy aloqa paytida yoki undan keyin. Tuxumdonlarning endometriozi UTT yordami bilan aniqlanadi. Menstrual sikl davomida tekshiruv bir necha bor amalga oshiriladi, bu endometrioid va funktsional kistalarni farqlash uchun kerak.
Tuxumdonlar endometriozi tashxisi tasdiqlangach, laparoskopiya usuli bilan operativ davolash belgilanadi. Bunda o’zgargan to’qimaning bir qismi, kistaning o’zi yoki agar endometriy tuxumdonlarning ahamiyatli qismiga ta’sir qilgan bo’lsa, butun tuxumdon olib tashlanadi.
Qorinparda endometriozi
Ichki genital shakldan farqli o’laroq, ekstragenital endometrioz shakli ham mavjud. Endometriy o’sishi o’chog’ining tos sohasi, qorinparda, lekin jinsiy a’zolardan tashqarida lokalizatsiyalanishida qorinparda (peritoneal) endometriozi haqida gapiriladi. Uning kelib chiqishi etiologiyasi retrograd hayzda endometriy hujayralarning transportirovkasi, endometriozning boshqa o’choqlaridan hujayralarning chiqishi, shuningdek homilaning rivojlanish davridagi anomaliyalari bilan bog’liq.
Peritoneal endometriozdagi alomatlar ham tos hududidagi og’riq hissi bilan namoyon bo’ladi, og’riq jinsiy aloqa, defakatsiya, hayz vaqtida paydo bo’ladi yoki kuchayadi. Kasallikning ushbu shaklini tashxislash juda qiyin, ko’pincha peritoneal endometrioz o’choqlari terapevtik yoki diagnostik operatsiya vaqtida aniqlanadi.
Qin endometriozining sabablari va belgilari
Bachadon endometriozi nafaqat a’zoning bo’yiniga, balki qinga ham tarqalishi mumkin, ayniqsa, qinda yallig’lanish jarayonlari, yaralar, yuzaning yaxlitligini buzgan jarohatlar mavjud bo’lsa.
Kasallikning klinik ko’rinishi jinsiy aloqada qon ketish va og’riqli his-tuyg’ular, hayz kelishida og’riqning qinda joylashishidir.
Tashxislash bemorlarni ginekologik tekshiruvdan o’tkazish va tadqiq qilish uchun materiallar olish orqali amalga oshiriladi. Terapiya usuli — medikamentoz davolash, gormonal preparatlarni tayinlash, dorivor preparatlardan samara bo’lmagan holda, olib tashlash, kuydirish uchun jarrohlik muolajalari o’tkazishdir.
Endometriozning rektovaginal shakli
Kasallikning aralash shakli, bunda jinsiy a’zolarning shikastlanishi, bachadon tanasi, bachadon bo’yni, qin endometriozi birlashadi, endometrioid to’qimalarning to’g’ri ichak hududiga o’sib kirishi kuzatiladi.
Kasallikning bunday turi sezilarli og’riq sindromi bilan ajralib turadi, ayniqsa, defeksatsiya vaqtida, shuningdek, hayz ko’rish paytida najasda qon aralashmalari mavjudligi bu shaklga xosdir. Tashxis rektal tekshiruv yordamida qo’yiladi, davolash jarrohlik yo’li bilan amalga oshiriladi.
Qovuq endometriozi xususiyatlari
Qovuq (siydik pufagi) devorlarining endometriy bilan shikastlanishi kamdan-kam hollarda kuzatiladi. Kasallikning ushbu shakli rivojanishining sabablari orasida hayz paytida qonning endometriy hujayralari bilan retrograd otilishi, endometriyning bachadon devor orqali o’sib chiqishi, boshqa a’zolarning endometrioid kistalari bilan hujayralar tarqalishi ajratiladi.
Ba’zan kasallik alomatlarsiz tarzda kechishi va faqatgina boshqa ko’rsatmalarga ko’ra qorin bo’shlig’i jarrohligini qo’llashda tashxislanishi mumkin. Biroq, qovuqning orqa devorida yoki siydik yo’li teshigida endometriy o’sishi qayd qilinganda siydik chiqarishda og’riq, qiynchiliklar, undashning tezlashuvi, og’irlik hissi yuzga kelishi mumkin, ayniqsa hayzdan oldingi davrda.
Bunday klinik tasvir ko’pincha sistit deya noto’g’ri tashxis qo’yish va shunga tegishli davolash choralarini qo’llashga sabab bo’ladi. Sistitni davolash choralariga javob qaytarmaydigan ushbu kasallik rivojlanib borishi bilan siydikda qon paydo bo’ladi, og’riq kuchayadi. Tashxisini to’g’ri shakllantirishni osonlashtirish uchun, alomatlar va hayz siklining korrelyatsiyasiga e’tibor berish kerak. Yakuniy tashxis sistoskopiya usuli yordamida qo’yiladi.
Endometriozni davolash
Endometriozni davolashni eng oddiy, arzon va eng kam invaziv usullardan boshlash tavsiya etiladi.
Og’riqni qoldirish
Endometriozdagi og’riq sindromi bemorlarning hayot sifatini sezilarli darajada pasaytiradi, shuning uchun og’riqni bartaraf etishga yetarlicha e’tibor berish kerak. Buning uchun oddiy analgetiklar (paratsetamol) va NYQP ishlatiladi. 2003 yilda platsebo bilan taqqoslaganda algodismenoreyani davolashda NYQPning samaradorligini oshkor etuvchi sistematik tekshiruv o’tkazildi. Tadqiqotda qatnashgan ayollarning katta ulushi endometriozga uchraganligi juda muhim.
Kombinativ oral kontraseptivlarni og’riqli sindromda beradigan nafi borasida juda kam dalillar mavjud, ammo ular hozirgacha qo’llanilmoqda va samarali hisoblanadi.
Tadqiqot natijalariga asoslanib, progesteron preparatlari samaradorligi endometriozning tasdiqlangan tashxisiga ega bo’lganda qo’llaniladigan boshqa dorilar samaradorligi bilan bir xil. Ulardan ushbu kasallikda foydalanish yaxshi tolerantlik va oz sonli nojo’ya ta’sir tufayli mos bo’ladi.
Gormonal terapiya
Endometriozni medikamentoz davolash laparoskopik davolash usullari paydo bo’lishidan oldin amalda keng mavjud edi. Tasdiqlangan endometriozni davolash uchun samarasi isbotlangan asosiy dorilar quyidagilardir:
- Progestin (progesteron) preparatlari, masalan, dienogest;
- Monofazali kombinativ oral kontratseptivlar;
- Danazol;
- Gestrinon (Nemestran);
- Gonadotropin rilizing-gormon agonistlari (masalan, Dekapeptil depo — mikrokapsulalangan triptorelin va diferelin — oddiy triptorelin).
Ushbu dorilarning birontasi eng yuqori samardorlikka ega ekanligi borasida dalillar yo’q. Tanlov nojo’ya ta’sirlar spektri, shaxsiy intolerantlik va narx asosida amalga oshiriladi. Ushbu dorilar jarrohlikka tayyorgarlik ko’rishda samara berishi haqida dalillar mavjud, shuningdek, operatsiyadan keyingi davrda ulardan foydalanish ancha uzoq og’riq qoldiruvchi ta’sir qilishi haqida ham.
Jarrohlik yordamida davolash
Bu jarrohlik usullaridan biri yordamida endometrioz o’choqlarini (tugunlarni) to’liq olib tashlashni nazarda tutadi. Hozirgi vaqtda rezektsiya, elektrokoagulyatsiya, lazerli vaporizatsiya qo’llanilmoqda. Ularning barchasi isbotlangan ta’sirga ega, lekin birining ikkinchisidan ahamiyatli ustunligi haqida ishonchli ma’lumotlar aniqlanmagan. Ko’pgina jarrohlar rezektsiya barcha tugunlarni butunlay olib tashlash imkonini beradi deb hisoblashadi, ayniqsa katta o’lchamdagilarni, xususan, vaporizatsiya yoki elektrokoagulatsiyadan so’ng ular butunlay yo’qolib ketmasligi ham mumkin. Bu usul, shuningdek, bir vaqtning o’zida biopsiya uchun material olish imkonini ham beradi.
Tuxumdonning endometrioid kistalari to’liq olib tashlanishli ekstsiziya eng yaxshi usul sanaladi. Ushbu operatsiyadan keyingi simptomatik yengillik drenajlash va ablyatsiyadan ancha ustunroq turishi isbotlangan, shuningdek, bir vaqtning o’zida noyob tuxumdon o’smalari mavjudligini istisno qilish maqsadida gistologik tekshiruv uchun materiallar olish imkonini beradi.
Ichak, siydik pufagi va Duglas makoni jalb etilgan endometriozning og’ir bosqichlarida operatsiya ginekologik laparoskopiyaga ixtisoslashgan yirik ginekologik markazlarda o’tkazilishi kerak, iloji bo’lsa urolog va kolorektal jarroh nazorati ostida. Bunday hollarda operatsiya ichakni, me’dani rezektsiya qilish va siyik yo’llarini reimplantatsiyasini o’z ichiga olishi mumkin. Bachadon va ortiqlarni olib tashlash hozirgi vaqtda tobora kamroq qo’llanilmoqda, ko’plab metodikalar faqat endometrioz o’choqlarini olib tashlash va tos sohasining normal anatomiyasini tiklashga qaratilgan.
Endometriozning asoratlari va oldini olish
Endometrioz holatlarining yarmi bepushtlik bilan birga kechadi. Bu quyidagi omillar bilan bog’liq:
- Gormonal o’zgarishlar natijasida ovulyatsiyaning buzilishi;
- Bachadon naylarida endometriozning hosil bo’lishi, shuningdek, endometrioz sababli tos a’zolarining yallig’lanish jarayonlari naylarning obstruktsiyasi, deformatsiyasiga olib keladi, bu esa tuxum hujayraning urug’lanishiga to’sqinlik qiladi;
- Bachadon ichi endometriozida tuxum hujayra implantatsiyasi jarayoni buziladi, bu homiladorlikning dastlabki bosqichlarida tugatilishiga olib keladi;
- Tuxumdonlar endometriozida kistoz shakllanma follikullarning yetilishiga to’sqinlik qiladi va ovarial zaxiraning kamayib ketishiga olib keladi;
- Endometrioz o’choqlari nafaqat ayollarning sog’lig’iga salbiy ta’sir ko’rsatadi, balki homila uchun toksik moddalarni chiqaradi.
Homilani ko’tarish gormonal kasalliklar tufayli qiyinlashadi, ichki va tashqi jinsiy a’zolarning endometriozi bo’lganda tug’ruq ko’pincha patologik, sog’liq uchun xavfli bo’lgan asoratlar bilan o’tadi.
Endometriozning boshqa keng tarqalgan asoratlari orasida muntazam qon yo’qotish tufayli anemiya, peritonit mavjud, shuningdek, endometriy o’choqlaridagi asab tolalari zararlanadi, bu esa nevrologik buziilishlarga olib keladi.
Endometriozdan reproduktiv yoshdagi ayollarning 30 foizi aziyat chekadi. Kasallikni irsiy tabiati qisman tasdiqlanganligiga qaramasdan, endometrioz profilaktikasi kasallikning rivojlanishini oldini oladi yoki sekinlashtiradi.
Kasallikni keltirib chiqaradigan eng muhim omillardan biri immunitetning pasayishi hisoblanadi. Mutaxassislar endometrioz bilan kasallanmaslik uchun to’g’ri ovqatlanish, zararli odatlardan voz kechish va jismoniy faollikni e’tiborsiz qoldirmaslikni tavsiya qiladilar.
Endometriozning erta bosqichlarini tashxislash va o’z vaqtida davolash ham profilaktika choralariga tegishli. Ginekologga muntazam ravishda tashrif buyurish, bachadon bo’yni, qin holatini tekshirtirish, kontratseptivlarni to’g’ri tanlash endometriozga chalinishni oldini olish yoki endometrioz va boshqa kasalliklarni erta bosqichda aniqlash va davolashni ta’minlaydi